Fors tilidagi tafsirlar
Yurtimiz mustaqillikka erishib, Vatanimiz tarixi, shu aziz tuproqda yashab o‘tgan ulug‘ allomalar, tarixshunos olim va mutafakkirlar hayoti va beqiyos ma’naviy merosini keng tadqiq etish, xalqimizning o‘tmishi va boy madaniyatini tiklash, allomalarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish, muqaddas qadamjolarni obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an’analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
2017 yil 24 maydagi PQ-2995-son “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Prezident qarori buyuk ajdodlarimizning hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan davlat darajasidagi yuksak e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi. Zero, Respublikamiz Prezidenti SH. M. Mirziyoev bugungi kundagi asosiy vazifalardan biri sifatida “Tariximiz, madaniyatimiz, dinimizga aloqador bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, ularni to‘plab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday buyuk va betakror merosimiz borligini anglatish, farzandlarimizni shu ulug‘ merosga munosib etib tarbiyalash”[1] ekanligini ko‘rsatib o‘tdi.
Albatta, bugungi tez suratlar bilan rivojlanib borayotgan zamonda xalqimiz, xususan, yoshlarimiz ma’naviy hayotini yo‘lga qo‘yishda, ular manaviy kamolatini yuksaltirishda, qolaversa, barkamol avlod tarbiyasida ajdodlarimiz ilmiy merosining o‘rni beqiyosdir.
Bu o‘rinda islom dinining asosiy manbasi hisoblanmish, Qur’oni karimga yozilgan tafsir asarlari va mufassirlar hayotini o‘rganib, tadqiq etish, ularning ijtimoiy, diniy, siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rnini ochib berish yuqorida sanab o‘tilgan maqsadlar uchun xizmat qiladi. SHuningdek, mufassirlar asarlarini qiyosiy o‘rganish bilan hozirgi kun nuqtai nazaridan dolzarb bo‘lgan masalalarning ushbu manbalarda bayon etilgan ilmiy javoblarini o‘rganish va jamoatchilikka etkazish ham jiddiy ishlardan sanaladi[2].
Movaraunnahr diyorida islom olamining yirik muffasirlari xisoblanmish Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, az-Zamaxshariy, Fahriddin Roziy, Abul Barakot Nasafiy singari allomalarning etishib chiqganligi hechkimga sir emas. Buyuk vatandoshlarimizning hadis, fiqh, tafsir, arab tili va boshqa sohalarga bag‘ishlangan ko‘plab asarlari hozirgi kunimizgacha ham ulamolar va tolibi ilmlar orasida katta e’tibor bilan shuhrat topib kelmoqda, shu bilan birga ko‘plab Islom o‘quv yurtlarida o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Movarounnahrda “Itqon”, “Tafsiri No‘‘moniy”, “Tafsiri Tibyon”, “Tafsiri CHarxiy” kabi mahalliy tillarda ta’lif qilingan ko‘plab tafsirlar mavjud.
Qur’oni karimning arab tildan boshqa tillarga tarjima qilish ilk islom davriga borib taqaladi. Manbalarda ulug‘ sahobiy Salmon Forsiy (roziyallohu anhu)ning vatandoshlari bo‘lgan forslar “Fotiha” surasining tarjimasini yozib berishini so‘rab, unga maktub yo‘llaydilar. Salmon (roziyallohu anhu) forscha tarjimani payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ga ko‘rsatib olganidan so‘ng, ularga jo‘natib yuboradi. SHunga asosan Qur’onning ilk tarjimasi forsiy tilda qilingan, deyish mumkin[3].
SHuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) o‘zga millat vakillari bo‘lgan, o‘zga tillarda so‘zlashuvchi davlat raxbarlariga maktublar yo‘llaganlar. Unda Qur’oni karim oyatlari ham bor bo‘lgan. Tabiiyki, oyatlar ma’nolari o‘z tillariga tarjima qilib berilgan[4].
YUqoridagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, Qur’oni karimning tafsirlari nafaqat arab tilida balki boshqa tillarda ham yozib bitilgan.
So‘ngi yillarda ta’lim sohasida Z.Islomov[5], M.Roziqova[6], I.Usmonov[7], D.Maqsudov[8] singari islomshunos va manbashunos olimlar tomonidan yaratilgan qur’onshunoslikka doir ilmiy risolalarda keltirilishicha, fors tilidagi tafsirlar arab tilida yozilganlaridan ko‘ra ilgariroq paydo bo‘lgan deya, ta’kidlanadi.
Movarounnahr diyorida somoniylar davridayoq Movarounnahr ulamolari forsiy tafsirlar joizligiga fatvo berganlar. 961-976 yillarda esa Buxoroda “Tafsiri Tabariy”ning fors-tojik tiliga ilk tarjimasi amalga oshirilgan. O‘z davrining mashhur faqihi SHamsu-l-aimma Saraxsiy (vaf. 1088-1089y.) ham “SHarh al-Jomi’ as-sag‘ir” asarida qur’onni arab tildan boshqa tilga muayyan shartlar asosida tarjimava tafsir qilish mumkinligini aytib o‘tgan edi. 1126 yilda esa mufassir Abdulloh Ansoriy fors tilida tafsir yozib, unda o‘zidan oldin ta’lif etilgan 107 forsiy tafsir asaridan istifoda etganini ta’kidlab o‘tgan[9].
Movarounnahr forsiy tafsirlaridan yana biri naqshbandiya tariqatining ko‘zga ko‘ringan namoyandasi alloma YA’qub CHarxiyning “Tafsiri CHarxiy” asari bo‘lib, fors tilidagi mukammal tafsirlardan biri hisoblanadi. YA’qub CHarxiy o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri bo‘lib, tasavvuf bilan bir qatorda fiqh, Qur’on tafsiri va boshqa mavzularda fors tilida 10dan ortiq asarlarlar muallifi sanaladi.
CHarxiyning tafsiri ilk forsiy tafsirlardan hisoblanmasada, uning tafsiri asosida fors tilidagi boshqa tafsirlar ham vujudga kelganligini ta’kidlash joizdir. Xususan, bunga misol tariqasida Husayn Voiz koshifiyning “Javohir ut-tafsir li-tuhvat il-amir” asarini keltirishimiz mumkin.
“Tafsiri CHarxiy”ning bugungikunda O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida 27 ta qo‘lyozma nusxasi va ko‘plab toshbosma nashrlarlari mavjud. SHu bilan bir qatorda O‘zbekiston xalqaro islom akdemiyasi “Manbalar xazinasi”da ham YA’qub CHarxiyning qo‘lyozma va toshbosma nashrlari saqlanib kelinmoqda.
Persidsko-tadjikskie perevodы Korana i kommentarii k nemu v X-XII vv. i ix literaturnoe znachenietema dissertatsii i avtoreferata po VAK RF 10.01.03, doktor filologicheskix nauk Nasriddinov, Faxriddin Abdumanonovich
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
o’qituvchisi X.Usmonova
[1]Мирзиёев Ш.М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. –Т.: Ўзбекистон, 2017.-Б. 471.
[2] Тафсир илмига кириш (ўқув қўлланма). Махсудов Д.Р. – ЎзбекистонРеспубликаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги. – Т.: “Qaqnus” нашриёти, 2019. – 3 б.
[3] Қуръоншуносликка оид илмлар (матн) / А.Абдуллаев ва бошқалар; масъул муҳаррир: И.Усмонов. – Т.: “Мовароуннаҳр”, 2016. - 133 б.
[4] Ўша манба:133-134 бб.
[5] Қуръоншунослик (ўқув қўлланма) / А.Абдуллаев ва бошқалар; масъул муҳаррир: З.Исломов. – Т.: “Тошкент ислом университети” нашриёт-матбаа бирлашмаси, 2011.
[6] Мавлоно яъқуб Чархий / М.Раззоқова; масъул муҳаррир: М.Ҳасаний.- Т:. “Муҳаррир” нашриёти, 201. -112 б.
[7] Қуръоншуносликка оид илмлар (матн) / А.Абдуллаев ва бошқалар; масъул муҳаррир: И.Усмонов. – Т.: “Мовароуннаҳр”, 2016. - 160 б.
[8] Тафсир илмига кириш (ўқув қўлланма). Махсудов Д.Р. – Ўзбекистон Республикаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги. – Т.: “Qaqnus” нашриёти, 2019. – 260 б.
[9] Мовароуннаҳр туркий тафсирлар тарихидан. Чархий тафсири таржимаси / нашрга тайёрловчи И.Усмонов, Г.Саидова; масъул муҳаррирлар А.Мансур, Қ.Содиқов. – Т: Movarounnahr, 2012. – 24 б.