Ijtimoiy tarmoqlarda mazhabsizlikka chaqirish va undan saqlanish yo’llari
Bugungi kunimizda islom olamida va jamiyatimizda bu mavzu asosiy muammolardan biriga aylanib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda va internet olamida mazhabsizlikka da’vat qilish va yurtimizning ulug’ ulamolarini tahqirlovchi videoroliklar ko’plab uchramoqda. Bularning barchasi bunday nomaqbul harakatlar bilan oddiy xalqning e’tiborini tortish uchundir. Ammo ular bu ishlari bilan og’ir gunohga qo’l urayotganlarini sezmaydilar. Zero, muqaddas dinimiz ta'limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng sha'nlari ulug‘, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Ko‘plab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytishlari aytib o‘tilgan.
Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish shar'an vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qur'oni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”degan bo‘lsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” degan (9 oyat). Ya'ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo‘lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin bo‘lgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush e'lon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofe'iy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin bo‘lishmasa kim ham u zotga yaqin bo‘lardi?!” deyishgan.
Ularning o’z g’oyalarini tarqatishda bunday nomaqbul usuldan foydalanishliklariga sabab internet olamida keskin muhokamalarga sabab bo’lgan mavzuning o’ta tez tarqalishligidir. Ma’lumki internet tarmoqlarida yurtimiz ulamolariga nisbatan tahqiriy kayfiyatdagi mavzuning paydo bo’lishligi aqidasi sog’lom bo’lgan kishilarga yoqmaydi, natijada bu mavzu keskin muhokamalarga sabab bo’ladi va tezda tarqaladi. Ular o’z g’oyalarini tarqatishda bunday xunuk ishlarga ko’plab qo’l urishadi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning aksari diniy ilmi yo’q bo’lgan o’rta yoshli kishilar va yoshlardir. Tabiiyki, bunday ixtilofli mavzular ularni o’ziga tortadi. Natijada ularda ilk diniy bilimlar botil aqida ustiga bino bo’ladi. Shu yo’sinda bu toifalarning safi ilmsiz kishilarning hisobiga ortib boraveradi. Bu toifalar o’zlarining g’oyalarini tarqatishda aqidasi buzuq bo’lgan arabzabon kimsalarning videoroliklari va darsliklaridan foydalanadilar. Bu roliklarni ko’rgan ilmsiz kishilar bu gaplarni “arab gapiryapdi, arablar dinni yaxshiroq biladi, uning gapi haq” deb ko’r ko’rona ergashib ketaveradilar.
Hafs ibn Osim (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh (s.a.v.) shunday dedilar: “Kishining eshitganini gapiraverishligi uning yolg’onchiligiga kifoya qiladi” .
Ali (r.a.) shunday dedilar “Ilmni kimdan olayotganingizga qaranglar, chunki ilm bu dindir”.
Shunday ekan kishi eshitganini gapiravermasligi va ko’r ko’rona duch kelgan odamga ergashib ketavermasligi lozim bo’ladi
Shayx AbdulFattoh Abu G’udda rohimahulloh shunday dedilar:
“Hadis ilmi hadis ahlidan o’rganilmas ekan kitobdan ilm olgan inson muhaddis hisoblanmaydi”.
Bundan ma’lum bo’ladiki, kishi faqat kitob o’qishlik bilan olim bo’lib qolmaydi. Ilm olishda ilm ahliga murojaat qilishlik ilmni ahlidan talab qilishlik lozim bo’ladi. Aks holda, uni ilmi komil bo’lmaydi va naf keltirmaydi, hattoki, ilmi va aqidasidagi nuqsoni sababli odamlar orasida turli ixtiloflarni keltirib chiqaradi.
Bunday muammoni oldini olish uchun odamlardan ayniqsa yoshlardan diniy savodsizlikni ketkazish lozim. Bu yo’l bilan aqidasi buzuq toifalar ularning onginga diniy bilimlarni buzuq aqida bilan kiritishidan avval ularga to’g’ri diniy talim berish va ularning ilk diniy ilimlarini sof aqidaga qurish orqali ularni dinda va aqidada adashishdek yomon yo’ldan muhofaza qilish mumkin bo’ladi.
Bundan tashqari odamlarga mazhab o’zi nima ekanini, mazhabga ergashish qanchalik muhim ekanini, mazhabga ergashish orqali insonning e’tiqodi yanada mukammal bo’lishini uqtirish lozim zero odamlar bu toifalarning da’volari mutloq asossiz ekanini tushunib yetsinlar.
