EHROM MA’N QILGAN NARSALAR

Haj yoki umra uchun ehrom bogʻlagan kishiga baʼzi narsalar taʼqiqlangan. Harom qilingan amallarning baʼzisi Qurʼon oyatlari, baʼzisi sunnat bilan sobit boʻlgan.

Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday deydi:

“Kimki ularda oʻziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yoʻqdir“ (Baqara surasi, 197- oyat).

  1. Shahvoniy ish yaʼni jimo va unga olib boruvchi amallarni qilish.
  2. Fisq – shariatda gunoh sanalgan, odobsizlikka kiruvchi amallarni qilish va Alloh taoloning itoatidan chiqaradigan gunoh ishlarni qilishdir.
  3. Hamrohlar, sheriklar, va xodimlar bilan xusumatlashish va janjallashish.

Alloh taolo aytadi:

“Modomiki, ehromda ekansiz, sizga quruqlik ovi xarom qilindi. Huzurida toʻplanadiganingiz Allohga taqvo qiling“( Moida surasi 96-oyat).

  1. Demak, yuqorida keltirilgan oyatga koʻra ehromdagi kishiga quruqlik ov hayvonlarini oʻldirish, ularni ovchiga ishora qilib koʻrsatish va yoʻllab qoʻyish man qilingan.

Endi sunnat bilan sobit boʻlgan, ehromli kishiga taʼqiqlangan amallarga keladigan boʻlsak, ular quyidagilardan iborat:

  1. Xushboʻylanish. Yaʼni moy surtish, xino qoʻyish, xushboʻy sovunlardan foydalanish, rayhon va mevalarni hidlash kabi ishlar.
  2. Tirnoqlarni olish.
  3. Tikilgan narsa, salla va xushboʻy narsa bilan boʻyalgan kiyim kiyish.
  4. Bosh va soqolni xitmiy bilan yuvish. Xitmiy bu soch va soqolni yuvishda foydalanilgan oʻsimlik boʻlib, undagi jonzotlarni ketkazish uchun ishlatilgan.
  5. Soch va soqolni qisqartirish yoki olish.
  6. Yuz va boshni toʻsish.
  7. Ayollarning niqob yoki qoʻlqop kiyishi.

Yuqorida keltirib oʻtilgan ishlarni qilib qoʻygan kishi shariatda belgilangan miqdorda kafforatni bajarishi lozim boʻladi.

Abon ibn Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“ Otamning “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ehromli kishi nikohlanmaydi, nikohlamaydi va sovchi qoʻymaydi“, dedilar“, deganini eshitganman“.

Ehromdagi kishiga uylanish yoki ayol kishi boʻlsa turmushga chiqishi mumkin emas. Hanafiy ulamolari “ Nikoh aqdini qilsa boʻladi, ammo, birga yashamay turadi“, deganlar. Boshqa birovning nikohida valiy, vakil yoki shunga oʻxshash nikoh ishlarida hal qiluvchi kishi sifatida ishtirok etish mumkin emas. Ulamolarimiz Ehromli kishining sovchi qoʻyishi makruh deganlar.

Har bir haj va umra uchun ehrom bogʻlagan kishi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan amallarni yaxshi bilib olishi va ulardan saqlanishi lozimdir. Zero, hajni xatolardan xoli holda ado etish ulkan ajru savoblarga yetishtiradi.

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar

o’rta maxsus islom taʼlim muassasi    

4-kurs talabasi Rayimqulova Yulduzoy

Мулоҳаза билдириш

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*