Homilador va emizikli ayollar ro’zasi haqida bilishni istaysizmi?
Islom insonga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Jumladan, ro‘za masalasida ham shunday. Alloh taolo Baqara surasida bemor va musofirlarga roʻza borasida berilgan ruxsatlar haqida marhamat qiladi:
“Sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, uning ro‘zasini tutsin. Va sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va sizlarga qiyinlikni iroda qilmaydi”, degan (185-oyat).
Mazkur oyati karima tuzalishidan umid qilinayotgan bemorning hastaligi Ramazon kunlari ham davom etsa yoki bir kishi Ramazon kunlari safarga chiqqan bo‘lsa, o‘sha kunlari ro‘za tutmay, keyin imkon bo‘lganda, tutmagan kunlari sanog‘icha qazo ro‘za tutishiga asosiy dalil boʻladi. Bu be’mor va musofir kishilarga Alloh taoloning ulkan marhamatidir.
Bir nechta holatda bandalarga Ramazon oyida roʻza tutmaslikka ruxsat beriladi. Ro‘za tutishga uzrli bo‘lganlar quyidagilardir:
- O‘ta qari kishilar.
- Homilador ayollar.
- Emizikli ayollar.
- Musofirlar.
- Bemorlar.
Homilador va emizikli ayollar vaqtinchalik bemorga o‘xshaydilar. Homilador va emizikli ayollar o‘zlari va bolalariga zarar yetishidan qo‘rqishsa, ro‘zani ochib yuborishga ruxsat bor. Bunga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Va uni (ro‘zani) qiynalib tutadiganlarga bir miskin taomi” oyati yoshi ulug‘ qariyalarga tegishli ruxsatdir. Ular ro‘za tutishga qiynaladilar. Shuning uchun oʻta qari kishilar roʻza tutmasdan har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berishadi. Homilador va emizikli ayollar ona yoki farzandning sogʻligʻiga zarar yetishidan qo‘rqsalar, ramazon oyida roʻza tutmaydilar”.
Ammo, homilani tuqqanidan, bolani ko‘krakdan ajratganidan so‘ng yana ro‘zani tutish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu sababli, roʻzaning qazosini tutib beradilar. Bir yilda bir keladigan ro‘zani qazo qilib tutish osondir.
Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol oʻz joniga yoki bolasiga zarar yetishidan qoʻrqsa, roʻzani ochadi va (imkon boʻlganda) qazosini tutadi. Ularga roʻzani ochgani uchun kafforat lozim boʻlmaydi”.
Boshqa bir manbada bunday deyiladi: “Homilador va emizikli ayol bolasi yoki oʻziga zarar yetishidan qoʻrqsa, roʻza tutmasligi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan roʻzaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan roʻzaning (hammasini) koʻtargan”, deganlar.
Bu qoʻrquv yo tajribalar natijasida paydo boʻlgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. «Fatavoi Zohiriya» kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo oʻzining joniga zarar yetishidan qoʻrqmasa, roʻzani ochishiga ruxsat berilmaydi» («Bahrur-roiq»).
Demak, homilador yoki emizikli ayol roʻza tutsa bolasiga yoki oʻzining joniga zarar yetishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, roʻza tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.
Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, homilador va emizikli ayollar roʻza tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda roʻzaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar. Yoshi keksa kishilar esa vaqt oʻtib yana roʻza tutishga qodir boʻlib qolmaydilar, shu sababli ular fidya beradilar.
Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar yetmaydigan boʻlsa, roʻza tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga oʻrgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim.
4 - kurs talabasi
Gʻaniyeva Dilnoza