FIQH ILMIDAGI “XAZINA”
Fiqh ilmidagi xazina. Bu sarlavha bejiz tanlanmadi. Chunki, kelajak satrlarda so‘z yuritmoqchi bo‘lganimiz “Kanzud daqoiq” kitobi, “ismi jismiga mos” durdona asar hisoblanadi.
Ma’lumki, hanafiy mazhabidagi mutaaxxir ulamolarimiz oldingi mujtahid ulamolarning ijtihod qilgan masalalarini yodda saqlash oson bo‘lishi uchun qisqa va lo‘nda iboralar bilan ifodalab matnlar tuzishgan.
Mutaaxxir ulamolar nazdida to‘rtta mo‘tabar fiqhiy matn kitoblari bor bo‘lib, ular “Muxtasarul Quduriy”, “Viqoyatur rivoya”, “Kanzud daqoiq” va “al-Muxtor lil fatvo” bo‘lib, “mutuni arbaa” (to‘rtta matn) nomi bilan yuritiladi. “Al-Muxtor”ning o‘rniga “Majmaul bahrayn”ni ham qo‘shadiganlar bor. “Mutuni salosa” (uchta matn) deyilganda esa avvalgi uchtasi nazarda tutiladi. Bundan ko‘rinadiki, “Kanzud daqoiq” kitobi hanafiy mazhabidagi eng mo‘tabar uchta kitobning biridir.
Ushbu kitobning to‘liq nomi “Kanzud daqoiq fiy ilmil furu'”. Ma’nosi: “Fiqh ilmida nozik masalalar xazinasi” deganidir.
Kitob muallifi - tafsir ilmida “Madorikut tanzil”, aqoid ilmida “Umdatul aqoid”, usulul fiqhda “Manor” kabi salmoqli asarlar muallifi bo‘lmish qomusiy olim Hofiziddin Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiydir (1232–1310).
“Kanzud daqoiq” muallifning “Al-Vofiy fil furu'” (Furu'ul fiqh borasida vafo qiluvchi) asaridan qisqartirib olingan matn bo‘lib, muallif tolibi ilmlarning keng va katta hajmli kitoblarni o‘qishdan zerikishlari, inson tabiati qisqa bitilgan kitoblarga rag‘batli ekanligi sababli ushbu kitobini yozayotganini aytgan va asari qiyin, mushkul o‘rinlardan xoliligini, unga “Fatovo” hamda “Voqeot” masalalari bilan ziynat berilganligini qayd qilgan.
“Kanzud daqoiq”da fiqhiy masalalar keng yoritilgan bo‘lib, unda Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar va Imom Shofi’iy kabi mujtahid olimlarning fikrlari, rivoyatlari keltirilgan, ibodat (namoz, ro‘za, zakot, haj), muomalot, jazolar va shu kabi masalalar bayon etilgan. Asarning fors tilidagi nusxasi ham bo‘lib, u Nasrulloh ibn Muhammad Kermoniy tomonidan o‘girilgan. Urdu tilidagi tarjimasi esa Abdulloh ibn Shayx Abdurrahim tomonidan amalga oshirilgan. Bundan tashqari, asar bir necha bor qo‘lda qayta ko‘chirilgan. Hozirgi kunimizda esa, zamonaviy matbaalarda qayta-qayta nashr etilmoqda.
“Kanzud daqoiq”da boshqa fiqhiy matn kitoblarida uchramagan mavzular, jumladan, faroiz kabilar ham bor.
“Kanzud daqoiq” asari asrlar davomida madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. Shuning uchun unga o‘nlab sharh, hoshiyalar bitilgan. Bunday sharh va hoshiyalarning ko‘pligi bu asarning naqadar mashhurligi va hanafiy mazhabida mo‘tabar manba ekanligidan dalolat beradi. Uning sharhlari orasida “Tabyinul haqoiq” (“Haqiqatlarni bayon qilish”), “Ramzul haqoyiq” (“Haqiqatlar ramzi”), “Bahrur roiq” (“Shirin dengiz”), “Nahrul foiq” (To‘la anhor) kabilar shuhrat qozongan. “Kanzud daqoiq” ba'zi fiqhiy asarlarda qisqartirilib, “Al-Kanz” deb yuritiladi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
3-kurs talabasi Najimatdinova Biybiaysha