07.05.2022
464

Tafsir ilmining paydo bo`lishi tarixi

    Tafsir ilmining paydo bo`lishi tarixi

Maʼlumki, Qurʼon oyatlari Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga 23 yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak holda nozil qilingan. Bu oyatlarning o‘qilishini va maʼnolarini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarga tushuntirib berar edilar, shuning bilan birga ular bu oyatlarni o‘z hayotlariga tadbiq qilar edilar. Darhaqiqat, musulmonlar bu ulug‘ kalomni chuqur o‘rganishlari bilan unga tavajjuh qilishdan o‘zga ulug‘lik va undagi yaxshiliklardan o‘zga insonga foydali bo‘lgan xayriyat yo`qligini tushunib yetgan edilar. Qurʼon xolis arab tilida nozil bo‘lganligi uchun uning oyatlarining maʼnolarini tushunar edilar. Shuning bilan bir qatorda asl maqsadi nozik bo‘lgan Qurʼon oyatlari bor ediki, ularni tushunishda sahobalar ham to‘siqlarga duch kelar edilar. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmas edi. Ular bunday hollarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar va Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga bu oyatlarning asl mohiyatini bayon qilib berar edilar. Rasululloh  sallallohu alayhi vasallamga Qurʼon oyatlarini yetkazishlik vojib bo‘lganidek, uning maʼnolarini bayon qilib, sharhlab berishliklari ham vojib edi. Shu tariqa tafsir ilmiga bo`lgan ehtiyojlari ham ortib bordi. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Alloh taolo o‘z kalomini balog‘at va fasohatda yetuk holda berdi. Qurʼoni karimni eshitgan odamlar bu insonning kalomi emasligiga iqror bo‘ldilar. O‘sha kalom insu jinga zarur bo‘ladigan barcha ahkomlarni o‘z ichiga olgan. Bu oyatlarni o‘qib o‘rganish va sharhlashga zarurat tug‘ildi. Ulamolar Alloh taoloning kalomini tushunishga yengillik bo‘lishi uchun ushbu kalomga sharhlar yozdilar. Uni "Tafsir" ilmi deb nomladilar. Har bir ilmni bilishdan oldin o‘sha ilm u nom bilan atalgan ismning lug‘aviy va istilohiy maʼnolarini bilmoklik zaruriydir, toki u ilmning mafhumi tushunarli bo‘lmokligi uchun.

   “Tafsir” so‘zi arabcha – “فَسَّرَ، يُفَسِّرُ، فّسِّرْ، تَفْسِيْرٌ” so‘zdan olingan bo‘lib, “bayon qilish, ochib berish va ravshan qilish”, degan maʼnolarni anglatadi.                                           Ulamolarimiz istelohida esa: 

عِلْمٌ يُبْحَثُ فِيْهِ عَنِ الْقُرْآنِ الْمَجِيدِ مِنْ حَيْث دَلالَتِهِ عَلَى مُرَادِ اللهِ تَعَالَى بِقَدْرِ الطَّاقَةِ الْبَشَرِيَّة

Yaʼni, Unda inson qudrati yetguncha Alloh taoloning murodiga dalolat qilish jihatidan Qurʼoni karimdan bahs qilinadigan ilm.

Abu Hayyon rahmatullohi alayh bildirishlaricha tafsirning istilohdagi yana bir maʼnosi: 

عِلْمٌ يُبْحَثُ فِيْهِ عَنْ كَيْفِيَّةِ النُّطْقِ بِاَلْفَاظِ الْقُرْآنِ وَ مَدْلُولاتِهَا وَ اَحْكَامِهَا الاِفْرَادِيَّةِ وَ التَّرْكِيبِيَّةِ

وَ مَعَانِيهَا الَّتِى تُحْمَلُ عَلَيْهَا حَالَةُ التَّرْكِيْبِ وَ تَتِمَّاتٍ لِذَلِكَ

Ilmi tafsir shunday ilmki, unda Qurʼon alfozlarini ado etish holati va uning mafhumotlari, uning yolg‘iz va murakkab bo‘lgan holatlaridagi hukmlari, murakkab holatida qanday maʼno ifoda etmoqligi va yana nosix-mansux, shaʼni nuzul va mubham qissalarni tafsil ila bayon etmoqlikdan bahs yuritiladi.

Tafsir ilmi kelib chiqishi va rivojlanishi jarayonida bir necha qismlarga bo‘lingan.

Birinchi qism – “Tafsir bil maʼsur”. Bu qismdagi tafsirda mufassir Qurʼoni karim oyatlarini rivoyat qilgan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi. Bu uslubda yozilgan tafsirlarning mashhurlari quyidagilardir; Muhammad ibn Jarir Tabariyning “Jomiʼul bayon fi tafsiril Qurʼon”, Abu Muhammad Husayn ibn Masʼud ibn Muhammad Bag‘aviyning “Maʼolimut tanzil”, Imoduddin Ismoil ibn Kasirning “Tafsirul Qurʼonil azim”, Jololiddin Suyutiyning “ad-Durrul mansur  fit-tafsiri bil maʼsur” kitoblari. 

Ikkinchi qism – “Tafsir bir – ray”. Bu qismda mufassir o‘z fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi va u ikkiga: joiz va g‘oyri joizga bo‘linadi. Joiz bo‘lgan ray bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoqda bo‘lib tafsir qiladi. Joiz bo‘lmagan qismda esa, mufassir jaholat, bidʼat va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham allomalar bu navdagi tafsirni man qilganlar. Joiz bo‘lgan ray bilan qilingan tafsirlardan; Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Faxriddi Roziyning “Mafotihul g‘ayb”, Nasriddin Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad ibn Ali Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-taʼvil”, Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiyning “Madorikut-tanzil va haqoiqut taʼvil” kitoblari.

Uchinchi qism – “Tafsiri ishoriy”. Bu qismda mufassir oyatning zohiriy maʼnosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozasi bilan tafsir qiladi. Bu faqat suluk va tasavvuf arboblarining uslubidir. Bu qismga doir tafsirlar; Nizomiddin Hasan ibn Muhammad Husayn Xurosoniy Naysoburiyning “G‘aroibul Qurʼon va rag‘oibul Furqon”, Sheroziyning “Aroisul bayon fi haqoiqil Qurʼon” kitoblari. Keyinchalik tafsirning yo‘nalishlari ko‘payib ketdi.

Binobarin, har ko‘zga ko‘ringan rivoyat bilan Qurʼoni karim oyatlarini tafsir etaverish durust emasdir. Chunki u rivoyat zaʼif bo‘lib, boshqa sahih rivoyatlarga muxolif bo‘lishi ham mumkin. 

Haqiqatda bu ish o‘ta nozik masaladir, shuning uchun bu sohaga faqatgina o‘z umrlarini ana shu fanga sarf etgan zotlargina mashg‘ul bo‘lmoqliklari munosibdir. Alloh taolo barcha mufassirlardan rozi bo'lsin.

         

                                                                                                                 Xadichai-Kubro ayol-qizlar o’rta 

maxsus ta’lim muassasi 

3-kurs talabasi Nurmatova Gulnoza

Другие новости

QUR'ON O'QUVCHINING ODOBI
18.11.2023 260
Qur'on o'quvchi odamlar orasida joylashganda ham, yo'lg'iz qolganida ham Allohga taqvo qilib, tilini befoyda so'zlardan tiyadi, nojoiz narsalarga qaramaydi, qalbida musulmonlarga hasad, gina-qudrat saqlamaydi.Qur'on o'qigan odam foydasiz ishlarga aralashmaydi, vaqtni...
Подробнее
Qur'on mo'jizalari
20.07.2023 323
O'zining kalomini to qiyomatga qadar mo'jiza o'laroq nozil qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar, Qur'oni Karim u zotga eng katta mo'jiza qilib berilgan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovat-u salomlar...
Подробнее
QARGʻALAR
08.06.2023 345
Qur’oni karim nozil qilinganiga 14 asrdan oshgan bo‘lsa-da, har kuni undagi biror voqea bilan bog‘liq ilmiy kashfiyotlar e’lon qilinmoqda. Albatta, 14 asr avval aytilgan gaplarning ilmiy haqiqati haligacha topilayotgani bu...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry