27.05.2022
346

Farzand tarbiyasidagi qadriyatlar

 

Sharq xalqlarida qadimdan kattalarni hurmat qilish, kichiklarga izzatda bo‘lish, insofli bo‘lish, rostgo‘ylik, xushmuomalalik, mehmondo‘stlik kishining odob-axloqini ko‘rsatib beruvchi qoidalar sifatida amal qilinib keladi.

Bu axloq qoidalari har bir shaxsda to‘liq namoyon bo‘lgan taqdirdagina u ma’naviy barkamol shaxs hisoblanadi.

Demakki, u jamiyat oldidagi, kishilar oldidagi insoniylik burchini ado etgan hisoblanadi.

Burch muhim axloqiy-ma’naviy qadriyat hisoblanib, har bir shaxsning jamiyat oldidagi fuqarolik, ota-ona oldidagi farzandlik, xalq, millat oldidagi insonparvarlik, jamoatchilik oldidagi odamiylik vazifalarini bajarish demakdir.

Siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixida, asosan, inson huquqlari va erkinliklariga e’tibor berilsa-da, yaqin-yaqingacha bola huquqlari muammolariga yetarli ahamiyat berilmas edi. Faqat XX asrning birinchi yarmidan boshlab mazkur masalada xalqaro hujjatlar qabul qilina boshlangan. Jumladan, 1923 yilda angliyalik Eglantayn Djebb tomonidan asos solingan «Bolalarni qutqaring» Xalqaro Kengashi, keyinchalik «Bola huquqlari to’g’risidagi Deklarasiya» (1959), «Bola huquqlari to’g’risidagi Konvensiya» (1989) va boshqa bir qator xalqaro huquqiy hujjatlar fikrimizning isboti bo’la oladi.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, bir holatni alohida faxr va iftixor bilan qayd etish lozim. Bolalar huquqlariga sakkiz yuz yil avval Movarounnahrda katta e’tibor berilgan. Bola huquqlarini himoya qilish bo’yicha sivilizasiyalar tarixida jizzaxlik faqih Majduddin al-Ustrushaniyning 625/1228 yil 28 iyulda yozib tugatgan «Jomi’ ahkom as-sig’or» asari mazkur yo’nalishdagi ilk huquqiy manba bo’lgan deyishimiz mumkin.

Musulmon olamida Majduddin al-Ustrushaniydan keyin bolalar haq-huquqlariga taalluqli fiqhiy asar deyarli yozilmadi. Shu nuqtai nazardan qaralganda allomaning «Jomi’ ahkom as-sig’or» asari bolalarning huquqlari xususida yozilgan deyarli yagona fiqhiy asar, deb xulosa qilishga haqlimiz.

Ammo bolalarga taalluqli hadislar to’plami mavjud bo’lib, u imom Shamsuddin Muhammad ibn Abi Bakr ibn al-Qayyim al-Javziya (691-751/1292-1350 y.)ning «Tuhfat al-mavdud bi ahkom al-mavlud» asaridir. Bu asar 17 bobdan iborat bo’lib, unda bola so’rashning mustahabligi, qiz bolalardan g’azablanishning makruhligi, farzand xushxabarini yetkazish, chaqaloq qulog’iga azon va iqomat aytish, bolaning tanglayini ko’tarish, aqiqa va uning hukmlari va u haqidagi ixtiloflar, bola sochini olish va soch og’irligicha sadaqa berish, ism qo’yish vaqti va majburiyligi, bolani xatna qilish va uning hukmlari, quloq teshish hukmi, bolalarning ovqat yeyish odoblari, emizikli bolaning so’lagiga doir hukmlar, bolalarni o’pish, ularga odob va ilm berish, bolalarni tarbiyalashdagi boshqa foydali masalalarni o’z ichiga olgan muxtasar asardir.

«Jomi’ ahkom as-sig’or» asarida fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli shar’iy fatvolar yig’ib, tizimlashtirilgan va batartib jamlangan. Bu asar dunyoga kelishi uchun Majduddin al-Ustrushaniy hanafiy mazhabining o’z davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarining fikrlarini mujassam qilgan. Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

«Jomi’ ahkom as-sig’or» islom huquqshunosligiga oid qimmatli manba bo’lgani bois, uning qo’lyozma nusxalari dunyoning turli mamlakatlariga keng tarqalgan. Ushbu asar ilk bora 1982 yil Iroq Respublikasida professor Abdulhamid Abdulxoliq al-Bayzaliy tomonidan nashr qilingan. Nashrni amalga oshirishda AQShning Prinston universiteti (№1704), Iroqning Bag’dod shahridagi «Iroq milliy muzeyi» (№ 9626/1) va Markaziy vaqflar (№3741/1, №7460/1) hamda Movsul shahridagi «al-Ahmadiyya» markaziy vaqf (№9/7) kutubxonalarida saqlanayotgan 5 ta qo’lyozmadan foydalanilgan.

Ushbu asarning ikki jildga bo’lingan ikkinchi nashri Misr poytaxti Qohirada professor Abu Mus’ab al-Badriy hamda «al-Azhar» universiteti o’qituvchisi Mahmud Abdurrahmon Abdulmunim tomonidan tayyorlangan. Unda tadqiqotchilar asarning birinchi nashridan va unga qo’shimcha holda Misrning «Dor al-kutub» kutubxonasida №901 raqamli qo’lyozma va №9334 raqam ostida saqlanayotgan mikrofilmdan ham foydalanganlar.

«Jomi’ ahkom as-sig’or»ning o’n bitta qo’lyozma nusxasi mavjud bo’lib, ulardan chet el kutubxonalarining fondlarida saqlanuvchi olti nusxasi ilmiy adabiyotda yaxshi ma’lum. Ammo asarning Toshkentdagi №6245, 9634, 10409, 8955 va 12723/II raqamlari ostida saqlanayotgan besh nusxasi ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib kelgan, ammo mazkur nusxalarning ham ilmiy ahamiyati yuqoridir.

«Jomi’ ahkom as-sig’or» asarining Misr nashri haqida xulosa qilib aytish mumkinki, asar juda ko’plab xato va kamchiliklar bilan nashr qilingan. Shu bois Toshkentdagi besh nusxa va Misr nashri asosida mazkur asarning uchinchi nashri 2010 yil va to’rtinchi to’ldirilgan matni esa 2013 yilda O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va tarix fanlari nomzodi Muslim Ataevlar tomonidan nashr etildi.

Islom huquqshunosligi asosida bitilgan ushbu asarda bolalar huquqlari bo’yicha kelib chiqadigan muammolar odilona hal qilinib, ijtimoiy hayotda bolalarning xavfsizligi va asosiy huquqlarining daxlsizligini ta’minlash bilan bog’liq ko’plab savollar muhokama qilingan. Unda ushbu sohada huquq-tartibot mahkamalari uchun juda ko’p aniq dalillar va ko’rsatmalar berilgan. Asar islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini o’zida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri o’zining hayotiyligini isbotlab kelayotgan mo’’tabar manbalardan biridir. Uni har tomonlama chuqur o’rganish bizga diyorimizdagi diniy huquq tizimining muhim masalalari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.

Bugungi kunda xalqaro maydonda bola huquqlari bilan bog’liq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi keng mulohazalarga sabab bo’lmoqda. Asarda «Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?», «Bola qachondan bola hisoblanadi?» kabi hozirda ham dolzarb bo’lib qolayotgan savollarga to’liq javob berilgan. Asarda bola tug’ilmasidan avval ham, tug’ilgandan keyin ham bola hisoblanishi, bolalar jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan voyaga to’liq yetmagunga va mustaqil bo’lmagunga qadar alohida g’amxo’rlik va himoyaga muhtojligi alohida ta’kidlab o’tilgan.

Xulosa qilib aytganda, «Jomi’ ahkom as-sig’or» asarida hayotning asosiy manbai bo’lgan oila, uning eng shirin mevasi bo’lmish farzandlar tarbiyasi, ularning oiladagi, jamiyatdagi haq-huquqlari aniq va to’liq bayon etilgan. Eng muhimi, islom dinining bolalar huquqlari xususidagi qarashlari bu sohadagi zamonaviy qarashlar bilan hamohangdir.

Har bir ota-ona farzandiga faqat yaxshilikni ilinadi. Farzandi uchun ortiqcha orzu-havas qiladi va ikkalasi birga ishlaydi. Ota-ona farzandini tarbiya qilish kerak bo‘lgan paytda orzu-havas uchun tirikchilik qilishga majbur bo‘ladi, bola tarbiya oladigan yoshda to‘liq tarbiya ololmay qoladi.

Ammo, afsuski, ertaga orzu-havaslar o‘tmay qolishi bor. Aslida, orzu-havas chiroyli tarbiya bilan bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Ota farzandiga chiroyli tarbiyadan ko‘ra, yaxshi odob berishdan ko‘ra yaxshiroq narsa meros qoldirmagan», degan hadislari bor.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Shukrullaxo’jayeva Komila

 

Другие новости

ODAM GO‘SHTI
06.12.2023 194
Oqila ismi jismiga mos qiz. Uning tarbiyasi va odobida oilasining ahamiyati katta. Keksa bobosi har doim nabiralarining tarbiyasi va xulqi uchun o’zi jon kuydiradi. Bu oilada barcha nabiralarning qiziqish va...
Подробнее
YAXSHILIK YO‘LIDA HAMKORLIK
19.11.2023 221
#Ibrat_vaqti#Hikoyalarda_aks_etgan_oyatlarErta bahor. Asr vaqti. Havo salqin. Quyosh gohida iliqqina nur sochadi. Gohida esa bulutlar ortiga kirib ketadiyu go’yoki chelaklab ko’z yosh to’kadi. Zum o’tmasdan huddi arazlari tarqab ketgan go’dakdek bulutlar...
Подробнее
NE‘MATLARDAN SO‘RALISH BOR
07.11.2023 195
#Ibrat_vaqti#Hikoyalarda_aks_etgan_oyatlar Tun. Atrof qorong‘u. Kichkina ixcham hovlining peshayvonini lippillab turgan birgina xira chiroq yoritib turibdi. Mo‘jazgina gulzorga ekilgan anvoyi gullarning hidi atrofni qamrab olgan. Namozshom vaqtida gulzorga oqizib qo‘yilgan suvning...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry