14.04.2022
341

Iymonning asosi va libosi taqvodir

 

  Bu dunyoda yashayotgan har bir mo’min-musulmon banda borki, Alloh yaqin bo‘lishni, Alloh rozi bo’ladigan munosib hayot kechirishni, solih farzandlar tarbiyalashni  o’ylaydi. Albatta, Alloh insonlarning qalblariga nazar soladi. Lekin, ko’pincha bandalar Allohning nazari tushadigan qalblarining pokligiga beparvo bo’ladilar. Vaholanki, Qur’oni Karimda shunday deyilgan:”U kunda na mol- davlat, na bola-chaqa foyda beradi. Magar Allohning huzuriga salim qalb bilan kelgan kishilargagina foyda beradi”(Shu’aro surasi, 89-oyat)

 Jazo va mukofot kunining egasi ham Alloh azza va jalladir. Oxiratda esa bandaga qalbidagi iymoni, tiriklik chog’ida qilgan solih amallari naf keltiradi. Ko’ngli toza inson qiyomat kuni najot topadi, Alloh roziligiga erishadi. Dunyoda ham, oxiratda ham baxtli bo’lish uchun qalbni poklash kerak.Ulamolar ruhiy tarbiyaga urg’u berishlarining sababi ham shundan. Albatta ruhiy tarbiyada taqvo masalasi asosiy masalalardan biri. Qur’oni Karimda ham taqvo borasida ko’p oyatlar nozil bo’lgan.Shu jumladan Alloh taolo Arof surasi 26-oyatda shunday marhamat qiladi:    

ياَابَنِي آَدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآَتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آَيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

“Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi - bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo`jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko`rsalar! 

Oyatdan ma`lum bo`ladiki, avratlarni yopadigan kiyim inson uchun asosiy kiyim, boshqa qo`shimcha kiyim- kechaklar esa, zeb-u ziynat hisoblanar ekan. "Lekin, - deydi Parvardigor ― bu liboslaringiz uyatdan, issiq-sovuqdan saqlasa, "Taqvo libosi" oxirat azobidan saqlaydi. Bu yerda ma`naviy libos nazarda tutilgan bo`lib, u iymon, e`tiqod va solih amallardir. Tafsirlarda "Taqvo libosi"ga turli izohlar berilgan. Lekin zohiriy ma`noda taqvo libosi bilan o`zini o`rab, doimo parhezkorlik, solih amallar bilan yuksak axloqli bo`lib yurishning afzalligi ma`lum bo`ladi.

Inson bu sinov dunyosida yashar ekan, islom fitratida yangi-yangi fazilatlarni jamlaydi va hayotini ezguliklarga burkaydi. Natijada oxiratda cheksiz ne’matlar bilan mukofotlanadi. Insonning Alloh taoloning mukofotlariga noil etadigan amallardan biri esa taqvodir. Zero, u insonning Allohga bo’lgan muhabbatini o’zida jamlab, bandadagi barcha yomon ishlardan saqlaydi. Taqvo orqali rahmat, ilm va rizo hosil bo’ladi. Ilm iymonga, iymon esa ilohiy ma’rifatga yetishtiradi. Chunki, taqvodorlar muxlis bandalar bo’lib, doimo muayyan axloq chegaralari doirasida yashaydi. Buning oqibatida esa lafzini saqlash, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik kabi yuksak axloqiy me’yorlar shakillanadi. Taqvodor zotlar fazli borasida Qur’oni karimda shunday xushxabar bor: ,,Albatta, taqvodorlar (jannatdagi) bog’larda va buloqlar uzra bo’lurlar. Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo’lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar” (Zariat, 15-16).

عن أبي درداء قال رسول الله  صلى الله عليه وسلم: "الا يمان عريان ولباسه التقوى وزينته الحياء وثمرته العلم" . رواه الحاكم.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: ”Iymonning kiyimi, libosi− taqvo, uning ziynati hayo, mevasi esa ilmdir”- dedilar ”. Hokim rivoyat qilgan.

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: ,, Har bir narsaning chegarasi bo’ladi. Islom chegaralari quyidagilar: taqvo, kamtarlik, shukr va sabrdir. Taqvo -  ishlarining asosi , kamtarlik − kibrdan uzoq bo’lish, sabr – do’zaxdan najod topish, shukr – jannat bilan mukofotlanishdir”, degan ekanlar.

Abu Hurayra  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rosulolloh sollollohu alayhi vasallamdan so’radilar:“Insonni jannatga doxil qiladigan amal qaysi?”  Muhammad sollollohu alayhi vasallam dedilar:“Allohga taqvo qilish va yaxshi xulqdir” (Imom Termiziy rivoyati). 

Abu Ya’qub Nahjuriy: ”Dunyo – dengiz, oxirat uning sohili. Kemasi – taqvo. Odamlar safar qiluvchidirlar” degan edi. 

