Nikohi harom qilinganlarning nikohi hukmdagi hikmati
Nikohi harom qilinganlarning nikohi hukmdagi hikmati
Biz bilamizki, nikohning sharti kishi unga uylanmoqchi bo‘lgan ayoli o‘sha kishiga harom qilingan ayollardan bo‘lmasligi kerak. Nikoh aqdi durust bo‘lishi uchun shu shart topilishi kerak. Bu halollik ikki sababdan bo‘lishi mumkin:
a) nikoh sababli
b) mulk ul-yamin,ya`ni egalik qilish sababli
Shariatda nikohi harom qilingan ayollar ikki turga bo‘linadi:
a) nikohi abadiy harom qilingan ayollar
b) nikohi ma`lum vaqtgacha harom qilingan ayollar
Аlloh taolo turli sabab va hikmatlarga koʼra, har bir erkakka bir necha toifa ayollarning nikohini harom qilgan. Er kishi ularga uylanishi mumkin emas, bundoq qilish harom hisoblanadi. Kim shu ishni qilsa, gunohkor boʼladi. Аlloh Qurʼonda:
حرمت عليكم امهاتكم وبناتكم واخواتكم وعماتكم وخالاتكم وبنات الاخ وبنات الاخت وامهاتكم الاتى ارضعنكم واخوانكم من الرضاعة وامهات نسائكم وربئبكم الاتى فى حجوركم من نسائكم الاتى دخلتم بهن فان لم تكوتوا دخلتم بهن فلا جناح عليكم وحلائل ابنائكم الذين من اصلابكم وان تجمعوا بين الاختين الا ما قد سلف ان الله كان غفورا رحيما
“ Sizlarni onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, oʼzingiz qovushgan xotinlaringizning qaramogʼingizdagi qizlari harom qilindi. Аgar u ( xotin )lar bilan qovushmagan boʼlsangiz ( qizlariga uylanishingizda ) gunoh yoʼq. Va pushtingizdan boʼlgan oʼgʼillaringizning xotinlari, opa-singilni qoʼshib olmogʼingiz harom qilindi. Magar avval oʼtgan boʼlsa, mayli. Аlbatta, Аlloh magʼfirat qiluvchi va rahmli Zotdir”.[1]
Nikohi abadiy harom qilingan ayollar nasab e`tiboridan yoki qarindosh-urug‘chilik e`tiboridan yoki razoat, ya`ni emikdoshlik e`tiboridan bo‘lishi mumkin. Molikiy mazhabidagi imomlar nikohi abadiy harom qilingan ayollar 25ta deb e`tibor qilishgan, yettitasi nasab jihatidan va yana yettitasi emikdoshlik e`tiboridan, uylanganlik sababli yana to‘rtta ayolning nikohi harom bo‘ladi.
Bunday nikohlarning ta’qiqlanishi, axloqiy hamda biologik nuqtai nazardan, zamonaviy tibbiyot fani xulosalari bilan hamohangdir. Biologik tadqiqotlar natijalarining ko‘rsatishicha, nikoh qanchalik begona shaxslar bilan tuzilsa, avlod ham shunchalik sog‘lom bo‘ladi.
Oila Kodeksining 16-moddasida ham nikoh tuzishga monelik qiladigan yuqoridagi holatlar aniq bayon qilib berilgan. Unga ko‘ra, nikohga kirish uchun belgilangan shartlarga rioya qilinmasdan tuzilgan nikoh qonunda ko‘rsatilgan tartibda va asosda tugatilishi yoki haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Inson hayotining nikohdan keyingi davrining muvaffaqiyatli kechishiga yoki aksincha bo‘lishi ko‘p narsalarga bog‘liq.
Oilani pok saqlashni, uning saodatli va mustahkam bo‘lishini istagan, turmush qurish bo‘sag‘asida turgan har bir yosh o‘zi uchun bir umrlik jufti halol tanlashda e’tiborli bo‘lmog‘i kerakligi islom ta’limotida alohida ta’kidlanadi.
