Ramazoni sharif-rahmat va mag`firat oyi
شهر رمضان الذي أنزل فيه القرآن هدى للنا س و بينا ت من الهدى والفرقا ن فمن شهد منكم الشهر فليصمه و من كان مريضا او على سفر فعدة من أيام أخر يريد الله بكم اليسر ولا يريد بكم العسر و لتكملوا العدة و لتكبروا الله على ما هداكم و لعلكم تشكرون
“Ramazon oyi-odamlar uchun hidoyat (manbai) va to`g`ri yo`l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o`z yashash joyida) hozir bo`lsa,ro`zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo`lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog`i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og`irlikni xohlamaydi.Bu- hisobni to`ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamd-u sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir”.
Alloh taolo yil oylari orasidan ramazon oyini maqtadi, Qur’onni nozil qilish uchun oylar ichidan uni ixtiyor qilgan. Ramazon – yuraklar yumshab g`uborlari ketadigan mavsum. Ramazon oyi mo`minlar uchun savob amallarni ko`p yig`ib olishga berilgan katta imkoniyat. Xayru saxovat bilan inson bu o`tkinchi dunyoda turib, oxiratga zaxira yig`ishi, jannatda tayyorlab qo`yilgan ne’matlardan nasibador bo`lishi mumkin.
Ramazon-rahmat va mag'firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug'idir.Boshqa oylarga nisbatan bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug' ajru-mukofotlarga sazovor bo'lish imkoniyatlari ko'proq. Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo'ladi, inshaolloh! Hatto farishtalar ham bu oyda Allohning maxsus farmonini bajarish uchun yerga tushadilar. Qur'oni karim shu oyda nozil bo'ldi. Allohning Rasuli odamlarni islom diniga da'vat qilishni shu oyda boshladi. Shu oydan boshlab islom dini zafarga kuch-quvvatga, nurga to'laverdi. Shuning uchun ham ramazon oyi va ramazon ro'zasi butun ummat tarafidan buyuk bir muhabbat va ayricha hurmat bilan e’zozlanadi.
Bu oyda yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg'u va mushtarak qarashlar bilan birlashadilar. Bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, jamoat bo'lib tartibli, e'tiqodli holatda Allohga taslim bo'ladilar, muhabbat namunasini ko'rsatadilar. Yaxshilik, xayru–saxovat eshiklari barchaga barobar ochiladi. Allohning avf va mag'firat xazinasidan har bir mo'min o'z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi
Ramazoni sharif har bir musulmon yaxshi kutib olib, hurmat va izzatini o'z joyiga qo'ygan holda kuzatishni orzu qiladi. Buning uchun avvalo, biz bu muborak oyning xislat va fazilatlaridan xabardor bo'lmog'imiz lozim. Chunki ro'za oyi har yilda bir kelib ketadigan aziz mehmon. Uyimizga bir mehmon keladigan bo'lsa, uni yaxshi kutib olib, hurmatini joyiga qo'yib, ko'ngildagidek kuzatish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Xuddi shuningdek, ramazonni ham ishtiyoq va ixlos bilan kutib olib, unda qo'limizdan kelgancha solih amallarni qilishga harakat etmog'imiz lozim.
Har bir musulmon bu oyda o'zining imon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e'tiqodu imon nurini ziyoda qilib olishi zarur. Zero, har qanday musulmon odam ham yil mobaynida nafsoniy ishtiyoqlarini qondirish bilan ovora bo'lib, kundalik turmush jarayonida sodir bo'layotigan turli salbiy holatlardan ta’sirlanishi natijasida uning nuri imoni ancha xiralashib, aqidasi ham ancha-muncha zaiflashib qoladi. Shuning uchun ham janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallam vasiyatlarida “Tez-tez ulamo va fuzalolarning ilmiy suhbatlarini topib turingizlar. Goh-gohida Qur'on oyatlarining tilovati yoki ularni quloq solib tinglash bilan mashg'ul bo'linglar. Shunday qilsangiz, zanglab qolgan dillaringiz sayqallanib, nuri ziyoda bo'lib turadi”,- deb marhamat qilganlar. Xuddi shu singari Ramazon oyi ham dillarimizni yig'ilib qolgan g'uborlardan tozalab, vujudimizni axloqiy fazilatlar kasb etishga tayyorlab oladigan g'animat bir fursatdir. Binobarin, bu oy boshqa o'n bir oydan farq qilishi kerak. Shuning uchun masjidlarda xatmi Qur'on joriy etiladi. Bunday marosimlarda Qur'oni karim bir karra to'liq o'qib, eshittiriladi. Qur'oni karim esa yer yuzidagi barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi va diniy hayotlari uchun dasturulamal hisoblanmish ilohiy qonun-qoidalar majmuasidir. Musulmon bo'la turib musulmonchilikdagi qonun-qoidalarni bilmaydigan odam har qadamda bilib-bilmay gunohu-ma'siyatga yo'l qo'yishi mumkin. Shuning uchun musulmonlar o'zlari bilmaydigan masalalarning yechimini biladiganlardan so'rab, bilib olishlari kerak bo'ladi. Zotan, bu haqda Alloh taolo ham Qur'oni karimda quyidagicha marhamat qilgan: “Agar bilmasangizlar, biladigan ahli ilmlardan so'rab, bilib olinglar”.
Ramazon oyida islom ahkomlari va ibodatlari jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ham shubhasiz ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Xatmi Qur'on, tarovih namozlari va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ularda mehr oqibat, dinu-diyonat tuyg'ularini junbushga keltiradi.
Ramazonda ro'zadorga besh xislat beriladiki, bular boshqa ummatlarning hech biriga berilmagan:
1. Ro'zadorning og'zidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk
hididan ham yaxshiroqdir.
2. Iftor qilinguncha farishtalar ham ro'zador uchun istig'for aytib,
unga mag'firat talab qiladilar.
3. Haq taolo har kuni jannatning ziynatini oshiradi.
4. Shaytonlarning sarkashlari band etiladi.
5. Oxirgi kechada butun ro'zadorlar mag'firat qilinadilar.
Alloh taoloning rahmati shunchalar kengki, uni tasavvur qilishga insoniyatning aqli yetmaydi. Besh vaqt namoz har namoz orasidagi xatolarga, juma kungi namoz ikki juma orasidagi xatolarga, ramazon oyi ibodatlari bir yillik gunohlarga kafforat bo'ladi. Faqat mo'min kishi gunohi kabiradan, ya'ni katta gunohlardan o'zini saqlashi kerak.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o'rta
maxsus islom ta'lim muassasasi
axborot-resurs markazi rahbari
M. Saidjalolova