Bu so’zlardan anglashiladiki, dunyo safarining bexovotir o’tishi uchun nima mustahkam bo’lmog’i lozim? Albatta, bu kema esa kuchli taqvodir. Insonlar sohilga eson- omon o’tib olishni istasalar, o’zlarida kuchli taqvoni shakillantirmoqligi lozim. Chunki kuchli taqvo qilishi har xil balo-ofatlardan, nafsini isyonlardan asraydi, xorlikni ketkazadi va sharafga erishtiradi. Ibrohim alayhis salom ham Allohga kuchli taqvo qilganlar. Namrut o’tga otganida u zotning aynan taqvosi kuchliligi tufayli yonib turgan olov gulzorga aylangan edi.

Taqvodor banda − gunohlardan o’zini saqlaydi, Yaratganni doimo zikr etib,  bergan ne’matlariga shukrona keltiradi, ezgu amallar qilib, boshqalarni ham shunga undaydi. Shu bilan birga taqvo sohibini Janobi Haqning muhabbatiga noil etadi, u doimo Yaratuvchi zotning qo’llab-quvvatlashi, yordami, hifzi-himoyasida bo’ladi, sohibini dunyodagi barcha yomonlik va noxushliklardan saqlaydi, rizqini kengaytiradi va yaxshiliklar eshigini ochadi. Xullas, taqvodor bandalar bu dunyoda va oxiratda ofiyatga erishadilar. Bunga tarixda juda ko’plab dalillar bor. Sahobai kiromlarning deyarli barchalari qalblaridan mustahkam joy olgan taqvo bois Alloh va Rasulining mehriga sazovor bo’ldilar. 

Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va boshqa ulug’ zotlar Alloh muhabbatini qalblariga jo ayladilar. Alaloqibat, Abu Bakr roziyallohu anhu ga “Siddiq”, Umar  roziyallohu anhuga “Umarul Foruq”, Usmon roziyallohu anhu ga “Zinnurayn” kabi ta’rif va tavsiflar berildi. Bu bilan ular Allohning ham, uning habibining ham muhabbatiga noil ekanliklariga ishorat etilib, ular yaratganning rozligini topdilar. Chunki Qur’oni karimda Janobi Haqning roziligini topish faqatgina taqvo bilan bo’lishi shunday bayon etiladi: “…Albatta, Alloh nazdida (eng aziz-u) mukarramrog’ingiz taqvodorlaringizdir…” (Hujurot, 13).

Ayniqsa, ixlos bilan ibodat qilgan bandalarning ko’ngillari taqvo libosini kiyadi. Go’yo taqvo libosining matosi Allohga bo’lgan ishonch va hayodan bichiladi, istig’for iplari bilan to’qilib, unga zikr-u tasbeh munchoqlari qadaladi. Bu komillikga intilayotgan ko’ngil sohiblariga ilohiy lutf – ehsondir. Kim Allohga taqvo qilsa, Alloh unga bir chiqish yo’li paydo qilur. Uni o’zi o’ylamagan tarafdan rizqlantirur.(Taloq surasi, 2-3-oyatlar)

Asbabun-nuzul”kitobida keltirilishicha “ushbu oyat Avf ibn Molik haqida nozil bo’lgan.Uning o’g’lini mushriklar  asir olishdi. U Nabiy alayhissalomning huzurlariga borib, qashshoqlikdan shikoyat qildi va mushriklar o’g’lini asir olganligini aytdi va Nabiy alayhissalomdan nima qilishi kerakligini so’radi.Rosululloh sollollohu alsyhu vassallam shunday dedilar: Allohga taqvo qil va sabr et, sen va ayolingni “La havla va la quvvata illa billah”ni ko’p aytishingizni buyuraman”, dedilar. U sahoba uyiga bordilar va ayoliga suhbatni aytib berdilar. Sahoba va xotini birga mazkur zikrni ayta boshlashdi. Dushman uning o’g’lidan g’aflatda qolganda u dushmanning qo’y podalarini haydab otasining oldiga keldi va qo’ylaring soni 4000 ta edi.Shunda bu oyat nozil bo’ldi.

Bu voqeadan ham ko’rinib turibdiki, Kim Allohga taqvo qilsa, uning zikrida bardavom bo’lsa, o’zini gunohlardan saqlab ehtiyotlansa, harom qilingan ishlardan chetlansa Alloh taolo unga har bir qiyin-mashaqqatli ishdan chiqish yo’lini ko’rsatadi va o’zi o’ylamagan joydan rizqlantirib qo’yadi. Kim Alloh taolo buyurganini qilib, qaytarganlaridan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo’lni Allohning o’zi ko’rsatib qo’yadi. Odatda odamlar risq-ro’zimni serob qilay deb urunib, taqvodan voz kechishadi. Bu esa aks natijalarga olib keladi. Oyati karimadan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvoli bo’lish qiyinchiliklarning oson bo’lishi va rizqning o’ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo’ladi

  “Eng yaxshi libos taqvodir”, deyiladi hadisi sharifda. Ana shu libos bilan liboslanish barchamizga nasib etsin!

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta 

maxsus islom ta’lim muassasasi

 3-kurs talabasi Murotova Nodira

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 169
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 283
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 274
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry