-large.jpg)
“Oyna” jurnalidagi axloqiy – ma’rifiy mavzularning yoritilishi
ХX asr birinchi choragi Turkiston ijtimoiy hayotida jadidchilik harakati o’ziga xos mavqega ega bo’lgan. Bu oqim vakillariona Vatanga muhabbat, el-yurtga beminnat xizmat qilib, ozod, erkin va farovon jamiyat barpo etish, taraqqiyot uchun kurashish, turkiy tillarni rivojlantirish, shu tillardagi adabiyotni boyitish, dunyoviy ilmlarni oʻrganish, fan yutuqlaridan foydalanish hamda ayollar va erkaklar ilm olishda tengligi borasidagi kurashga chaqirishgan. Turkiston jadidchilik oqimi rahnamolaridan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Alixontoʻra Sogʻuniy, Abdulla Qodiriy, Ismoil Obidov, Ubaydulla Xoʻjayev, Ahmadjon Bektemirov, Polvonniyoz Hoji Yusupov, Tavallo, Choʻlpon kabi jadid namoyandalarning ilm-maʼrifat yoyish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Ular shaxs, jamiyat va davlat istiqboli yoʻlida doimo jonini xavfga qoʻyib, eski taʼlim tizimini yangi, zamonaviy ta’lim uslubiga almashtirish asnosida mamlakat kelajagini qurish uchun kurashganlar.Ma’rifatparvarlar harakatining g’oya va fikrlari xx asr 10- yillaridan so’ng ko’plab matbuot nashrlarida aks etdi. Ayniqsa, “Oyna” jurnaliga oid bunday fikrlarning haqiqatga qanchalik muvofiqligi haqida uning barcha sonlaridagi matnlarini tadqiq etish asosida xulosa qilishimiz mumkin. Oyna – oʻzbek tilidagi dastlab tashkil etilgan jurnal hisoblanadi Uning 1-soni 1913-yil 20-avgustda nashr etilgan. Jurnalning bosmaxona va bosh ofisi Samarqandda joylashgan. Nashrning nomlanishi muqovada – arab, oʻzbek, fors va rus tillarida yozilgan: “Mir’ot”, “Koʻzgu”, “Oyna” va “Zerkalo” shakllarida yozilgan[1]. “Oyna” jurnaliga ma’rifatparvarlarning rahnomasi, muftiy, shayx Mahmudxo’ja Behbudiy tomonidan asos solingan va uning muharrirligi ostida faoliyat koʻrsatgan. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg’aniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaladi. Behbudiyning o’zi ham jurnal uchun turli mavzudagi ilmiy, diniy, adabiy va ma’rifiy maqolalar yozib turgan. Jurnal har hafta nashr qilinib, har bir soni 24 sahifadan iborat boʻlgan. Bu xususiy tipdagi jurnal boʻlib, 400—600 nusxada toshbosma usulida chop qilingan, muxlislar orasida obuna va chakana savdo yoʻli bilan tarqalgan. “Oyna” avvaliga 5 kunda birinchi marta 24 sahifada nashr etilgan boʻlsa, keyinroq 15 kunda 1 marta 35 sahifada chiqarila boshlagan. Jurnalning oxirgi sahifasida obunachilar tomonidan kelgan turli savollarga javob berilgan.Diniy savollarga javobni Muftiy Mahmudxo’ja behbudiyning o’zi bergan.Bundan xulosa qilishimiz mumkin, “Oyna” jurnali hozirgi kunimizda musulmonlar idorasi nazorati ostida nashr qilinayotgan “Islom nuri” va “Hidoyat” islomiy jurnallar uchun tamal toshi bo’lgan desak maqsadga muvofiq bo’ladi. “Oyna” jurnali sahifalaridan biriga ( يد الله مع الجمع[2]“Allohning qo’li jamoadadir” deb arab tilida yozib qoyilgan.Bu hadis bo’lib Mahmudxo’ja Behbudiy mana shu hadisga muvofiq ish faoliyat olib borgan. Xulosa qilish mumkinki, Behbudiy mana shu shior ostida matbuotga rahbarlik qilgan va xodimlarni bir g’oya ostiga jamlagan. Mahmudxo’ja Behbudiy hayoti davomida qilgan safarlari boshidan o’tkazgan turli kechinmalarni “Oyna” jurnaliga berib borgan.Jurnalning ikkinchi yil “Muharram” oyidagi sonida Behbudiy qalamiga mansub “Bakudagi ayollarning ixlosi” nomli maqolasida ayollarni ilm fanga bo’lgan muhabbati va ixlosi haqida gapirib o’tadi. Buning ziddi o’laroq Behbudiy “Musulmon xotunlaridagi ilmsizlik” risolasida esa ilmsizlikni qoralaydi. Behbudiy shunday deydi: “Misrdag’i musulmon ayollarda ilmsizlik avj olg’on yuz xotung’a bir nafari o’qub yozmoq bilar ekan xolbuki, o’qimak ayol va erga namoz kabi farzdir” deya ayrim arab va ajam bo’lgan muslima ayollarni savodi yo’qligi sababli o’qish va yozishni bilmasligi va ilmsizlikni keng yoyilishi natijasida musulmon diyorlari rivojlanishdan va ilm – fanda taraqqiy etishdan orqada qolayotganligini taassuf bilan yozadi. Demak Behbudiy ayollar ham diniy va dunyoviy ilmlarni o’rganishda erkaklar bilan teng xuquqli ekanligini ta’kidlaydi. Albatta ayollar yosh kelajakni tarbiyachisi ilmli onadan ilmli farzand johil onadan johil farzand tarbiyalanishi millat ravnaqi uchun achinarli hol ekanligini muslima ayollarga tushuntirib ochiqlab beradi. Mahmudxo’ja Behbudiy musulmon diyorlarida o’qish va yozishni bilmaydigan ilmsiz ayollar haqida yozish bilan birgalikda ilm olish ayol va erkak uchun namoz kabi farz ekanligini ham ta’kidlaydi Shu bois Behbudiy jurnalning har sonida ilmiy, she’riy, adabiy,tarixiy va siyosiy maqolalari bilan, omma xalqni zamonaviy ilmlar bilan ham tanishtirib boradi bunga misol “Oy” nomli maqolani olsak bo’ladi. Oy va u bilan bog’liq bo’lgan ilmiy dalillarni keltirib, hali ijtimoiy tarmoqlar, kompyuter, televideniya, televizor bo’lmagan bir vaqtda “Oyna” jurnali orqali mushtariylar zamonaviy astranomiyaga oid ilmlardan ham bahramand qilib borilgan.Behbudiy siyosat va tarix bilan ham jiddiy shug’illanadi bunga misol uning “Rossiya va Turkiya o’rtasida xarb”nomli maqolasidir. U musulmonlar o’rtasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqqan.
“Oyna” haqida o’sha davrning mashhur gazetalaridan bolgan “Vaqt jaridasi Oyna haqinda nedur” nomli maqolada vaqt gazetasi “Oyna” jurnali va Behbudiy haqidagi iliq fikrlarni yozgani haqida jurnalda maqola chop etiladi. Shu bilan birga jurnalda “Ibodat va iyd ixtilofi” maqolasida musulmonlar ramazon, juma namozlari va ikki iyd bayram kunlari sanasi haqida ham bilib borishgan. Iyd namozlari qaysi masjidda oqilganligi va kim imom bo’lganligi haqida ham xabar berib borilgan.Behbudiy 1914-yil 29-mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxabad, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznonodsk, Rostov Adessa shaharlarida bo’ladi, bundan tashqari musulmon diyorlariga ham ko’p safarlar uyushtirgan jumladan, Turkiya, Quddus, Bayrut, Yofa, Halil ar –Rohman, Port said va Shom shaharlarida bo’ladi. Behbudiy Masjidul aqsoga qilgan safari davomida Ibrohim alayhissalom,o’g’illari Yaqub alayhissalom va ayollari Sora onammizni qabrlarini ham ziyorat qiladilar. Sayohat xotiralari “Oyna” jurnalida bosilib turadi.
Sadriddin Ayniydan iqtibos keltiramiz: “Oyina” majallasining bir necha raqami 1331-yil shavvol oyinda (1913-yil, avgust) chiqib, 1333-yil sha’bon 15-gacha davom qilg‘on (1915-yil 15-iyun). Bu muddatda 68 raqamda 1720 sahifalik “Oyina” chiqg‘on” (Sadriddin Ayniy. Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi // “Mehnatkashlar tovushi”, 1920-yil 8-aprel).
Behbudiy, avvalo, o‘zi hammaga ibrat bo‘lib dolzarb maqolalar yozdi. Jurnalni varaqlasak, sara publisistik asarlar muharrirga tegishli ekanini ko‘ramiz: “Ikki emas, to‘rt til lozim” (1-son), “Mayda qarz, mulki kredit” (1-son), “Loyiha-proekt” (9–11-sonlar), “Millatni kim isloh etar?” (12-son), “Favqulodda takfir” (12-son), “Bizni hollar va ishlar” (13-son), “Oh, bonklar bizni barbod etdi” (19-son), “Yoshlarg‘a murojaat” (21-son), “Tiyotr nadur?” (29-son), “Tanqid saralamoqdur” (31-son), “Ichgulikning zararlari” (36-son), “Turkiston tarixi kerak” (38-son), “Vatanparvarlik kerak” (43-son), “Ismoilbek hazratlari ila suhbat” (49-son), “Ismoilbek hazratlari” (50-son), “Sherdor madrasasi” (1-son), “Ulug‘bek rasadxonasi” (3–9-sonlar) “Ta’rix va jug‘rofiya” (27-28-sonlar), “Sayohat xotiralari” (34–53-sonlar), “Oftob” (49–51-sonlar) kabi tahliliy maqola, publisistik asarlari fikrimiz dalilidir.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak mustaqillikka erishganimizdan so’ng ko’plab jadid ulamolarimiz hayoti va ijodi o’rganilib tadqiq etishga keng imkoniyatlar ochildi. O’z davrida qoralangan bunday fidokor, mard va jonkuyar buyuk ajdodlarimiz mustaqillik sharofati bilan oqlandi.Mana shunday ajdodlarimizdan biri Mahmud xo’ja Behbudiydir. Behbudiy O’z davrining yetuk olimlaridan biri sifatida namoyon bo’lgan. Muftiy, shayx, olim Behbudiyning hayot yo’liga nazar tashlar ekanmiz, uning hayoti va ijodi barchamiz uchun ibrat maktabidir. Behbudiy nafaqat diniy balki, dunyoviy ilmlarni ham yaxshi bilgan.Jumladan, islom tarixi, jug’rofiya, siyosat, adabiyot, san’at ilmlarini ham chuqur egallagan. Behbudiy fors, arab, rus, turk tillaridan ham yaxshigina xabardor bo’lgan. Qisqa qilib aytganda Behbudiy o’z davrining peshqadam olimlaridan edi. Butun umri davomida o’zining asarlari va qilgan ezgu ishlari bilan shu jamiyat va uning farovonligi uchun alohida xizmat qilgan. Shu bilan bir qatorda o’qishni bilmaydigan omi xalqni jaholat botqog’idan uyg’otish uchun teatrlar tashkil qilgan. “Padarkush” asari bunga yaqqol dalil bo’la oladi. Ushbu asarda ilmsizlik oqibatida farzand o’z otasini qatl qilish darajasiga yetib boradi.Asar mazmuni johil inson har qanday jirkanch ishdan bosh tortmasligi, hattoki, bu yo’lda o’z padarini ham qatl qilish darajasiga yetib borishi mumkinligi g’oyasi ilgari surilgan. Behbudiy nafaqat erkaklarda balki ,ayollardagi ilmsizlikni ham qoralagan.Ayollar ham erkaklar kabi ilm olishlikda teng ekanligiga chaqirgan va ilk bor yangi usuldagi maktablarni tashkil qilgan. “Oyna” jurnalida ham bir necha maqolalar aynan manashu ayollardagi ilmsizlik masalasiga qaratilganligi fikrimmizning yaqqol dalilidir. Behbudiyning qilgan katta xizmatlaridan yana biri oyna jurnalini chop qilganligidir. Oyna jurnali 1913-yildan to 1915-yilgacha nashr qilingan. Ushbu jurnal o’z davrining ijtimoiy hayotidagi katta burilishni yasab bergan. Behbudiy Oyna jurnali orqali oddiy xalqni jaholat botqog’idan ma’rifat diyoriga chiqarish uchun astoydil harakat qilganini ushbu jurnalni mutolaa qilish asnosida tadqiq qildik.Jurnal nafaqat o’zbek tiliga balki boshqa tillarga ham nashr qilingan. O’z davrining ko’zga ko’ringan jurnallaridan biri bo’lgan. “Oyna” o‘z nomiga yarasha ish olib bordi. Bo‘lib o‘tgan va sodir bo‘layotgan, kutilayotgan voqea-hodisalarga munosabatini muntazam bildirib turdi, ularning mazmun-mohiyatini mushtariylarga tushuntirishga harakat qildi.
Behbudiyning vafoti o’sha davr ijtimoiy hayoti uchun va xalq uchun ham kata yo’qotish hisoblangan. Uning vafotiga atab ko’plab taniqli ijodkorlar tomonidan marsiyalar yozilgan. Uning qilgan ishlari va yozgan asarlari hali hamon tadqiq etib o’rganib kelinmoqda.
Xolmirzayeva Dilnoza Alisher qizi
[1] .“Oyna ”jurnali 2-yil hijriy 1333 Muharramul harom 1-sahifa
[2] .“Oyna ”jurnali 2-yil hijriy 1333 Muharramul harom sahifa
3. “Oyna”jurnali 1914 – yil noyabr
4. internet ma’lumotlari
Другие новости


