MO’MINNING SAFARI

Haj islom dinining beshinchi rukni hisoblanadi.

Alloh taolo Oli Imron surasida shunday degan:

“Odamlardan yoʻlga qodir boʻlganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir. Kimki kufr keltirsa, albatta, Alloh olamlardan behojatdir“(97-oyat).

“Haj“ soʻzi lugʻatda “ulugʻ narsani qasd qilish“ degan maʼnoni anglatadi. Islom shariatida esa maxsus makonda maxsus amallar bilan maxsus ibodatni ado etishdir. Yaʼni haj maxsus zamon Zulhijja oyining toʻqqizinchi kuni Arofatda turish orqali ado etiladi, boshqa vaqtda uni ado etib boʻlmaydi. Maxsus makondan murod esa, Alloh taolo tomonidan iroda qilingan joylar tushuniladi. Xususan, haj ibodatini qilishni hoxlagan banda Masjidul Harom, Arofat, Muzdalifa, Mino kabi joylarda belgilangan ibodatlarni ado etishi lozim boʻladi. Maxsus amallar boʻlsa faqat haj uchun xos boʻlgan ehrom kiyish, tavof qilish, Safo va Marva orasida saʼy qilish, tosh otish va yana bir qancha amallardir.

Hajni ado etish har bir hur, sogʻ-salomat, koʻzi koʻradigan, oqil va balogʻatga yetgan, hajga borib kelguncha yetadigan hayot kechirish uchun kerak boʻladigan va yoʻl harajatlariga ega boʻlgan musulmon odam uchun umri davomida bir marta ado etilishi lozim boʻlgan farz amaldir. Bunda yoʻldagi omonlik va ayol kishi uchun mahram boʻlishi ham lozimdir.

Hajda musulmon omonlik yurti boʻlgan, Alloh taolo Oʻz kalomida   “ Ummul Quro“- “Shaharlarning onasi“ deb vasf etgan muqaddas shahar – Makkaga safar qiladi. Allohga ruh va vujud hamohangligida taqvo ila ibodat qiladi. Har kuni bir necha bor namozlarida yuzlanayotgani Kaʼbani tavof qiladi. Hajda insonlarni millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar islom dini birlashtirib turgani namoyon boʻladi. Dunyoning barcha tarafidan Allohning uyiga oshiqayotgan musulmonlar birgalikda bu ibodatni ado etadilar. Hattoki ehrom bogʻlab bir xil libosda boʻladilar.

Haj ibodatini qilish hammaga ham nasib qilavermaydi, zero yuqorida koʻrsatilgan shartlar oʻzida mujassam boʻlar ekan fursatni gʻanimat bilib uni ado etmoqqa shoshilish lozim. Ado etganda ham Alloh buyurganidek, Oʻzi rozi boʻladigan holda ado etish lozim. Bu borada Paygʻambarimiz alayhissalom koʻrsatmalariga amal qilishimiz zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh soʻz aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi uni tuqqan kundek qaytadi“, dedilar“. Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Haj odatda kishiga umri davomida bir marta beriladigan fursat. Hoji buni anglab yetmogʻi, buning uchun unga hajda zarur boʻladigan ilmlarni oʻrganmogʻi lozim boʻladi. Yuqorida oʻtgan hadisda ham saqlanishi lozim boʻlgan amallardan bir nechtasi keltirildi. Zero, hajni niyat qilgandan boshlab gunohlardan onadan tugʻilgan paytdagidek pok boʻlish harakatiga tushish kerak. Yana riyo va gunoh ishlardan xoli boʻlgan, sahiylik hamda husni xulq ila ado etilgan – hajji mabrurning mukofoti jannatdir. Moʻminning safari boʻlmish hajni mabrur holatda ado etish barchaga nasib etsin.

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o’rta maxsus

islom ta’lim muassasasi 4- kurs talabasi

Rayimqulova Yulduzoy

Мулоҳаза билдириш

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*