Ramazon oyidan olinadigan 5 ta eng katta foydalar haqida bilasizmi?
Аlloh Taolo O’z kalomida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, taqvoli kishilar boʼlishingiz uchun sizlardan oldin oʼtganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda roʼza tutish farz qilindi. Endi sizlardan biror kishi kasal yoki musofir boʼlsa, u holda (roʼza tutolmagan kunlarining) sanogʼini boshqa kunlarda tutadir”.
(Baqara surasi 183-184 oyatlar)
Oyatning soʼzlariga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, Ramazon oyidagi kunlar sanoqli, chegaralangan kunlar ekanligi ko’rinib turibdi. Bundan kelib chiqadiki, mana shu kunlarda har bir inson yaxshi amalda boʼlishga harakat qilmog’i, qalbini poklashi va qilgan gunohlari uchun tavba qilib olish imkoniyatir. Chunki, ushbu muborak oyning kunlari sanoqli, uning har bir kunidagi baraka, yaxshilik va omonlik boshqa oylardan ko’ra afzaldir.
"Bahjatul anvar" kitobida: Dunyoning lazzati toʼrttadir: Birinchisi yeyish, ikkinchisi ichish, uchinchisi jimoʼ, toʼrtinchisi uyqu. Ro’zador kishi bu kabi lazzatlardan o’zini tiyadi. Natijada, Allohning roziligini topadi.
Abdulloh ibn Amr roziyollohu anhudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollollohu alayhi vassallam: “Ro’za va Qur’on o’z sohibini qiyomat kunida shafoat qiladi”-,dedilar. Ro’za aytadi: “Ey Robbim, men uni kunduzlari taom va shahvatdan man qildim. U xususida shafoatchiman”- deydi. Qur’on: “Men uni kechalari uyqudan to’sdim.Uning xususida men shafoatchiman”-, dedi. Bas, u ikkisi ham shafoat qildi”.
Ro’zaning shafoat qilishi uning ulkan ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatadi.
Har bir inson uchun Ramazon oyida foydalar bisyor. Alloh Taolo bu oyda qilingan har bir yaxshi amalning savobini O’zi istagan miqdorda ziyoda qilib beradi.
1. Gunohlarning magʼfirat qilinishi
Inson bolasi bor-ki, bilib yoki bilmasdan gunohga qoʼl uradi. Аmmo barcha ham bu qilgan ishiga astoydil tavba qilmaydi. Koʼngli gʼash boʼlsada, yana oʼz hayoti yoʼlida davom etib ketaveradi. Ramazonning eng katta foydalaridan biri – shu oyda astoydil tavba qilishdir. Chunki, "Zubdatul voiziyn" kitobida quyidagi hadis keltiriladi: Аbu Hurayra roziyallohu anhu Paygʼambarimizdan sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki: “Kim Ramazon oyi roʼzasini iymon va ixlos bilan tutsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi”. Demak, bu juda katta imkoniyat, ana shu imkoniyatdan foydalanib ham gunohlardan poklanish shu bilan birga savobga ega boʼlishi mumkin.
2. Аllohning Oʼzidan mukofot olish
Bu dunyoda qilingan har bir yaxshi niyat, yaxshi amal uchun oxiratda bandasi mukofotlanadi. Qilgan yaxshiligiga koʼra unga ajr beriladi. Аmmo, roʼzadorning mukofotini Аllohning Oʼzi beradi. Tasavvur qilish uchun aytish mumkinki, bu xuddi hayotiy dunyoda mamlakat podshohining shaxsan oʼzidan mukofot olgandek. Qiyomatda butun insoniyat ichida Аllohning shaxsan Oʼzidan mukofot qabul qilish bandaning saodatidan nishonadir. Buning uchun ixlos va iymon bilan roʼza tutish zarur boʼladi. Shuning uchun ham roʼza banda va Rabbining oʼrtasidagi xos ibodat deb aytilgan. Аlloh taolo roʼzaga ajr berish yolgʼiz Oʼziga taalluqli ekanini aytdi, yaʼni: "Roʼza Mening uchundir. Mukofotini Oʼzim beraman", dedi.
Аbul Hasan: “Mukofotini oʼzim beraman”, degan soʼzga sharh aytib shunday dedilar: “Har bir toatning mukofoti jannatdir, roʼzaning mukofoti esa, Аllohning Oʼziga yoʼliqish, Аllohga nazar solish va Аllohning unga nazar qilishi hamda U bilan elchi va tarjimonsiz gaplashishdir”, deganlar.
3. Duolarning qabul boʼlishi
Duo – Аlloh tomonidan bandalariga berilgan ulugʼ neʼmatdir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Duo- ibodatlarning mag’zidir”, dedilar.
Inson taqdirini duodan boshqa hech narsa oʼzgartira olmaydi. Shu sabab duo olishga juda haris bo’lmog’imiz lozim. Chunki, kimning duosi qabul boʼlishini Alloh Taolodan oʼzga hech kim bilmaydi. Аmmo, Ramazon oyida ixlos ila qilingan duo Аllohning huzurida ijobat bo’ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, roʼzador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”. Ibn Moja, Termiziy, Аhmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is’hoq ibn Rohavayhlar rivoyati.
4. Moddiy boylikni koʼpaytirib olishi
Ramazon oyida kishi oʼz boyligini koʼpaytirib olish imkoniyatiga ega boʼladi. Qanday qilib deysizmi? Zakot berish yoʼli bilan. Zakot sadaqa kabidir. Sadaqa esa, hadisi shariflarda taʼkidlanganidek suv olovni oʼchirgani kabi gunohlarni oʼchiradi. Yana bir rivoyatda Nabiy sallallohu alayhi va sallam : “Biron-bir sadaqa molni kamaytirgan emas!”,deganlar. Аlloh Taolo uning bergan zakotini o’rnini baraka bilan to’ldiradi.
5. Qadr kechasi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Ramazon oyi kelganida Rosululloh sollollohu alayhi vassallam: ,,Alloh sizlarga bu oyda ro’za tutishni farz qildi. Bu oyda Jannat eshiklari ochiladi, do’zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo’lsa,mahrum qilinadi”,dedilar.
Bir kecha ming oydan yaxshi bo’lsa, tasavvur qilib ko’ring undagi amallar,duolar, ibodatlar qanchalar afzal bo’larkin,a?!
Demak, bularning bari Alloh Taoloning bandalariga bergan yana bir ulkan neʼmatidir. Bu ne’matini faqatgina ummati Muhammadiyaga berdi.
Barchamizga Ramazon oyini iymon va ixlos ila oʼtkazish va Robbimning roziligini topish nasib qilsin.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi G’aniyeva Dilnoza