Xo’sh mazhab o’zi nima? Mazhabga ergashishlik qanday bo’ladi?
Ma'lumki, har bir mo‘min-musulmon bandaning o‘z diniga amal qilishidan asosiy maqsadi Alloh taologa bo‘ysunish va itoat etishdir. Bo‘ysunish esa uning buyruqlariga itoat etish va u qaytargan narsalardan qaytish ila bo‘ladi. Alloh taolo o‘z buyruq va qaytariqlarini Qur'oni karim va payg‘ambarimiz tillaridan hadis shariflarda bayon qilgan. Shuning uchun ham musulmon kishi amal qiladigan barcha hukmlarning asosi, ya'ni dalili mana shu ikki narsa hisoblanadi. Lekin har qaysi inson Qur'oni karim va hadisi sharif hukmlarini to‘liq va to‘g‘ri tushunib amal qila olmaydi. Shu sababdan hukmlarga to‘g‘ri va to‘liq amal qilishi uchun, bu dalillarni mukammal tushunib, undan hukm olishga qodir insondan so‘rashga majbur bo‘ladi, ehtiyoji tushadi. Bunga Alloh taoloning o‘zi ham buyurgan. Qur'oni karimning ushbu oyatida shunday marhamat qilinadi: «Agar sizlar bilmasangizlar, zikr ahlidan so‘rang» (Nahl surasi, 43-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o‘zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so‘rashga buyurmoqda. Musulmonlar payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri amal qilib kelishmoqda. Asri saodat davrida sahobalar bir masalaning javobini bilmasalar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o‘zlaridan so‘raganlar. U zotdan so‘ng esa insonlar o‘zlari muhtoj bo‘lgan masalalarida ulamolardan fatvo so‘rab, unga amal qilib kelganlar. Modomiki, insonlar fatvo so‘raydigan muftiyning ilmi va taqvosi qattiq bo‘lsa, uning aytgan gapiga hujjat talab qilmasdan amal etilsa, mana shu istilohda taqlidning ayni o‘zi hisoblanadi. Zeroki, taqlidga «boshqa birovning gapiga dalilini bilmasdan yoki talab qilmasdan ergashish» deb ta'rif berishgan.
Dastlabki hijriy asrlarda ko‘plab avom xalqlar o‘zlari ishongan, uning fatvosini boshqaning fatvosidan ustun qo‘ygan kishilariga murojaat qilgan. Bir paytning o‘zida bir kishining bergan fatvosi bilan cheklanmasdan, xohlagan kishidan masala so‘raydiganlar ham bo‘lgan. Bunga o‘sha paytda mazhablar o‘ziga xos, hozirgidek uslubda tartiblanmagani sabab bo‘lgan. Lekin ular bu ishlaridan faqat dinni tushunib, unga amal qilishni istashgan, xolos.
Keyinchalik to‘rt mazhab o‘ziga xos ko‘rinishda tuzilib, har bir mazhabning kitoblari yozilib, madrasalar ularni o‘rganish bilan cheklangan paytda bu mazhablarning so‘zlari insonlar o‘rtasida mashhur va ma'ruf bo‘ldi. Barcha mazhabboshilar o‘z mazhablarini Qur'on va hadisdagi dalillar asosida barpo qildilar. Ular hukmlarni chiqarib olish yo‘llarini arab tili nuqtai nazaridan, hukmlarni bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan ma'lum qoida shaklida tartibladilar. Ya'ni ular o‘z mazhablarini Qur'oni karim va hadisi sharif asosiga ko‘ra tartibladilar. Endi bu paytga kelib, o‘zi shu ishga qodir bo‘lmagan, ya'ni shariat asoslaridan hukm olishga qudrati yetmaydigan, bunga yetarlicha ilmi bo‘lmagan har bir musulmon shu to‘rt mazhabdan biriga ergashishi vojib bo‘ladi.
Bir mazhabga ergashgandan so‘ng esa boshqa mazhabga o‘tib ketishi mumkin emas. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun bir paytning o‘zida to‘rt mazhabga ergashib, ulardan xohlagan birining so‘ziga xohlagan paytda amal qilish mumkin emas? Vaholanki, barcha mazhab to‘g‘ri yo‘lda-ku...
