Qur'on mo'jizalari
O'zining kalomini to qiyomatga qadar mo'jiza o'laroq nozil qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar, Qur'oni Karim u zotga eng katta mo'jiza qilib berilgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovat-u salomlar bo'lsin. Alloh azza va jalla Mursalat surasining 25, 26-oyatlarida shunday marhamat qiladi: "Biz Yerni yig'uvchi qilib qo'ymadikmi? Tiriklar-u o'liklarni".
Alloh taolo barcha narsada insonlarni ibrat olishga chaqiradi. Yerda insonlar uchun ibrat yo'qmi? Albatta u maxluqotlarning barchasini -- o'liklarni ichki qismida, tiriklarni tashqi qismida jamlovchi qilib qo'yilgandir. Bir tasavvur qilib ko'ring-a, agar Yerning bu xususiyati bo'lmaganida, tiriklarni o'zining ustida tortib turmaganida, insonlar, xuddi kosmosdagi kabi vaznsizlik holatida bo'lib, yer yuzida o'zlari istagandek harakatlana olmagan bo'lishar edi. Yoki o'liklarni yerning ostida jamlab, tortib turmaganida, jasadlar yerning ustiga chiqib qolavergan, va bu holat qo'rqinchga va boshqa turli noqulay holatlarga sabab bo'lgan bo'lar edi. Angliyalik olim Isaak Nyuton Yerning tortishish qonunini XVII asrda kashf qiladi. Vaholanki, bu kashfiyotdan o'n asr avval Yerning tortib turuvchi ekanining xabarini Alloh taolo O'zining Kalomida bayon qilgandir. Qur'oni Karimda "Biz unga ikki ko'zni bermadikmi?", deya insonlarni har narsada ibrat olishga chaqirgan Alloh taologa hamd-u sanolar, payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovat-u salomlar bo'lsin.
Mas'ul ustoz: Nigmatova M.
"Tafsiri Jalolayn" kitobi asosida Xo'jayor N. tayyorladi.