FARZ NAMOZNING QAZOSI VOJIB
Din va aql taqozosiga binoan, musulmon banda namozini o'z vaqtida ado qilish lozimdir. Namozni uzrsiz holatda vaqtida ado etmaslik esa katta gunoh sanaladi. Lekin namozni dushman xavfi yoki boshqa shar'iy uzr sababli kechga qoldirsa, xavf arigandan so'ng darrov namozni ado qilsa gunoh bo'lmaydi. Bunga sunnatdan misollar keltiramiz.
Ibn Mas'ud r.a.dan rivoyat qilinadi:
"Xandaq kuni mishriklar Rosululloh s.a.v.ni to'rt namozdan mashg'ul qilishdi. Hattoki, kechaning Alloh xohlaganichasi o'tdi. Bas, u zot Bilolga amr qildilar. U azon aytdi. Keyin iqoma aytdi, shunda peshinni o'qidilar. Keyin yana iqoma aytdi, asrni o'qidilar. Keyin yana iqoma aytdi, shomni o'qidilar. Kwyin yana iqoma aytdi, xuftonni o'qidilar".
(Imom Termiziy, Ahmad, Nasoiy rivoyat qilishgan )
Uxlab qolish yoki unutish sababli namozini o'tkazib yuborgan odam gunohkor bo'lmaydi, unga uyg'ongan yoki yodiga tushgan zahoti namozini ado qilish lozim bo'ladi.
Abu Qatoda r.a.dan rivoyat qilinadi:
"Nabiy s.a.v.ga namozdan uxlab qolishlarini zikr qilishdi. Shunda u zot:
"Uxlab qolish kamchilik emas. Kamchilik uyg'oqlikda bo'ladi. Agar birortangiz namozdan uxlab yoki g'ofil qolsa, uni eslagan zahoti o'qib olsin", dedilar".
(Imom Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan.)
Yuqoridagi hadislar banda zummasidagi farzni ado yoki qazo qilmas ekan, zimmasida qarz bo'lib turaverishiga dalolat qilyapti.
Anas r.a.dan rivoyat qilinadi:
"Nabiy s.a.v.:
"Kim namozni unutsa, bas, uni eslagan zahoti o'qib olsin. Uning bundan boshqa kafforoti yo'qdir", dedilar".
(Beshovlari rivoyat qilishgan).
Unutgan va uxlab qolgan odam namozining qazosini o'qish lozim bo'lgani kabi, namozni qasddan tark etgan banda gunohkor bo'lish bilan birgalikda namozini qazosini o'qish vojibdir.
F. Ibrohimova
Xadichai Kubro ayol-qizlar o'rta maxsus
islom ta'lim muassasi o'qituvchisi