“Odamlardan yo’lini topganlarga” farz bo’luvchi amal
Bandalaridan faqat qodir bo’lganlariga haj qilishni farz etgan Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo’lsin!
Haj ibodatini biz, ummatlariga to’la to’kis ta’lim bergan holda, ado qilib ko’rsatib bergan Payg’ambarimizga cheksiz salovotu salomlar bo’lsin.
U zot bilan birga haj qilib, haj ibodatining har bir amalini bizlarga naql qilib bergan ahli baytlari va as’hobi kiromlariga Alloh taoloning roziligi bo’lsin.
Barchamizga ma’lumki, haj ibodati islomdagi besh rukndan biri bo’lib, ulug’ ibodatdir. Bunga quyidagi sahih hadisni ochiq hujjat qilib keltirishimiz mumkin: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlarini eshitdim : “Islom besh narsaga bino qilingan: “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb shahodat keltirish, namoz o’qish, zakot berish, ramazon ro’zasini tutish va Baytullohni haj qilish”. (Buxoriy va Muslim rivoyati)
Uning farzligiga Quroni karimdagi Oli Imron surasining 97-oyati dalildir. Alloh taolo marhamat qilib aytadiki:
ولله على الناس حج البيت من استطاع ٳليه سبيلا ۚ ومن كفرفٳن الله غنى عن العلمين “Odamlardan yo’lini topganlarga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdur. Kimki kufr keltirsa Alloh olamlardan behojatdir.”
Ushbu oyati karima bilan haj ibodati farz bo’lgan bo’lib, oyati karimaning ma’nosidan haj ibodati hammaga ham farz bo’lavermasligini bilishimiz mumkin. Haj ibodatining boshqa ibodatlardan bir farqi ham shudir, ya‘ni u bir vaqtning o’zida hammaga ham farz bo’lavermaydi. Balki ayrim shartlar topilgan musulmonlargagina farzdir. Yuqoridagi oyati karimada u “Odamlardan yo’lini topganlarga” farz bo’ladi deyilmoqda, ular kimlar? Bu savolga Muhammad Tahmozning “Al fiqhul hanafiy fiy savbihi jadidi” kitobining haj bobida keltirilgan matnlar orqali javob olamiz.
Hajning vojib bo’lish shartlari
Quyida keladigan shartlarning barchasi topilsa sohibiga haj qilish vojib bo'ladi, shuningdek,ularning birontasi yo'qolishi bilan haj vojib bo'lmay qoladi,o'rniga ham,vasiylik bilan ham.
Hajning shartlari:
1.Islom:
Kofirga haj vojib bo'lmaydi, u tomonidan bo'lgan haj to'g'ri ham bo'lmaydi. Agar kofir holida haj qilsa-yu so'ng islomga kirsa, uning haji hisoblanmaydi. Agar musulmon bir marotaba yoki bir necha marotaba haj qilsa, so'ng murtad bo'lsa (Alloh saqlasin) iymonini yangilab va islomga qaytganidan so'ng uni zimmasiga qodir bo'lsa hajni qayta qilish vojib bo'ladi. Chunki haj musulmonning umri davomida farzdir. U esa murtad bo'lishi bilan islomdagi qilgan amallarini botil qildi. Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
“Kim iymonni inkor qilsa, uning amali habata bo’ladi va u oxiratda ziyon ko’ruvchilardandir.” (Moida surasi, 5-oyat).
Shuningdek, bu hanafiy fuqaholarining qavlidir. Shofeiylar esa, murtadlikning davomli bo'lishi va unda to o'limiga qadar qat'iy turish bilan qaydlangan murtadlik sababidangina amallar botil bo'ladi deydilar. Bu qavllariga quyidagi oyatni dalil qiladilar:
“Sizdan kimki dindan qaytib, kofir holida o’lib ketsa, ana o’shalar dunyoyu oxiratda amali habata bo’lganlardir. Ana o’shalar olov sohiblaridir, Ular unda mangu qoluvchilardir.” (Baraqa surasi, 217-oyat)
Hanafiylar bu oyatdagi o’limning kufrga qaydlanishini do’zaxda abadiy qolishga dalil qiladilar, amallarini botil bo’lishiga emas.
Agar ehromga kofir holida kirsa, so'ng arafotda turishdan avval musulmon bo'lsa, ehromini yangilasa haji to'g'ri bo'ladi, yangilamasa to'g'ri bo'lmaydi. Chunki kofirning ehromi botildir. Agar musulmon holda ehromga kirib so'ng murtad bo'lsa ehromi botil bo'ladi.
2. Hajning farzligini bilish:
Bu shart musulmon diyorida bo’lmagan musulmon haqidadir. Ilm hosil bo'lishi uchun bir adolatli kishining unga xabar berishi kifoya qiladi. Islom diyorida bo'lganlar uchun bu narsa shart qilinmaydi. Chunki ularga ahkomlarni bilishda johillik uzr hisoblanmaydi. Bilmasligi esa e'tiborsizligining natijasidir.
