REPRODUKTIV SALOMATLIK - BU NIMA?
Reproduktiv salomatlik — bu reproduktiv tizim va uning faoliyatiga bog‘liq barcha masalalar borasida faqat kasallik va kamchiliklar yo‘qligi bo‘libgina qolmay, balki to‘liq jismoniy, aqliy va ijtimoiy muvaffaqiyatlar holati hamdir.
Reproduktiv salomatlik nafaqat ayolning, balki erkakning ham o‘zidan sog‘lom zurriyod qoldira olish davridagi salomatligidir.
Ayniqsa, bu borada o‘smir-yigit-qizlarning salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Bo‘lajak onaning qachon va qanday sharoitlarda ona bo‘lishini nazorat qilish, uning va tug‘ilajak bolaning ham salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish muhim. Hozirgi kunda bo‘lajak onalar bo‘lmish qizlarimiz, farzandini dunyoga keltirishdek o‘ta mas’ulyatli vazifaga tayyorgarlik ko‘rishda tibbiy jihatdan savodxonmi? Bu boradagi maxsus adabiyotlar, gazeta, jurnallar, shuningdek internetdan foydali bo‘lgan ma’lumotlarni olish uchun xotin-qizlarimiz vaqt topa olishayaptilarmi? O‘zlarining salomatligi yo‘lida kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqdami?
Reproduktiv salomatlik masalasi faqatgina tug‘ruqlar oralig‘i uch yildan kam bo‘lmasligiga e’tibor qaratishdangina iborat emas. Balki u o‘z ichiga kengroq vazifalarni qamrab oladi. Bunda asosiy e’tibor oila farovonligini ta’minlash, ularda ijobiy psixologik iqlimning hukm surishi, onalar va bolalar salomatligini saqlash, oilalarning tom ma’noda mustahkamligini ta’minlash kabilar nazarda tutiladi. Albatta 16-17 yoshlardagi qiz bola organizmi hali to‘la etilgan bo‘lmaydi. Erta farzand ko‘rish yosh ona salomatligiga ham, undan tug‘ilajak bola salomatligiga ham ma’lum darajada xavf tug‘dirishi mumkin.
Bo‘lajak onalar bo‘lmish qizlarimizning reproduktiv salomatliklarini muhofaza qilishni oilada, jamoatchilikda va barcha ta’lim muassasalarida keng ko‘lamda amalga oshirish kerak. Albatta davlatimiz tomonidan yurtimizda bo‘lajak onalarning salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha keng ko‘lamda ishlar amalga oshirilmoqda. O‘g‘il–qizlarning salomatligi uchun maktablarda, barcha ta’lim muassasalarida targ‘ibot–tashviqot ishlari olib boriladi, tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi. Hozirgi jadallashgan zamonamizda kelajak avlodning etarli darajada salomat bo‘lishi, millatning genetikasi, nasli sog‘lom bo‘lishi dolzarb muammolardandir.
O‘spirinlik – nozik davr. Ayniqsa, ota-onalar va pedagoglar bu davrda bolalar bilan o‘zaro munosabatda do‘stona yo‘l tutishlari kerak. Bu davrda o‘spirin qizlar jadal o‘sgani bois ularning organizmida turli xil a’zolarning muvozanati buziladi. Qiz bolalar reproduktiv salomatliklarining shakllanishida jismoniy va psixologik sog‘lom bo‘lishi masalalariga e’tiborni qaratish va bu yo‘ldagi ishlarni ko‘paytirish tajribasi ijobiy natijalar berishi aniqlangan.
Qiz bolalarda reproduktiv salomatlikning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omillar qatorida ichki sekretsiya bezlari va moddalar almashinuv jarayonlarining buzilishi, vaqtida ovqatlanmaslik, vegetativ asab tizimi kasalliklari, allergik kasalliklardir. Ushbu kasalliklarning natijasida, qizlarda tez-tez charchash, holsizlik, kamqonlik, tezda asabiylashish, yig‘loqilik, quvvatning kamligi h.k. yuzaga keladi. Ularning oldini olishda oila va tibbiy xodimlar, pedagoglar tomonidan maqsadga qarab yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini uqdirib o‘tish joizdir. Qiz bola organizmiga bulardan tashqari tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, giyohvandlik kabi zararli odatlar o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ko‘rsatib o‘tilgan xavf omillar keyinchalik ularda homiladorlikning fiziologik kechishiga to‘siq bo‘lib, turli xil patologik tug‘ruqlarga sabab bo‘ladi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, reproduktiv salomatlik faqatgina tug‘ruqlar oralig‘i uch yildan kam bo‘lmasligi masalasidan iborat emas. Yoshlarimizning, shuningdek tug‘ruq yoshidagi ayol-qizlarimizning reproduktiv salomatliklari uchun amalga oshiriladigan barcha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Ayollarimizning salomat bo‘lishi, millatning nasli jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi, aynan reproduktiv salomatlik yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga ham bog‘liqdir. Bu birgina davlatning vazifasigina bo‘lmay, balki har bir ota-onaning, jamiyat a’zosining ham ma’suliyatidir. Har birimiz oilamizda, farzandlarimizning, yaqinlarimizning, shuningdek o‘zimizning salomatligimizga e’tiborli bo‘lsak, bu yo‘lda kerakli chora-tadbirlarni qilsak, bizdan keyingi millatning sog‘lom bo‘lishiga qo‘shgan katta hissamiz bo‘ladi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
direktori o‘rinbosari v.v.b M.Vaxidova