Masalalarda bir bu mazhabning va bir bu mazhabning qovlini olish joizmi?
Shar’iy masalalarda “talfiq” harom ekanligiga barcha ulamaolar ijmo’ qilganlar. Shar’iy ijtihod shartlarini o‘zlashtirib mujtahidlik maqomiga etmagan kishi har bir mazhabdan nafsi-havosi istagiga mos kelgan fatvoni olib, amal qilishi shariatda “talfiq” deyiladi. Soddaroq qilib aytganda talfiq ayni bemazhablikning o‘zginasidir. Mazhablarning qay biri bir yurtda keng tarqalgan bo‘lsa, ijtihod darajasiga etmagan har bir kishi uchun o‘sha mazhabga ergashish vojib bo‘ladi. O‘z yurtida mazhabi tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan imomning mazhabiga ergashish joiz emas. Chunki bunday vaziyatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganishning imkoni bo‘lmay qoladi. Agar biror yurtda barcha mazhablar birdek keng tarqalgan bo‘lsa, omi odam ya’ni mujtahid darajasiga etmagan kishi xohlagan mazhabiga ergashishi mumkin. To‘rtala mazhabning fiqhini o‘zlashtirish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydigan murakkab, ko‘p mehnat talab qilinadigan ishdir.
Hanafiy mazhabidan Shofe’iy mazhabiga o‘tish joiz, lekin bu o‘tish batamom bo‘lishi shart. Ba’zi masalalarni hanafiy fiqhiga asosan. ba’zilarini shofe’iy yoki molikiy fiqhiga asaosan olish aslo mumkin emas. Bu havoyi nafsiga ergashish hisoblanadi.
Hozirgi kunda mujtahidlik darajasiga etgan insonlar sanoqli bo‘lishi mumkinligi jihatidan, olimlar ham omilar ham mazhabga ergashishilari shartdir. Islom olamining buyuk olimlaridan bo‘lgan, ko‘plab kitoblar yozgan, minglab hadislarni yod bilgan qancha-qancha olimlar mujtahidlik darajasini olishga muvaffaq bo‘lmaganlar.
Mujtahidlik darajasiga erishish uchun quyidagi bilimlarni o‘zida mukammal jam qilgan bo‘lishi lozim.
- Qur’on ilmlari
- Hadis ilmlari
- Usulul fiqh ilmi
- Salaflarning qovllari, ijmo’ va ixtiloflari ilmi
- Lug‘at ilmi
- Qiyos ilmi
Yuqoridagi ilmlarning ipidan ignasigacha to‘liq o‘zlashtirgan shaxs mujtahidlikni da’vo qila olishi mumkin. Mujtahidlik darajasiga etmagan kishi muayyan bir mazhabni tutib, uning kitoblaridagi masalalarga oid hukmlarga amal qilishi shartdir. Shu bilan birga bir mazhabga mansub kishi biror masalada yo‘l qidirib boshqa mazhabning qovlini o‘zicha olishi mumkin emas. Hattoki muayyan mazhab muftiysining o‘z mazhabida aniq ko‘rsatilgan masalada boshqa mazhab yo‘lini tutishi va u bo‘yicha fatvo berishi mumkin emas. Agar o‘z mazhabiga xilof hukm chiqaradigan bo‘lsa, rad etilish haqida ko‘plab fiqhiy kitoblarimizda aytib o‘tilgan. To‘rt imomdan biriga ergashish vojibligiga musulmon ijmosi tuzilgandir. Faqat ijtihod ahllari bundan mustasno.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi katta o’qituvchisi S.Ibragimova