Bunga asosiy sabab shuki, agar biror kishiga bu mazhablardan xohlagan bittasining so‘ziga xohlagan payti amal qilishiga ruxsat berilsa, o‘sha inson bu ishni shariatning asosi bo‘lgan dalilga asoslanib emas, balki havoi nafsiga ergashib, o‘zining foydasiga ishlaganda, shaxsiy manfaatini o‘ylab bu ishni amalga oshiradi. Ya'ni bir mazhabga ko‘ra bayon qilingan hukmga o‘zining foydasiga ishlab turganda amal qiladiyu, zarariga ishlaganda esa uni tark etib, o‘zining havoyi nafsiga mos boshqa mazhab so‘ziga amal qiladi. Bu keyinchalik o‘sha insonning dini buzilishiga, ya'ni to‘g‘ri yo‘ldan ozishiga sabab bo‘lgani uchun ham biror ulamo bu ishga ruxsat bermaganlar.
Omma-xalqning daqiq hukmlarni bilishi qiyin bo‘lgani, agar ularga mazhablar fikrlari o‘rtasida tanlov eshiklari ochilsa, ulug‘ shariat hukmlarida tartibsizlik holati yuzaga kelgani bois bir mazhabga amal qilishga ehtiyoj tushadi. Mazhabga ergashish masalasini to‘g‘ri tushunish kerak. Bir mazhabga amal qilish degani o‘sha mazhabboshining o‘zigagina bo‘ysunish emas, Alloh saqlasin, balki uning shariat va uning dalillari borasidagi ilmi boshqalarnikidan ko‘ra ko‘proq deb va uni shariat hukmlarini tushunishiga ko‘makchi deb ishonilgani uchun yoki o‘sha mazhabni o‘rganish boshqa mazhablardan ko‘ra osonroq bo‘lgani uchun amal qilinadi demakdir.
Inson modomiki o‘zi Qur'on va sunnatdan dalil olishga yetarlicha bilim va saviyaga ega bo‘lmas ekan, tanlagan mazhabining imomi aytgan so‘zlariga amal qilishi lozim bo‘ladi.
Biz yuqoridagi ma'lumotlardan to‘rt mazhabdan biriga ergashish vojib ekanligi, biriga ergashgandan so‘ng esa boshqasiga o‘tib ketishi mumkin emasligini bilib oldik. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Qaysi birini tanlaymiz, xohish o‘zimizdami? Xohlagan bittasiga ergashaveramizmi?..»
Bu to‘g‘risida Shayx Valiyulloh Dehlaviy shunday deganlar: “Agar bir omi (etarlicha ilmi bo‘lmagan) inson hind yoki Movarounnahrning qaysidir bir shahrida bo‘lsa, u yerda na shofeiy, na molikiy na hanbaliy olim bo‘lmasa va ularning mazhablaridagi biror kitob ham bo‘lmasa, unga hanafiy mazhabiga amal qilishi vojib bo‘ladi. O‘sha mazhabdan chiqishi esa harom bo‘ladi. Chunki bunday qilmasa, shariatga bo‘ysunishdan chiqib ketadi. Agar u haramaynda bo‘lsa, unga barcha mazhablarni o‘rganish muyassar bo‘lgani uchun, bir so‘zni gumon bilan olishi yoki avom xalqning tilidan olishi, yoki mashhur bo‘lmagan kitobdan olishi kifoya qilmaydi. Bu «Kanzud daqoiq»ning sharhi «Nahrul foiq»da zikr qilinganidekdir”.
Bulardan ma'lum bo‘ladiki, asosiy maqsad Qur'oni karim va hadisi sharifda bayon qilingan shar'iy hukmlarga amal qilish, ergashishdir. Avom xalqning shar'iy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga, chiqarib olishga bilim va saviyasi yetmas ekan, bir mazhabga ergashishi vojib bo‘ladi. O‘zlaricha hukm olib, shariatga noto‘g‘ri amal qilib qo‘ymasliklari uchun. Bir mazhabga amal qilishni boshlagandan so‘ng esa faqat o‘sha mazhabga amal qilish kerak bo‘ladi. Bir masalada gohida o‘z mazhabi so‘zini, gohida boshqa mazhab vakilining so‘zini olishi, ya'ni talfiq qilishi mumkin emas. Chunki bu ishni ko‘pincha nafsga yengillik istab bajaradi. Bu ish esa qaytarilgandir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
1-kurs talabasi Habibullayeva Ruqiya