Ta’lim muassasa tarixi
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi dastavval 1993 yilda Movarounnahr musulmonlari diniy boshqarmasi idorasi «Eshon Boboxon» nomi ostida o‘z faoliyatini boshlagan. Ta’lim muassasasiga 1998-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘yrug‘iga asosan «Xadichai Kubro» nomi berildi.
Ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinib, unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatnomasi bilan diniy va umumta’lim fanlari uyg‘unligida ta’lim beriladi.
Ta’lim muassasasining maqsadi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplariga tayangan holda, dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini o‘zlashtirgan, insonparvarlik, xalqparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalangan, o‘rta maxsus ma’lumotli islomshunos mudarrisalar, arab tili murabbiyasi, diniy ma’rifiy va ma’naviy-ahloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
SHu kunga qadar ta’lim muassasasi 700 ga yaqin bitiruvchilarni etishtirib chiqargan bo‘lib, ular yurtimizning turli jabhalarida faoliyat yuritmoqdalar. Masalan, mahalla o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, tuman hokimiyatlarida hotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat va tumanlardagi vakilliklarida ayol-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, uning yordamchilari lavozimlarida faoliyat yuritmoqdalar. SHuningdek, Toshkent islom instituti, Toshkent islom universiteti, Toshkent Davlat SHarqshunoslik instituti va Toshkent Davlat Pedagogika Universiteti kabi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqdalar.
Ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar va ta’lim to‘g‘risida»gi qonun hujjatlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qaror va ko‘rsatmalari asosida olib boradi.
Ta’lim muassasasida etakchi va katta o‘qituvchilar, fan nomzodlari hamda oliy ma’lumotli 30 ga yaqin ustozlar dars beradilar. Ta’lim muassasasi o‘qituvchilari Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti hamda «Avloniy» nomidagi qayta tayyorlash markazlarida muntazam ravishda o‘z malakalarini oshirib bormoqdalar.
Ta’lim muassasasida o‘qish muddati 3 yil bo‘lib, 2017 yilda ayol-qizlar ta’lim muasasalari uchun o‘quv rejalar takomillshtirildi. Unga ko‘ra, ayol-qizlarni jamiyatdagi integratsiyalashuvini oshirish maksadida diniy-maxsus fanlar tizimida ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha soatlar ko‘paytirildi. Jumladan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari huquqiy asoslari, oila huquqi, oila psixiologiyasi, yosh fiziologiyasi va gigienasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish metodikasi kabi yangi fanlar kiritildi.
Ta’lim muassasasida talabalarning etuk mutaxassis kadrlar bo‘lib etishishi uchun kasbiy va fan to‘garaklari faoliyati jadallashtirildi. Xususan, arab tili, xatoba, aqoid, hadis va informatika kabi fan to‘garaklari olib borilmoqda. Qizlarni oilaga tayyorlash, qo‘shimcha hunar o‘rgatish maqsadida tikuvchilik, to‘quvchilik va oshpazlik to‘garaklari joriy etilgan. 2017-2018 o‘quv yilidan Qur’oni karimni yodlash va qiroat qilish iqtidoriga ega talabalar uchun 10 yil davomida faoliyat olib borilayotgan «Qoriyalar to‘garagi» – «Tahfizul-Qur’on» nomi ostida yanada takomillashtirilmoqda.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi diniy ta’lim faoliyatini olib borish uchun zarur sharoitlar va moddiy texnik bazaga ega. Ta’lim muassasasi faoliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasining Maxsus jamg‘armasi va talabalar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tushgan mablag‘lardan moliyalashtiriladi.