15.03.2022
315

Shar’iy ilmlarni o’rganishda “Mantiq” faninig ahamiyati

Ilmlar aqliy va naqliy turlarga bo’linadi. Aqliy ilmlarga fizika, himiya, falsafa kabi fikr va aqlga suyaniladigan fanlar kiradi. Naqliy ilmlar esa Qur’on, hadis, tafsir kabi naqllarga suyaniladigan shar’iy ilmlardan tashkil topadi. Mantiq fani ham aqliy ilmlar doirasidan hisoblanadi. 

Mantiq fani fan sifatida dastlab Yunonistonda paydo bo’ldi. Suqrot, Aflotun, Arastu kabi faylasuflar bu fan bilan chuqur shug’ullangan. Mantiq faniga doir ilk asarlar Arastu tomonidan yozilib, tizimli shaklga keltirilgan. Keyinchalik musulmon o’lkalarga Abbosiylar xalifaligi davrida kirib kelgan. Avval grek tilidagi asarlar suryoniy tiliga so’ngra arab tiliga tarjima qilindi. Musulmon ulamolari mantiq fanini juda kerakli fan deb baholab, uni o’rganishga kirishishdi. Endi musulmon ulamolari bu fanga oid o’zlarining asarlarini ta’lif qila boshladilar. Tez orada mantiq fani islom o’lkalarida ilm ahli orasida keng tarqaldi, o’rganilishi kerak bo’lgan fanlar qatoriga kiritildi. 

Mantiq faniga fikrlashda zehnni xatodan saqlashga xizmat qiladigan ilm deb ta’rif beriladi. Bu fan insonni narsalarga to’g’ri tarif berish, to’g’ri qiyos qilish, xato xulosalar chiqarishdan saqlaydi. Mantiqiy qoiadalarga amal qilish kishini teran fikrlashni o’rgatadi. 

Har bir fan aniqlik, tartib va to’g’ri xulosalarga ega bo’lishi lozim va bu esa ma’lum bir qonun qoidalarga amal qilish orqali yuzaga keladi. Mana shu qonun-qoidalarni o’rgatadigan ilm mantiq ilmidir. Biz kundalik hayotimizda ba’zi gaplarga nisbatan “Bu gap to’g’ri”, “Bu fikr mantiqqa to’g’ri keladi”, degan gaplarni aytamiz. Bunda o’sha gapni gapirgan odam o’z fikrlarini teran va aniq ravshan so’zlab, to’g’ri ifodalay olganini anglatadi. Demak, mantiq fani so’zlar va gaplarning to’g’ri va xatosini ajratib berar ekan. Biroq, shu o’rinda mantiq fani bilan grammatik qonun qoidalarni farqlab olishimiz kerak. Grammatika va morfologiya til vositalari, uning lug‘at va bo‘linishlari bilan, mantiq esa bu tildagi fikrlar bilan bog‘liq bo‘lib, bu esa Forobiyning quyidagi so’zlarining ma’nosidir: “Bizning maqsadimiz aqlni, xatoga yo’l qo’yish mumkin bo’lgan barcha hollarda, to’g’ri tafakkurga yеtaklaydigan, uning yordamida har safar xulosa chiqarayotganda adashishga qarshi ehtiyot choralarini ko’rsatadigan san’atni - mantiq ilmini o'rganishdir. Uning asosiy qonun-qoidalarining aqlga bo’lgan munosabati grammatika san’ati qoidalarining tilga bo’lgan munosabatiga o’xshash. Xuddi grammatika kishilarning tilini tog’irlash ehtiyoji sababli yaratilgani, unga xizmat qilishi zarur bo’lgani singari, mantiq ham tafakkur jarayonini yaxshi amalga oshirish maqsadida xatoga yo’l qo’yish mumkin bo’lgan barcha hollarda aqlni to’g’irlab turadi”.

Mantiq fani shar’iy ilmlar orasida eng ko’p Kalom ilmida katta ahamiyatga egadir. Shuningdek, usulul fiqh fanida ham mantiq ilmidan keng foydalaniladi. Bizgacha yetib kelgan shariat ilmiga doir asarlarning deyarli barchasi mantiqiy istelohlardan xoli emas. Ularni to’liq anglay olish uchun inson bu ilmni o’rganishga muhtoj bo’ladi. 

Mantiq ilmining ahamiyati qanchalik katta ekanini bilishimiz uchun buyuk ulamolarning bu haqidagi fikrlarini bilish kifoya qiladi. 

Hujjatul islom, buyuk musulmon faylasufi Imom G’azzoliy: “Kim mantiq fanini bilmasa, uning ilmiga ishonch yo’q”, deb aytadi.

Sa’duddin Taftazoniy: “Shar’iy ilmlardan birinchi bo’lib Kalom ilmi, so’ng usul ilmi o’rganiladi. Ammo, kim mantiq ilmidan mahrum bo’lsa, bu ikki ilmdan ham mahrum bo’libdi, garchi o’zini zamonasining eng bilimdon kishisi deb hisoblasa ham”.

Mavlono Asadulloh Oxundzoda: “Kim mantiq faniga be’etibor bo’lsa va unga diqqat qaratmasa, ilmiy kitoblardan, xususan mutaqaddim ulamolarning kitoblaridan foyda ololmaydi. U xuddi chorvasini ekinsiz vodiyda yetaklab ketayotgan kishiga o’xshaydi”.

Ubaydulloh ibn Mas’ud ilm talab qiluvchilarga xitob o’laroq aytadiki: “Ey mantiq fanini yomon ko’ruvchi, hayo qil! Qiyin bo’lgani sababli mantiq fanini tashlab qo’yasanmi?! Har bir ishda osonlik va yengillikni xohlab erkalik qilasanmi?! Ilmiy boyliklarga qo’l siltab, ularni dengizga uloqtirasanmi?! Shubha yo’q-ki, zakiy kishi mantiqga muhtoj emas, ahmoq esa undan foydalana olmaydi. Ammo, Kalom ilmi va Shofe’iy usulini tushunishda biror kishi mantiqdan behojat bo’lolmayd!”.

 

Xadichai Kubro ayol qizlar o’rta maxsus

 islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

Nigmatova Mohira

 

 

Другие новости

Mantiq fanining paydo bo`lishi va rivojlanish bosqichlari
16.01.2022 544
Har bir fan kabi mantiq fani ham o`z shakllanish va rivojlanish tarixiga ega. Mantiqqa oid dastlabki atamalar Qadimgi Sharq mamlakatlarida, xususan, Hindiston, Xitoyda vujudga keldi. Biroq Yunon faylasuflari mantiq fanini...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry