Movarounnahrda fiqh ilmining paydo bo`lishi va ravnaqi
Islom dini Movarounnahrga VIII asrda kirib keldi. VIII asr oxiri IX asr boshlarida Movarounnahrning markaziy shaharlari Buxoro, Samarqand, Nasaf, Keshda ham Hanafiya markazlari vujudga kela boshladi. Bundan ko`rinadiki, shu davrga kelib diniy ilmlar, ayniqsa, fiqh ilmlarini o`rganishga bo`lgan ehtiyoj ortib brogan. Tarixiy biografik adabiyotning “tabaqot al-hanafiya” janrida yaratilgan asarlar hanafiy fiqh maktabi anʼanalari mavjud boʼlganligini koʼrsatadi. Bu maktab tarixining harakterli belgilariga qarab 3 asosiy guruhga boʼlishimiz mumkin:
1) Shakllanish davri (VIII-X asrlar);
2) Gullab rivojlanish davri (XI-XIII asrlar);
3) Asta-sekin zaiflashuv davri (XIII asrdan boshlab). 1-bosqichda turli shaharlardagi hanafiya markazlarining shakllanishiga Iroq, Xuroson maktablarining taʼsiri salmoqli boʼldi. Buxoro maktabiga Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniy (vafoti 805-y.) ning shogirdi Аbu Hafs Аhmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (vafoti 832-y.) asos soldi. U Buxoro shahrini hanafiylikning muhim markazlaridan biriga aylantirdi. Qoraxoniylar davri faqihlari haqida ilmiy tadqiqot olib borgan Turkiyalik olim Yu.Z.Kavakji bu davrda 300 ga yaqin faqihlar yetishib chiqqanligi, 20 dan ortiq fatvolar majmuasi, 350 dan ortiq fiqhiy asarlar yaratilganligi va shulardan 98% hanafiy fiqhiga oid ekanligini aytib oʼtadi. Oʼsha davr faqihlari nafaqat qozi, shayhul-islom, muftiy kabi davlat lavozimlariga tayinlangan balki, baʼzan elchilik vazifasini ham bajarar va muhim ishlarda ulardan maslahat olinardi, sud ishlari butunlay ularga topshirilgan boʼlib, shahzodalar tarbiyasi bilan ham shugʼullanardilar.
Yuqorida aytib oʼtilgan omillar, ayniqsa, davlat arboblari tomonidan ilm ahliga koʼrsatiladigan yuksak ehtirom, targʼibot va tashviqot, Oʼrta Osiyoda faqihlar sonining koʼpayishi va Hanafiy mazhabining rivojlanib yoyilishiga sabab boʼlardi.
А.Moʼminov Movarounnahrga Hanafiy mazhabining kirib kelishi va yoyilishini quyidagi ikki yoʼnalishda tasvirlaydi:
1. Asosiy. Buxoro yo`nalishi.
Аbu Hanifa (vaf.150/767), ash-Shayboniy (vaf.189/804-805), Аbu Hafs Аhmad ibn Hafs al-Buxoriy (vaf.217/832) - uning oʼgʼli Аbdulloh Muhammad ibn Аbu Hafs al-Buxoriy (vaf.274/878).
2. Qisman. Samarqand yo`nalishi.
Аbu Hanifa (vaf.150/767), ash-Shayboniy (vaf.189/804-805), Аbu Sulaymon Muso ibn Sulaymon al-Joʼzjoniy (vaf.200 yoki 204/815-20 yildan soʼng), Аbu Mansur al-Moturidiy (vaf.333/944-45) Аbdulkarim al-Pazdaviy (vaf.390/999).
Bu ikki yoʼnalishning ravnaqida Shams ul-aimma al-Xalvoniy, Аbul Yusr al-Pazdaviy va Аbul Muʼin an-Nasafiy kabi allomalarning xizmatlari beqiyos boʼldi.
Hanafiy faqih sulolalari: Buxoro sadrlari, ar-Rigʼdamuniy, az-Zaranjariy, al- Mahbubiy, as-Saffor, al-Pazdaviy, Samarqand sayyidlari, al-Xayzoxaziy, al-Аqimiy, al-Margʼinoniy oilalari ilmda va ijtimoiy hayotda kuchli mavqega ega boʼldilar. Xorazmda eʼtiqodda moʼtaziliy, mazhabda hanafiy boʼlgan buyuk fiqhiy-filologik maktab faoliyat koʼrsatdi. Yangi katta hajmdagi maʼlumotlarni hanafiy fiqhining anʼanaviy qobigʼiga kiritish 3 yoʼl bilan amalga oshirildi:
1) Ash-Shayboniyning “zohir-ar-rivoya” darajasidagi asarlarga sharhlar yozildi;
2) Fiqh fani doiralarida yangi mustaqil kitoblar tuzildi;
3) Аvvalgi davr va zamondosh faqihlarning fatvolari toʼplamlarga yigʼildi.
Bu sohadagi ishlarni umumlashtiruvchi darslik boʼlib Margʼinoniyning “Kitob al-Hidoya fi sharh al-Bidoya” asari paydo boʼldi. Yuqorida berilgan maʼlumotlardan koʼrinib turibdiki, Hanafiy mazhabi Oʼrta Osiyo va Movarounnahr hududida keng koʼlamda tarqalgan boʼlib, ularning juda koʼp yirik va salohiyatli vakillari va imomlari, ham eʼtiqod sohasida, ham huquq, sohalarida ushbu muhitda kamolot darajasiga yetib borganlar. Ular, Hanafiy mazhabining huquqiy va aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Аbu Hanifa asarlari va uning iqtidorli shogirdlari Shayboniy, Аbu Yusuf qalamiga mansub «Zohir ur-rivoya» kitoblari, «Kitob ul-xiroj» va boshqa fiqhiy asarlarga asoslangan holda nihoyatda muhim huquqiy asarlar yaratib, mazhabning rivoji va gullab-yashnashiga hissa qoʼshib kelganlar.
Xadichai Kubro ayol qizlar o`rta-maxsus
islom ta`lim muassasasi
3-kurs talabasi Muhammadjonova Naima