20.04.2022
292

Ro'za badan bo'lsa, libosi solih amaldir

 Muborak ramazon oyining ro'zasi islomning besh shartlaridan biri bo'lib, payg'ambarlarga yuborilgan va har bir ummatga farz qilingan. Ro'za arab tilida “Savm” deb atalib, lug'atda bir narsadan o'zini tiymoqlikni bildiradi. Shariatda esa, tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro'zani ochuvchi narsalardan o'zini tiymoqlikdir. 

      Qur'oni karimda “...Sizlarga ham sanoqli kunlarda ro'za tutish farz qilindi”, “...Sizlardan kim bu oyga hozir bo'lsa, ro'za tutsin”   kabi xitoblar bilan ro'zaning farzligi sobit bo'lgan va fiqhiy asoslaridan bahs yuritilgan. Hammaga farz qilingan ro'za qamariy ramazon oyining ro'zasidir. Dinning ustuni va tayanchi namoz bo'lsa, jamiyatniki-zakot, ruhniki esa-ro'zadir. Har bir ilohiy amrda o'ziga xos hikmat bo'ladi.  Ro'zaning barcha xususiyati va hikmati yolg'iz Allohga ayon. 

    Ro'za jasadga ham, ruhga ham fayz bag'ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma'naviy zararlardan muhofaza qiladi.Mo'min-musulmonlar ro'za davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar. Alloh bergan ne'matlarning qadriga yetish haqida o'ylay boshlaydilar.

    Abu Umoma  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men “Ey Allohning rasuli  menga Alloh manfa`at beradigan ishni amr qiling” dedim. U zot sallollohu alayhi vasallam: “Ro'zani lozim tut, uning o'xshashi yo'qdir” dedilar. U kishi takroran uch bor so'raganida ham, u zot sallollohu alayhi vasallam “Ro'za tutishda davom eting, zero, ro'zaning o`xshashi yo'qdir” deganlar. Umomaning  uyida o'choq yoqilmasdi. Faqat mehmon kelgandagina o'choqlariga olov yonardi. Lekin ro'zani o'z qoidasiga muvofiq tarzda tutishga diqqat va ahamiyat berish kerak. Bunday tutilgan ro'za (farzni, naflni) sohibini ham jahannam olovidan qutqaradi, ham jannatga doxil qiladi. 

      Demak, kim Alloh tomonidan beriladigan ko'pdan-ko'p manfaatlarga yetishmoqchi bo'lsa, ko'p ro'za tutmog'i kerak. Bu haqiqatni har bir musulmon yaxshi tushunib, amal qilmog'i lozim.

    Ro'za qiyomat kuni ro'zadorlarni shafoat qilib: “Yo Robbim, bular sening roziliging uchun yeyish va ichishni, shahvatni tark qilib ro'za tutdilar, bularni bizga bag'ishla!”-deydi. Qur'on ham Qur'on o'quvchilarni: “Ey Robbim, bular kechalari uyqularini, kunduzlari ishlarini tashlab, sening kitobingni o'qish bilan mashg'ul bo'ldilar. Bularni ham bizga bag'ishla!”-deb shafoat qiladi. Bularning shafoati ham Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning shafoatlari kabi rad etilmaydi, qabul bo'lib, mag'firati ilohiyga va jannatga doxil bo'lishga sabab bo'ladi.

     Ro'za Alloh uchundir. Abu Hurayra roziyallohu anhu hazratlari rivoyat qilgan bir hadisi qudsiyda: “Insonlarning qilgan barcha amallari o'zlari uchun, faqatgina ro'za men uchundir (menga oiddir). Ro'zaning mukofotini men beraman. Ro'za bir qalqondir, shuning uchun ro'za tutgan kuningizda rafas, ya'ni, jimo' haqida fahsh so'zlarni so'zlamangki, balki, jimo`ga sabab bo'lar. Hech qachon baqirib chaqirmang, xusumatlashmang va tortishmang. Agar boshqa bir kishi sizni urib-so'kishga, siz bilan janjallashishga moyil bo'lsa: “Men ro'zadorman, men ro'zadorman” deng deya marhamat qilinadi. Urushish, yomon so'zlar aytish esa insonni u kutayotgan, umid qilayotgan savoblardan mahrum qiladi. Shuning uchun “ro'zadorman” deb janjaldan qutilishdan boshqa yaxshiroq yo'l yo'q. Zero, qarshilik ko'rsatish oqibatda mushtlashishga, balki o`lim va kasalxonaga yoki qamoqxonalarga qadar olib borishga sabab bolishi mumkin.                          

