Inson qadrni ulug‘lash va shukronalik
Inson Qur’onda shoshqaloq, chidamsiz, sabrsiz, johil, o‘ta zolim, o‘ta johil, baxil, umidsiz deya sifatlangan. Insonning asli va kelib chiqishi tilga olgulik narsa bo‘lmagan – loydan, haqir suvdan yaratilgan. Insonda hiyla oz bo‘lib, u zaiflik xislatlariga o‘ralgandir. Agar Allohning marhamati bo‘lmasa, u ko‘p tortishuvchidir, ochiq- oydin xusumatchi, o‘ta zolim va o‘ta noshukrdir.
Azizlar bilamizki, biz foydalanadigan barcha narsalar, ne’matlarni yaratgan Alloh taolo beradi. Bularning evaziga biz U Zotga shukr qilishimiz, o‘sha ne’matlarni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatishimiz kerak. Bir inson sizga ikki dona olma sovg‘a qilsa, qanchalik xursand bo‘lib ketasiz. Alloh bizga hisobsiz ne’matlarni ato qilib qo‘yibdi. Bularga, albatta, shukr qilish kerak.
Shukrning eng kattasi yurt tinchligidir. Banda har bir o‘tgan kuni va tuni uchun har qancha shukr qilsa ham kamdir. Holbuki kecha tirik bo‘lganlarning orasida kimlardir bugunga etib kela olmadi. Bugun biz bilan bir havoda nafas olayotganlarning qay biri ertaga sog‘ qolishi ham mavhum.
Aslini olganda bizlar to‘la shukr qilish quvvatiga va imkoniga ega emasmiz. Biroq kufrona qilmaslik imkoni berilgan. Alloh subhonahu va ta’olo bizlar to‘liq shukronadan ojizligimiz mazmunida shunday marhamat qilgan:
وَإِن تَعُدُّواْ نِعْمَةَ اللّهِ لاَ تُحْصُوهَا إِنَّ اللّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ
Ya’ni: “Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga eta olmaysizlar. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli va rahmli zotdir”. (Nahl. 18)
Shuning uchun imkon qadar shukr qilmoq kerak. Aks holda noshukurlar qatorida bo‘lib qolishimiz turgan gap. Mustaqillik – bu har bir inson tinch nafas ola olishi, ertangi kunini havotir ila emas, balki quvonch va tabassum bilan o‘ylashidir. Keyingi yillarda O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, har birimzga katta quvonch ulashadigan tarixiy ahamiyatga molik voqealar tobora ko‘payb bormoqda. Bu esa - shunday ulug‘ ne’matki, u asrlar to‘fonidan sog‘-omon o‘tib, o‘zimiz va o‘zligimizni, milliy an’ana va qadriyatlarimizni anglash imkonini berdi. Uzoq yillar hukmronlik qilgan zo‘ravon va mustabid tuzumning qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning orzusi, istak va maqsadlari Yangi O‘zbekistoning iqtisodiyoti nuqtai nazardan nihoyatda ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan isloxatlarning samarasidir. Eng avvalo, milliy o‘zligimiz, milliy davlatchiligimiz, qadriyat va an’analarimiz, beqiyos tariximiz va ma’naviyatimiz, haq-huquq hamda qadr-qimmatimizni qaytarib berdi.
Biz uchun toabad yakkayu yagona, muqaddas va mo‘tabar, sevgi va sadoqatimiz hamisha baxshida bo‘lgan, baxtu iqbolimiz beshigi hisoblangan go‘zal va jannatmakon ona diyorimiz - O‘zbekistonning har bir go‘shasi kundan-kunga yashnab, barq urib borayotgani mustaqillik sharofatidandir. Bugun har bir yurtdoshimiz chehrasidan shodu xurramlik, taqdiridan rozilik, hayotidan mamnunlikni ilg‘ab olish qiyin emas. Yurtimizning qay bir go‘shasida bo‘lmang, qay bir shahar, qay bir qishlog‘iga bormang, qaysi yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, hammaning nigohida xush kayfiyat, ko‘tarinkilik, istiqlol shukuhi hukmronligiga guvoh bo‘lasiz. Bu esa qalbimizga huzur, ko‘nglimizga g‘urur, ko‘zlarimizga quvonch baxsh etadi. Bularning barchasi zamirida istiqloldan bahramandlik, shu muqaddas zamindan faxrlanish tuyg‘ulari mujassam.
Yana siz o‘zingizga tegishli kitobni do‘stingizga o‘qish uchun bersagiz-u, ammo u kitobning varaqlarini yirtib, muqovasini kir qilib qaytarib bersa, qanchalik jahlingiz chiqadi. Shunday ekan, bizlar ham berilgan ne’matlarni avaylab-asrab, uni o‘z holicha saqlashimiz, tanamizni kasalliklardan himoya qilishimiz lozim. Buning uchun ichkilik, tamaki chekish, sog‘liqqa zararli narsalarni iste’mol qilishdan uzoq bo‘lib, qabih ishlardan saqlanishimiz, kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynashdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Bizning tana a’zolarimiz bahosi yo‘q ne’matlardir. Yorug‘ olamni ko‘rishimiz uchun bizga berilgan ikki ko‘zimiz qanchalik qadrli, to‘g‘rimi? Ko‘zning qadriga undan ayrilganlar etadi, deyishadi. Ammo aqlli bolalar ko‘z va boshqa a’zolarning qadriga etishlari uchun ko‘zdan ayrilishlari shart emas. Zukko bolalar bir yomonlikni u kelmasidan oldin sezadilar va undan qutulish yo‘lini biladilar. Bizning a’zolarimiz ham oltindan qimmatroqdir. Sababi oltinni pulga sotib olish mumkin, biroq tana a’zolarining sog‘lig‘ini qaytarib bo‘lmaydi. SHunday ekan, bizga berilgan har bir ne’matni avaylab, asrashimiz, uni faqat yaxshi ishlarga, ezgulik yo‘liga ishlatishimiz lozim.
Qur’oni karimdagi baqara surasining 252-oyatida shunday mahamat qilinadi.
Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz.
Ushbu oyat o‘zi qisqa bo‘lishiga qaramay, olam-olam ma’no kasb etadi. Alloh taolo O‘zi yaratgan, hayot va rizq hamda boshqa kerakli narsalarni bergan bandalariga:
«Meni eslangiz», demoqda.
Xo‘sh, Alloh bu ojiz bandalarining eslashiga muhtojmi? Yo‘q, u behojat zot. Hamma muhtojlik bandalarda. Lekin bu amr bandalarga yaxshilik etishi uchundir. Ular Allohni zikr qilib eslashlari ila Alloh taolo ularni zikr qilishiga, eslashiga erishadilar. Ammo zikr bilan zikrning farqi bor, albatta. Hech narsaga arzimaydigan ojiz bandaning eslashi qayda-yu, olamlarning Parvardigori bo‘lgan Alloh taoloning eslashi qayda! Banda qanday, qachon va qaerda eslaydi? Alloh-chi?
Imom Buxoriy Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo: «Ey odam bolasi! Agar Meni o‘zing eslasang, Men ham seni O‘zim eslayman, agar ko‘pchilik ichida eslasang, Men seni farishtalar ichida eslayman», degan.
«Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz».
Shukr qilish ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarini aytish va ne’matni uni bergan Zotning roziligi uchun ishlatish bilan bo‘ladi. Ammo tili bilan shukr desa-yu, amali bilan Allohning aytganidan boshqani qilsa, kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi. Mo‘min-musulmon doimo Allohni zikr etib, unga shukr qilgandagina, ishi olg‘a bosadi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
xodimi M.Saidjalolova