3. Bolig'lik(ya’ni balog’atga yetgan bo’lishi):
Bolig’lik haj vojib bo’lishining va farzning voqe' bo'lish sharti hisoblanadi. Haj to'g'ri bo'lishi va joizligining sharti emas. Balog'atga yetmagan shaxsning haji nafl bo'ladi, farz emas. Unga balog'atga yetgandan so'ng islom haji farz bo'ladi. Agar ehromga kirsa, so'ng balog'atga yetib qolsa ehromini yangilaydi va uning haji farz haj hisoblanadi. Agar ehromini yangilamasa nafl haj bo'ladi. Unga hajni boshlagandan so'ng ehromini yangilash ham joiz bo’ladi. Chunki balog'atga yetmagan yosh bolaning ibodatni boshlashi unga boshlagan ibodatini lozim qilib qo’ymaydi.
4. Aqlli bo’lish:
Aqlli bo’lish haj vojiblik shartidir. Shu sababli majnunlarga haj vojib bo’lmaydi. Agar oqil holida haj qilsayu so'ng aqldan ozsa farzni ado qilgan bo'laveradi. O'ziga kelgandan keyin unga qazo yo'qdir.
5. Hurlik:
Haj qulga vojib bo'lmaydi, chunki qul molga ega bo'lolmaydi.
6. Qodir bo'lishlik:
Haj qilishga qodir bo’lish joizlik emas, vojiblik shartidir. Faqir inson hajga taklif qilinsa va farz niyyati bilan haj qilsa, haji joiz bo'ladi va undan keyin qodir bo’lganda vojib bo'ladigan haj undan soqit bo'ladi.
Qodir bo'lishlik miqdori - isrofsiz va o'ta xasisliksiz o'rtacha safar nafaqasi hisobidadir. Shuningdek, u unda miskin nafaqasi bo’lgan va uy jihozlaridan, kerakli bo'lgan o'qish kitoblaridan, u bilan kerakli miqdorda kasb qilish mumkin bo'lgan hunarining sarmoyasidan va unga madad bo'ladigan miqdordan va shuningdek yo'qligidagi oilasining nafaqasidan ortiq bo'lishi kerak.
Kimni maskan sotib olishga moli bo'lsa va uning shahar ahlining hajga chiqish vaqti kelgan bo'lsa, unga hajni adosi tayin bo'lgani uchun u molini maskanni sotib olishga sarflash huquqi yo'q. Ammo haj vaqti kirishidan oldin vojib bo'lishdan oldin bo'lgani uchun xohlaganini sotib olishi mumkin.
Shuningdek, unda uylanish uchun mol bo'lsa, bo'ydoqlik hayotidan (yolgiz qolishdan) qo'rqsa, va bu holat shahrining ahli hajga chiqishidan oldin bo'lsa uylanadi, agar moli bo'lgan holida haj vaqti kirsa unga haj lozim bo'ladi. Illo, juda kuchli xohish va zinoga voqe bo'lib qolish holida bo'lsa, unda unga uylanish asliy hojatlardan bo'lib qoladi va hajdan avval qilinadi.
Agar yashayotgan yoki maskanidan ortiqcha maskani yoki unga ehtiyoji yo'q bo'lgan narsa-buyumi yoki unda ekin ekmayotgan yeri bo'lsa, yoki hojati miqdoridan ziyoda o'sha yerning g'allasi bo'lsa, yoki do'koni yoki hojati miqdoridan oshiq bo'lgan daromadlardan birontasi bo'lsa, uning puli hajni ado qilishga yetsa uni sotishi vojib bo'ladi.
Qodir bo'lishlik boshqasini (molini) olish bilan sobit bo'lmaydi, hatto tortiq qiluvchi bolasi bo'lsa ham. Unga qabul qilish vojib bo'lmaydi agar molni qabul qilsa unga haj vojib bo'ladi. Chunki vojiblikning asil shartlari unda shartlar topilmagan vaqtida boshqadan olishi unga vojib bo’lmaydi.
Qodir bo’lishning har bir kishining haqqida e’tiborlisi urfda va odatda o’zining holatida munosib bo’ladiganidir. Agar dang’illama yashovchi bo’lsa, haj unga safarda dang’illama yashashning nafaqasiga qodir bo’lmagunigacha vojib bo’lmaydi. Shu sababli, masalan, mashina bilan safar qilishga qodir bo’lmagan odamga, samolyot bilan safar qilish nafaqasiga ega bo’lmagunigacha haj unga vojib bo’lmaydi.
Shu o’rinda eslash joizki, yangi odatlar joriy qilgan qarindoshlar va do’st birodarlarga sovg’a salomlar qilish kabi narsalarga qodir bo’lmaslik hajni kechiktirishga ruxsat bo’lgan uzr emasdir. Zero, hadyalarni tayyorlash shar’iy ehtiyojlardan emas. Shu sababli yoki urf-odatdagi valimalarga qodir bo’lmagani sababli kim o’zini hajdan man qilsa, va haj qilishdan avval vafot etsa, osiy holda o’lgan bo’ladi va bu kabi narsalardan ojiz bo’lishi tufayli hajni tark qilishi uzr hisoblanmaydi.
Xulosa qilib aytganda, haj har bir musulmon uchun hayotida bir marotaba farzdir. Buning uchun esa yuqorida o’tgan barcha shartlar topilishi kerak. Alloh taolo barchamizni O’z baytini ko’rish ne’matila siylasin.
Xadichai kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi Qodirova Mehrinoz