ALISHER NAVOIYNING “SIROJ UL-MUSLIMIYN" ASARIDA TAHORATNING SUNNATLARI BAYONI
Buyuk mutafakkir olim Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimiyn” asari “Basmala” va “Kitob nazmining sababi" bilan boshlangan bo‘lib, unda qator aqidaviy masalalar bayon etilganidan so‘ng muallif fiqhiy masalalar bayoniga o‘tadi. Quyida Navoiyning “Siroj ul-muslimiyn” asarida keltirilgan tahoratning sunnatlari masalasining bayonini izohlar yordamida ko‘rib chiqamiz:
Tahorat sunnatlarining sharhi
Vuzu’da o‘n iki ish keldi sunnat,
Birisin tasmiya bil, birni niyat.
Birinchi baytdagi “vudu” so‘zidan murod “tahorat” bo‘lib, baytning ma’nosi “tahoratda o‘n ikki ishni qilish sunnat bo‘lib keldi” deyilmoqda. Ikkinchi baytda esa ularning biri tasmiya aytish - ya’ni “Bismillahir rohmanir rohim” ni aytish, yana biri esa niyat - ya’ni tahorat qilishni niyat qilish ekani bayon qilinmoqda.
Yu(v)mog‘ uch qatla qo‘l tirsakka tegru,
Yana bir mazmaza uch qatla ham bu.
Ushbu baytda qo‘lni bo‘g‘imigacha uch marta yuvish sunnatligi aytilgan bo‘lsa, keyingi baytda tahoratning yana bir sunnati – mazmaza ya’ni og‘izni chayish bo‘lib, uni ham uch marta qilish sunat ekani aytilmoqda.
Chu bo‘ldi mazmaza qilmoq mukarrar,
Bil istinshoh ham mundoq muqarrar.
Ushbu baytda tahoratning keyingi sunnati – mazmazani uch marta takrorlash sunnat bo‘lganidek istinshoq ham sunnat bo‘lib, uni ham uch bora takrorlanishi bayon qilingan.
Yana tahlil qilmoq lihiyag‘a zam,
Oyog‘ birla ilik barmog‘lari ham.
Ushbu baytda saqollarni tahlil qilish, ya’ni barmoqlarni ularning orasiga kiritib hilol qilish sunnat ekani va barmoqlarni ham shunday tahlil qilish, ya’ni qo‘l va oyoq barmoqlarining ham orasiga barmoqlarni kiritib tahlil qilish sunnatligi bayon qilinmoqda.
Yana uch qatla a’zoni yu(v)moq bil,
Yana boshning tamomin mash qilgil.
Ushbu baytda esa, tahoratda yuvish farz bo‘lgan o‘rinlarni uch martadan yuvish, ya’ni yuvishni uch marta qilish sunnatligi bayon qilingan bo‘lib, keyingi qatorda boshning (to‘rtdan biriga mas’h tortish farz bo‘lsa,) hamma joyiga mas’h tortish sunnatligi aytilmoqda
Yana tartib, ya’ni ulcha tahrir,
Qilindi berma lek anga tahyir.
Ushbu baytda tahoratda a’zolarni ketma-ket yuvishda tahoratning tartibiga rioya qilib yuvish ham sunnat ekani aytilib, mana shu tartibni o‘zgartirishdan qaytarilmoqda.
Birov ul jumladin keldi muvolot,
Yu(v)moq, ya’ni payopay uzvni bot-bot.
Ushbu baytda tahoratda yuviladigan a’zolarning barchasi ketma-ket kelgan bo‘lib, bu a’zolarni ketma-ket yuvish sunnatligi ta’kidlanmoqda. Tahoratda a’zolarning yuvilish ketma-ketligi tartibi Qur’oni karimda, Moida surasing 6-oyatida bayon qilingan tartibda bo‘ladi: Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar, namozga tursanglar, yuzinglarni yuvinglar va qo‘linglarni tirsagigacha (qo‘shib) yuvinglar va boshinglarga mash tortinglar va oyog‘inglarni to‘pig‘igacha (qo‘shib) yuvinglar», deb aytgan. (Moida surasi, b-oyat).
“Muxtasar ul-viqoya"da tahoratning sunnatlari quyidagicha keltiriladi:
Tasmiya ila boshlash, uyqudan turgan kishi uchun ikki qo‘lini kaftigacha uch marotaba yuvish, misvok qilish, og‘zini va burnini har gal yangi suv ila yuvish, barmoqlar va soqolni taxlil qilish, (har a’zoni) yuvishni uch marotabadan qilish, butun boshga bir marotaba mash tortish, ikki quloqni (boshga mash tortishdan) qolgan suv ila mash qilish, niyat, tartib, ketma-ketlik.
Tahorat namozning kaliti bo‘lib, bu ibodatlarda poklikka qattiq e’tibor qilishni taqozo etadi. Alloh taolo bunday deya marhamat qiladi: “Albatta Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutguvchilarni sevadi” (Baqara - 222).
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», deb aytganlar. (Buxoriy rivoyati).
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi,
ToshDO‘TAU 1-kurs magistranti G. Kenjaboy