    Jannatning Rayyon degan bir eshigi borki, ro'zadorlar ana shu eshikdan jannatga kiradilar. Bu eshikdan boshqalarini kirgani qo'ymaydilar so'ng eshiklar yopiladi, endi bu eshikdan kirganlar hech qachon tashna bo'lmaydilar. Zero, ichgan suvlari butunlay chanqoqlarini ketkazadi. Boshqa suvga umuman muhtoj bo'lmaydilar. G'oziylar mol va g'animat soxibi bo'lsalar, ro'zadorlar sog'liq sohibi bo'ladilar.  Ro'za egasi bilan jahannam o'rtasida bir qal'a bo'ladi. U sohibini do'zax o'tida azoblanishdan aqlaydi, inshoalloh!  

    Ulamalar ro'zani to'rt qismga bo'lishgan. Oddiy kishilarning  ro'zasi ya'ni farz ro'za, xoslarning ro'zasi va xoslarning xosining ro'zasiga bo'lishgan.

    Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam bunday dedilar: “Kim yolg'onchiligini va yolg'on so'zga amal qilishni tashlamasa, uning taom va ichimlikdan o'zini tiyishiga Alloh taolo muhtoj  emas” (Imom Buxoriy rivoyati). 

    Sharh: Ushbu hadis ro'za hikmatlaridan biri  axloqiy illatlardan xalos bo'lish ekanini bildiradi. Ro'za yolg'on, g'azab,  g'iybat, chaqimchilik, gina saqlash kabi yomonliklardan qutulish uchun munosib  fursatdir. Inson tabiiy muhtoj bo'lgan yeb- ichishdan o'zini tiyish ila aslo  ehtiyoji bo'lmagan yolg'on so'z, g'azablanish va chaqimchilik kabi ishlar bilan  mashg'ul bo'lsa, xato qilgan bo'ladi. Chunki ro'za nafsning istagini sindirib, uni imon taqozosiga bo'ysundirishga o'rgatadi. Hadisda yolg'on so'z va yomonlikda unga teng bo'lgan g'iybat, chaqimchilik, hasad, xiyonat va zulm  kabi illatlar tark qilinmas ekan, Alloh taolo unday kimsaning och, tashna bo'lishiga muxtoj emasligi ta'kidlangan. Ramazon oyida savobli ishlar qilgan va gunoh ishlardan tiyilgan kishiga Alloh taoloning rahmati bo'ladi. Ibni Hajar Asqaloniy aytadi: “Kishi yolg'on gapirish, g'azab qilish va so'kinish kabi yomon illatlarni tark qilmas ekan, uning ro'zasida savob yo'q. Yolg'on so'z va u kabi illatlardan saqlangan kishigina mukofotga erishadi”. 

      Ibn Mu'nir: “Taom va ichimlikdan tiyilishiga Alloh taolo muhtoj emas” degani o'shanday bandaning amallari qabul bo'lmasligiga ishoradir”, deydi.

    Ro'za go'yo badandir. Uning libosi solih amallardir. Shu bois ro'zador odam butun vujudini ro'zaga qaratishi boshqalardan tazyiq yetganida ham “men ro'zadorman”, deya g'azabini jilovlay olishi kerak. 

      Ro'za banda va Allohning o'rtasidagi sir bo'lib, uning mukofotini O'zi berishini va'da qildi. Yemaslik, ichmaslik, har narsaga sabr qilish va  shahvatni tark etish bilan nafsni sindirish ro'zadagi taqvo bo'ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: “Ro'za qalqondir” (Abi Zannad: jahannamdan qalqondir degan). 

    Endi sizlardan kim ramazonda ro'za tutsa, fahsh so'zlarni so'zlamasin, baland ovozda baqirmasin. Agar uni biror kishi so'ksa yoki u bilan urushmoqchi bo'lsa, ikki marta men ro'zadorman, deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

    Ibn Huzayma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollolohu alayhi vasallam: “Agar sen ro'zador bo'lsang biror kishini so'kma, agar seni biror kishi so'ksa, men ro'zadorman, deb ayt. Agar turgan bo'lsang, o'tirib ol g'azabing ketadi”. Boshqa rivoyatda o'tirganingda ham ketmasa tahorat qil va ikki rakat namoz o'qi deganlar.

   Parvardigor jamolini ko'rish va Rayyon eshigidan kirib, abadiy jannatga musharraf bo'lish har bir bandaning orzusidir. Buning  uchun buyurilgan narsalarni bajarib, qaytarilgan narsalarni tark qilmog'imiz kerak. Alloh taolo barchalarimizning tutayotgan  ro'zalarimizni  nuqsonsiz  qabul  aylasin. 

   O'tgan olimlarimiz ro'zaning savobini olish maqsadida bir nechta Rasulullohning tavsiyalarini bajarishgan. Ulardan biri ro'zaning savobi baland uning mukofoti esa behisob. Shu sababdan ro'zadan oldin Rajab va Sha'bon oyi ro'zalarini ramazonga tayyorgarlik sifatida o'z ummatiga namuna sifatida bizlarga ko'rsatib berganlar. 

   Ro'zaning ichida shunday savoblar jamlab qo'yilganki, xatto o'tgan Payg'ambar alayhissalomlar ham buni orzusida bo'lganlar. Alloh taolo har bir kuniga bir payg'ambarining umri davomida topgan savob amalini har bir ro'za to'tgan ummati Muhammadiyaga berishini va'da qilgan. O`ttiz kunda o`ttizta ulug' payg'ambarlarning savoblarini bermoqda, bu esa Allohdan bizga eng katta fazldir. Ro'zadan ko'zlangan bir necha maqsadlar bor. Ular quyidagilardir:

1.Qalbingiz askarlarini bo'ysindirishni o'rganasiz;

2.Taqvo malakangiz oshadi;

3.Ibodatga qiziqishingiz ortadi;

4.Dangasalikdan asar ham qolmaydi;

5.Sabringiz kuchayadi;

6.Mehringiz oshadi;

7.Ochlarni to'ydirishga oshiqasiz;

8.Butun vujudingiz yaxshilik qilishga odatlanadi;

9.Tunda ibodat qilishga odatlanasiz; 

Tundagi ibodatni aslida xos  kishilar bajaradi. Sizni Alloh xos bandalari qatoriga qo'shishni xohlayapti. 

Shuni esdan chiqarmang tungi nafl ibodatlar Allohning nazarida bo'ladi va 

nima so'ralsa shak shubhasiz qabul bo'ladi.

10.Qur'on o'qishga odatlanasiz; 

    O'tgan barcha muhaddislar ham hattoki, ramazon oyida hadis yozishni to'xtatib shu oyni faqat Qur'on tilovatiga bag'ishlaganlar. Xatto Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam boshqa oylarga qaraganda bu oyda Qur'oni karimni Jabroil alayhissalomga ikki marta yoddan topshirganlar. Rasulullohning o'zlari bizlarga bu oyda Qur'oni karim masalasida chiroyli ibrat bo'lganlar. Ma'naviy poklanishda biror bir amal Qur'oni karimga yetmaydi. Uni iloji boricha shu oyda tafakkur ila o'qib, amallarimizda ishlatishlikni nasib qilsin.

11.E'tikof lazzatini tortasiz;

        Alloh taolo bizga shuncha behisob savoblarni  berayotgan ekan, biz ham u savoblarni qanday qilib qo'lga kiritishni o'ylashimiz va amaliy tarzda harakat qilishimiz kerak bo'ladi.

    Allohim! O'zing bizlardan qanday tarzda ro'za tutmoqligimizni istagan bo'lsang, O'zing bizlarga u amallarni O'zing istaganday amalga oshirishimizni nasib aylagin. Va Ramazondan so'ng gunohlardan go`dakdek pok chiqishligimizni va muttaqiy bo'lib, kelasi yilgacha yaxshi amallarda bardavom bo'lishimizni nasib aylagin!

Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus 

islom ta’lim muassasasi xodimi M. Saidjalolova

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 169
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 283
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 274
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry