HAYZ KO‘RIB TURGAN AYOL QUR’ONNI QIROAT QILISHI
Hayz holatidagi ayolning qur’on tilovat qilishi mumkin emasligiga, harom qilinganligiga jumhur ulamolar ittifoq qilganlar. Imomlardan Molik rahmatullohi alayh mazhablarida va zohiriylarda bunga ruxsat berilgan.
Hanafiy mazhabidagi ayollar boshqa mazhabning qavlini o‘zlaricha tanlashlari mumkin emas. SHariat qoidasiga ko‘ra har bir mazhabga oid shaxs o‘z mazhabining hukmlaridan boshqasiga amal qilishi mumkin emas.
Mazhabimizga doir manbalarda quyidagicha keltiriladi:
Junub va nifosli shaxs kabi, hayzli shaxs ham, kichik betoharatga xilof o‘laroq, qiroat qilmaydi.
YA’ni, junub, nifosli va hayzli shaxslar Qur’on qiroat qilishlari aslo mumkin emas.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم قَالَ: لاَ تَقْرَأِ الْحَائِضُ وَلاَ الْجُنُبُ شَيْئًا مِنْ الْقُرْآنِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
“Hayzli ayol ham, junub ham Qur’ondan hech narsani qiroat qilmaydi”, – dedilar”.
Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Ammo hayzli ayol ta’lim uchun harf-harf qilib o‘qisa joizligiga ulamolar fatvo berganlar.
Bundan tashqari hayzli ayol qur’ondagi duo yoki tasbeh oyatlarini duo qilish ma’nosida aytishi mumkin. Masalan bismillahir rohmanir rohim, Alhamdulillah, Subhanalloh va boshqa ko‘plab duo oyatlarini bemalol aytishi mumkin. Ochiq turgan mushafga qarashi va ichida o‘qishi mumkin, tilovat qilmasa bo‘ldi ya’ni eshitiladigan darajada pichirlab o‘qish mumkin emas. Qur’on tilovatini tinglashi mumkin. Qur’on ma’nolarining tarjimalarini ichida ham ovoz chiqarib ham o‘qishi mumkin.
Toharatsiz kishi Mushafni ushlamay qiroat qilsa bo‘ladi.
Ularning barchasi Mushafni ushlamaydi. YA’ni, junub, nifosli va hayzli shaxs hamda kichik betoharat kishi Mushafni ushlamaydi. Mushafni betahorat ushlash mumkin emasligiga barcha ittifoq qilgan.
Alloh taolo “Voqi’a” surasida:
“Uni faqat poklanganlargina ushlaydir”, degan (79-oyat).
Mazkurlarning barchalari pok emaslar.
Illo, yopishmagan g‘ilof ila ushlash bundan mustasno.
Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda Abu Voil o‘zining hayzli xodimasini Raziynning oldiga borib Mushafni olib kelishga yuborishi va u g‘ilof ila olib kelishi aytilgan.
Kiyimning engi bilan ushlash makruhdir.
CHunki, kiyim ushlovchiniki va uning bir bo‘lagi hisoblanadi.
Qur’oni Karimning suvda oqishi, kuyishi, najosatga tushishi kabi xavflar bo‘lsa, mazkur kishilar uni asrash uchungina ushlashlari mumkin.
Qur’onni toharatsiz varaqlab ham bo‘lmaydi. Qalamga o‘xshash narsa bilan varaqlashga ruxsat bor. Kichik bolalar ushlasa bo‘ladi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
katta o’qituvchisi S.Ibragimova