Biznesda islomiy shirkat
«Shirkat» lug’atda «aralashib ketish» degan ma’noni bildiradi. Shariatda: shirkat – sarmoya va foydada sherik bo’lgan ikki kishi o'rtasidagi shartnomadan iborat.
Shirkat shariatning uch asosiy manbai, ya’ni Qur’oni Karim, hadisi sharif va ummatning ijmosi bilan sobit bo’lgan.
Alloh taolo Sod surasi 24-oyatda shunday marhamat qiladi: «Albatta, ko'p sheriklar bir-birlariga zulm qilurlar. Magar iymon keltirib, solih amal qilganlargina (qilmaslar). Ular juda ham oz».
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham shirkatga tegishli bir qancha hadislar naql qilingan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan marfu hadisda : Alloh taolo aytadi: «Men ikki sherikning, modomiki ulardan biri o’z sherigiga xiyonat qilmasa, uchinchisidirman, agar unga xiyonat qilsa, men ularning oralaridan chiqaman»
Soib ibn Abu Soib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U islom avvalida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tijoratdagi sheriklari edi. Fath kuni bo‘lgach: «Urishib-janjallashmaydigan birodarim, sherigim xush kelibsiz», - dedilar» (Bayhaqiy rivoyati).
Shirkat xossatan, iqtisodiy zaiflik va tajriba kam bo‘lgan holatda taqvo bilan bo‘ladigan bo‘lsa, yaxshi ishlardan sanaladi. Agar shunday bo‘lsa, kishi o‘zidan ko‘ra kuchli va tajribali kishiga yordam beradi. Yoki o‘zi kabi insonni yanada quvvatlaydi. «Fathul Qodir» sohibi aytadilarki: «Shirkatdagi fazilatlarning xulosasi molni tahsil qilishdagi o‘zaro yordam berishga qaytadi».
Shirkat shartnoma shirkati va mulk shirkatiga bo'linadi.
Mulkdagi sherikchilik, ikki yoki undan ko‘p bo‘lgan shaxslar biror narsani sherikchilik asosida majburiy yoki ixtiyoriy, ketma-ket bo’lsa ham sotib olishlari yoki biror sovg‘ani sherik bo‘lib qo‘lga kiritishlari yoki biror narsaga meros yo‘li bilan ega bo‘lishlari orqali bo‘ladi. Xuddi bir kishi bir narsani sotib olib, so’ng boshqasi unda sherik bo’lgani kabi. Merosdagi sheriklik majburiy, savdodagi sheriklik ixtiyoriy bo’ladi.
Shartnoma shirkati esa, bir kishining «Men senga falon ishda sherik bo’ldim» va ikkinchi kishining «Qabul qildim» deyishi bilan tuziladi. Shartnoma shirkatida vakolatni topshirish shart qilinadi. Bu o’zaro tasarrufdan foydalanish imkonini beradi va undan talab qilingan shirkat shartnomasining hukmi bajariladi. Bu foydada sherik bo’lishdir.
Shartnoma shirkati o’tinchilik, o’rimchilik, ovchilik, tilanchilik kabi muboh ishlarda to’g’ri bo’lmaydi. Bularning barchasida mulk sababini qilgan kishiga xoslanadi.
Shartnoma shirkatining turlari sarmoyasi hisobiga ko’ra to’rttadir, Agar sarmoya mol bo’lsa, u inon va mufovaza, agar bundan boshqa narsa bo’lsa, taqobbul va vujuh shirkati bo’ladi.
Shirkat quyidagi holatlarda o’z-o’zidan tugaydi:
- Sheriklardan birining vafot etishi;
- Majnun bo’lib qolishi;
- Murtad bo’lib, musulmon bo’lmagan yurtga ko’chib ketishi:
- Shirkat boshlanishidan oldin sheriklardan birining moli halok bo’lishi;
- Shirkatni ikki tomondan biri bekor qilishi;
Ushbu holatlarda vafot etgan, majnun bo’lgan, murtad bo’lgan kishi haqqida shirkat tugaydi. Boshqa sheriklar esa o’z shirkatlarida davom etadilar.Lekin, merosxo’r yoki valiy shirkatni davom ettirishni istasa, muomalani qaytadan tuzadi.
Xadichai kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi
Najmiddinova Dilfuza