Bola tarbiyasida chaqaloqlik davriga e’tibor
Farzand tarbiyasi dinimizda vojib amallardan biri sanaladi. Biz eng ko‘p ishlatadigan “tarbiya”, “murabbiy” so‘zlari o‘zagi “Robb” kalimasidan olingan bo‘lib, Alloh ismlaridan biridir. Demak, tarbiya – faqat ta'sir, tartib yoki nazorat, taftish emas, balki u ilohiy amaldir. Fotiha surasining birinchi oyati olamlarning Robbisi Allohga hamd aytish bilan boshlanadi. Agar Alloh murabbiyligi, ya'ni nazorati, kuzatuvini bir lahza to‘xtatsa, olamlar izdan chiqib ketadi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq yuz foiz onaga bog‘langan bo‘ladi. Chaqaloq tug‘ilganda unga qo‘pol munosabatda bo‘linsa yoki ahamiyat berilmasa, bu farzand kelajakda o‘zini “hyech kimman”, “men yo‘qman” yoki “yomonman” deb o‘ylaydi. Insonda “Primator hudud” mavjud bo‘lib, u miyadagi ko‘zgu neyronlari hisoblanadi va u inson tug‘ilishi bilan yoqiladi. Go‘dak har bir harakatda onaga taqlid qila boshlaydi. Aynan shu miya ko‘zgu neyronlari deyiladi. Shuning uchun chaqaloqni emizayotganda yoki u bilan muloqotga kirishganda uning ko‘zlariga qarash uning kutilgan, xohlangan farzand ekanini his qildirish shart.
Chaqaloq dunyoni onasining unga bo’lgan mehribonchiliklari orqali anglay boshlaydi. Undagi shartli va shartsiz reflekslarning kerakli darajada shakllanishi va amalga oshishi onaning bolaga ko’rsatayotgan mehr-muhabbatiga bo’g’liq bo’ladi.
Uch oylik bolalarda emotsional ranglar shakllanadi. Shu sabab bolada o‘zini anglash, ya'ni emotsional intellekt shakllanadi. Bolaning onadan ajralishi uni stress holatiga olib kelishi mumkin. Bu holat ikki ko‘rinishda aks etadi:
- Ishlaydigan yoki o‘qiydigan onalarda ona 8 soatgacha farzanddan ajralsa, qolgan vaqt u onaning bag‘rida bo‘lsa, bola to‘liq stressni yashab o‘tmaydi. Unda bu stressni yengib o‘tishga kuch bo‘ladi.
- Doimiy stressda bo‘lishi. Ya'ni umuman onani bag‘ridan uzilgan bola. Bu bolalarda stressni yashab o‘tishga kuch qolmaydi. Dunyo statistikasi bo‘yicha juda ko‘p, ya'ni 80% 1 yoshgacha bo‘lgan yetim bolalar orasida olamdan o‘tish holatlari uchraydi. Agar u tirik qolsa ham unda juda kuchli psixologik travma hosil bo‘ladi. Bu stress turidagi bolalarda yana 5, 6 yoshgacha ham o‘z o‘zini boshqara olmaslik, doimiy asabiylik, chuqur nafas ololmaslik, hotirjam bo‘la olmaslik holatlari kuzatiladi.
Har bir bola ota-onasi bilan birgalikda vaqt o‘tkazishni istaydi. Bu o‘zaro munosabat o‘rnatish uchun juda muhimdir. O‘zaro aloqa o‘rnatmasdan intizom o‘rnatish mumkin bo‘lmaganidek, bu xatti-harakat intizomning poydevori hisoblanadi. Lekin bugungi taraqqiyot davrida ota-onalar farzandlariga ko‘p vaqt ajrata olishmayapti, nazarimda.
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, har kuni bolalar bilan kamida 30 daqiqa birga vaqtini o‘tkazgan onalarning so‘zlari yanada ta'sirliroq chiqishi, farzandlari bilan yanada yaxshiroq, erkinroq munosabatda bo‘lishlari va ularning yanada baxtliroq bo‘lishlarini isbotlagan. Shuning uchun bir kunda, hech bo‘lmasa, 30 daqiqa vaqt ajratish onalar uchun ovqat pishirish, uyquni rejalashtirishdek muhim va zarur.
Hayotda zimmamizda farzand tarbiyasidan muhimroq vazifa yo‘q. Farzandni dunyoga keltirish mashaqqatini his qilmaydigan ona bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, jonimizni garovga qo‘yib erishgan Yaratgan in'omi – farzandlarimiz tarbiyasida e'tiborliroq bo‘laylik. Zero, bizdan talab qilinadigani – go‘zal axloq, ulkan sabr, foydali ilm va albatta xushmuomalalikdir!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus
islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi Bositova Shaxodat