MARHUMLARGA TILOVAT SAVOBINI BAG’ISHLASH JOIZMI?

Ahli sunnat ta’limoti bo’yicha tiriklarni qilgan yaxshi amallari albatta, marhumlarga ham yetib boradi. Bu e’tiqod xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Lekin keyingi paytlarda “musulmon kishini o’liklarga qilgan duolari va tilovatlari yetib bormaydi, bunday qilish shirkdir” qabilidagi gaplar quloqqa chalinib turibdi. Bu ig’volar bilan xalqimizning shuncha vaqtlardan buyon qilib kelayotdan amallarini yo’qqa chiqarish emasmi?! Vaholanki, tilovat savobini yetib borishi ummatning ijmosi bilan isbotlangan. Imom Navaviy r.a. o’zlarining mashhur “Al-azkor” asarida aytadilar: “Tiriklar duosining o’tganlarga manfaati bor, amallarining savobi ham yetib boradi deb ulamolar ijmo qilganlar.” Shuningdek, Imom Navaviy Imom Shofe’iydan quyidagicha rivoyat qiladilar: “Mayyitning qabri oldida Qur’on oyatlaridan o’qish mustahab, agar Qur’onning hammasini o’qib, xatm qilinsa, yanada yaxshi bo’ladi”. Mashhur hadislarda Rosuli Akram s.a.v. ning : ” Ey Robbim, Baqi’y qabristoni ahlini kechirgin” deb qilgan duolari keladi. Bu ham albatta, marhumlar haqqiga duo qilish joizligiga yaqqol dalildir. Yana bir hadis sharifda Ma’qal ibn Yosir r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Rosululloh s.a.v. : “O’liklaringizga Yosin surasini o’qinglar”, dedilar”.
Bu kabi hujjatlarni yana ko’plab keltirish mumkin. Qadimdan musulmonlar o’qilgan oyatlar savobi marhumlarga yetadi, deb e’tiqod qilib kelgan. Keyingi paytlarda soxta salafiylar paydo bo’ldi-yu, ummat qabristonlari payhon qilindi. Musulmonlar avval mushrikka chiqarildi, keyin esa alloma-yu, avliyolarni qabrlari buzib tashlandi. Birdam musulmonlar o’rtasida dushmanlik urug’i sochildi. Vaholanki, islom tinchlik omonlik dinidir. Vayronkorlikka emas, balki bunyodkorlikka da’vat etadi, ig’vo-yu tuxmatlarni qoralab, birdamlikka, ummatning ulug’lariga ergashishga chaqiradigan dindir!

Мулоҳаза билдириш

Your email address will not be published. Required fields are marked *

*