Din go’zal axloqdir

Olamda insondan fazilatli va mukarram birorta mahluq yo’q. Inson yaratilibdiki, butun umri davomida o’zidan biror narsa qoldirishga urinadi. butun jism-u joni bilan yaxshi ishlar qilishga harakat qiladi.

Inson jismida eng fazilatli va sharafli a’zo qalbdir. Insonning insoniyligi qalbi bilan, ko’ngil musaffoligi bilandir.

Qalb ma’rifat o’rnidir. Insonning boshqa mahluqotlardan yuksakligi aynan ma’rifat tufaylidir. Inson qalbi bilan Alloh subhanahu va taologa iymon keltiradi va Unga yaqin bo’ladi.

Dinimiz har bir insonga o’z qalbini asrashni buyuradi. O’zgalar qalbiga tajovuz qilishdan qaytaradi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

۝ خُذْ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنْ الْجَاهِلِينَ ۝

“Ey Muhammad, marhamatli bo’ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o’giring”. (A’rof surasi 119-oyat)

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:

“Chiroyli xulq sizdan bordi-keldini uzib qo’ygan kishiga silai rahm qilishingiz, sizni mahrum etganga berishingiz, zulm qilganni kechirishingizdir.”

Demak yaxshi muomala va samimiy munosabat qalblarga sevinch bag’ishlaydi, hamda kishilik jamiyatida silai rahmni mustahkamlaydi.

Qalbni quvontirish ibodat sanaladi. Hadisi qudsiyda bunday marhamat qilinadi:

“Farz amallarni ado qilishdan so’ng musulmon qalbini xursand qilishdan ortiq amal yo’q.” Bu fazilatli, ulug’ ish ekani Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ko’p bora ta’kidlangan.

So’fi Allohyor yozadilar:

Kel, ey obid, o’zingni aylagil xok,

     Haromu shubhadan xulqingni qil pok.

Ochiq qo’llik, kushoda yuzli bo’lgil,

Muruvvatlik, muloyim so’zli bo’lgil.

Xushxulq, go’zal tabiatli, yaxshi fe’l-atvorli bo’lish odamlarning ulug’ g’oyalaridir. Inson shu maqsadiga erishgach, insonlik darajasiga kamolotga yetadi. Islom dini odamlarga xushxulqni talqin etadi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Din go’zal axloqdir”, deb marhamat qildilar. Chunki, din insonni zalolatdan, yomonlikdan uzoqlashtiruvchi, xushxulqqa etkazuvchidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Bir sahobiy Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan xushxulq xususida so’radi: “Yo Rasululloh! Go’zal axloq nima?” Shunda Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Xafalashgan bilan so’zlashmog’ing, seni mahrum etganga bermog’ing, senga zulm qilganni avf etmog’ingdir” dedilar.”

Shirin so’z, yordam, ko’ngli yarimlarga malham bo’luvchi, barcha dillarga shodlik urug’ini, xursandlik nurini sepuvchi eng buyuk yaxshilikdir. G’ussali ko’ngillar shirin so’z va yordam bilan quvvatlanadilar.

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham butun hayotlari davomida ko’ngli yarimlarni, ma’yuslarning ko’ngillarini ko’tarar, shirin so’zlar aytib xursand qilar edilar, muhtojlardan yordamlarini ayamas edilar.

Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday keltiriladi: “Bir kun Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xonai saodatlariga bir tilanchi keldi. Oisha roziyallohu anho onamizning unga biror narsa bermaganlarini bilgach, juda mutaassir bo’ldilar. Onamizga murojaat qilib: “Ey Oisha! Yarimta xurmo bilan bo’lsa ham, do’zaxdan saqlanishga harakat qil. Shuni ham topa olmasang yaxshi so’z ayt!” dedilar.(Buxoriy rivoyati)

Ma’lum bo’lyaptiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doim bandalik yo’lini tutganlar. Butun hayotlari davomida ana shu dasturga amal qildilar, eng nozik, eng shirin va to’g’ri so’zlari yarador qalblarga malham bo’ldi. Ko’ngli yarimlarni ko’nglini ko’tardilar, ko’nglini oldilar. Shunday ekan, bizlarga ham Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam tutgan yo’ldan yurish, u zotning go’zal axloqlariga ergashish lozim boladi.

Xadichai Kubro ayol qizlar o’rta

maxsux islom muassasasi o’quvchisi

Xodjayeva Zilola

Мулоҳаза билдириш

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*