Hadisi qudsiyning Qur’ondan farqli jihatlari

Hadisi qudsiy so’zidagi “qudsiy” lafzi lug’atda “al-qudus” kalimasidan olingan boʻlib, pok, pokiza degan ma’noni anglatadi. Alloh taoloning zoti qudusiyasiga nisbat berilgan hadis “hadisi qudsiy” deyiladi.
Istelohda esa Alloh taologa nisbat berilgan va Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan naql qilingan hadis “hadisi qudsiy” deyiladi.
Xo’sh, hadisi qudsiy Alloh taologa nisbat berilar ekan unda uning Qur’oni Karim bilan farqi nimada?
Hadisi qudsiy bilan Qurʼoni Karim orasida bir nechta farqlar boʻlib, ulardan mashhurlari quyidagilar:
1. Qurʼonning lafzi ham, ma’nosi ham Alloh taolodan boʻladi. Hadisi qudsiyning ma’nosi Alloh taolodan, lafzi esa Rosululloh sallallohu alayhi va sallamdan boʻladi.
2. Qurʼonning tilovati ibodat boʻlib, namoz va boshqa ibodatlarda qiroat qilinadi. Hadisi qudsiyning qiroati esa ibodat hisoblanmaydi.
3. Qurʼon faqat mutavotir yoʻl bilangina sobit boʻladi. Hadisi qudsiyda esa mutavotir xabar boʻlishi shart qilinmagan.
Alloh taolo hadisi qudsiyda kelgan maʼnoni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiy orqali solgan. Rosululloh sallallohu alayhi vasallam esa undagi ma’noni o’z iboralari ila ta’bir qilib, nutq qilganlar.
Abdurrauf Munoviyning “Al-ithafatus-saniyatu bil ahadisil qudsiyati” nomli kitobi hadisi qudsiy borasida yozilgan eng mashhur kitob sanaladi. Muallif ushbu asarda 272ta qudsiy hadisni jamlagan. Aslida ham hadisi qudsiylar nabaviy hadislarchalik ko’p emas. Ularning soni ikki yuzdan oshiq, xolos.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus taʼlim muassasasi

Мулоҳаза билдириш

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*