عن النبي صلى الله عليه وسلم قال:"تنكح المرأة لأربع: لمالها،ولحسبها،ولجمالها،ولدينها، فاظفر بذات الدين تربت يداك"
Bu borada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishi to‘rt narsa uchun nikoh qilinadi: moli uchun, jamoli uchun, nasabi uchun, dini uchun. Dindorini ixtiyor qilgin ,qo’ling tuproqqa qorilgur»[2],- degan.
Hadisdan ma’lum bo‘lishicha, tanlanayotgan umr yo‘ldoshning moli ham, nasabi ham, jamoli ham ahamiyatli, lekin uning dini, odob-axloqi e’tiborliroqdir. Chunki bu sifat bilan kishining solihligi belgilanadi. Islom ta’limoti buni alohida ta’kidlash bilan birga, kishilar ko‘nglida qadrli bo‘lgan molu davlat, chiroy, nasl-nasab kabi sifatlarni ham nazardan soqit qilmaydi. Ammo bu sifatlar insonning xulqu odobi va e’tiqodidan keyingi belgilardir. Shuningdek, kelin-kuyov o‘rtalarida yaxshi aloqa rivoj topishi uchun nikohdan avval ko‘rib turmush qurishga chaqiradi. Oilaning tinchligi, uning farogʼatli turmushi shu oilaning boshida turgan er bilan xotin orasidagi doʼstona munosabatlarga bogʼliq.
«Yuz bir hadis va uning sharhi» toʼplamining 21-moddasi izohida quyidagicha yoziladi: «Turmush dunyosida erlarning gʼayrati, tirishqoqligi naqadar kerak boʼlsa, xotinlari ham oʼshandoq harakat qilishlari kerak. Oila boshligʼi boʼlgan er bor kuchi bilan harakat qilib, mol-mulk orttirsa-yu, uning topgan molini xotin koʼpaytirishga tirishmasa, balki kerakmas oʼrinlarga ishlatib bitirsa, u oilaning turmushi hech olgʼa keta olmas. Xotinlar erkaklarning yarim qismi boʼlgach, albatta, ular erlarining turmushlariga yordam bermoqlari kerak» . Shariatimiz hukmiga ko’ra, nikoh orqali er – xotinning o’rtasida mehr, muhabbat, shafqat, sadoqat rishtalari paydo bo’ladi va jamiyat turli iflosliklardan poklanib, sog’lomlashadi. Undan ahillik, ittifoqlik, yuzaga keladi. U Alloh tomonidan o’z bandalariga berilgan ulug’ ne’mat va muborak hadya bo’lgani uchun insonlar jamoasini yaxshilik, ezgulik, insoniylik yo’liga olib boradi.
Islom dinidagi oila munosabatlariga tegishli koʼrsatmalarda eng asosiysi, oilaviy hayotda tinch-totuvlik, insoniylik, poklik, tartib, odob va er-xotin bir-birlarining xuquqlarini poymol qilmasligiga eʼtibor berib hayot kechirishga undaladi. Hozirda butun zamin uzra milliardlab insonlarning tinchlik va xotirjamlikda yashash masalasi bu avvalambor har bir oiladan va unda barpo qilinayotgan oʼzaro tinchlik muomalalaridan boshlanadi. Shunday ekan Alloh Taoloning buyruqlariga amal qilgan holda umr kechirishlik bilan Haqning rizoligiga yetishishimiz mumkin.
Xadichai Kubro ayol- qizlar o`rta
maxsus islom ta`lim muassasasi
3- kurs talabasi Sobirova Gulzoda
[1] Niso surasi 23-oyat Shayx Muxammad Sodiq Muxammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Toshkent: «Xilol Nashr» nashriyot- matbaasi, 2005.
[2] Al-Imom Ahmad ibn Hanbal. Mavsu`at hadisa. Musnad. T.4.-Bayrut