Usulul fiqh ilmining kelib chiqish tarixi
Usulul fiqh ilmi boshqa shar’iy ilmlar qatorida eng ahamiyatli ilmlardan hisoblanadi. Bizga ma’lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam olib kelgan risolatlari – ya’ni Islom dini avval boshida hozirda biz alohida o’rganadigan islomiy ilmlarning barchasini qamrab olgan. Sahobalar davrida ham ular deyarli ajratilmagan. Ulardan keyin yashagan ulamolar – tobeinlar davridan boshlab islomiy ilmlar Qur’on ilmi, aqoid, fiqh, hadis ilmi bo’lib ajralib chiqdi. Shulardan fiqh ilmi ham avval aqoid, hadis ilmlari bilan birga bo’lgan bo’lsa , keyin sekin-asta ulardan ajrala boshladi. Keyin esa usulul fiqh ilmi ham fiqhdan alohida ilm sifatida qarala boshladi. Usulul fiqh ilmi nimani o’rganishini bilishdan oldin usulul fiqh so’zining ma’nosi bilan tanishsak.
“Usul” so’zining lug’aviy ma’nosi “asl” so’zining ko’pligi bo’lib, lug’atda devorning poydevori, asosi kabi ustiga boshqa narsalar bino qilinadigan narsaga va har bir narsaning asliga nisbatan ishlatiladi.
Fiqh so’zi lug’atda nozik nuqtalarigacha tushunish, fahmlash ma’nolarini bildiradi. Istilohda “Shar’iy dalillardan far’iy hukmlarni chiqarishga fiqh deyiladi. Bu ta’rifdagi “shar’iy dalil” dan Qur’oni Karim oyatlarini va Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tushunamiz. “Far’iy hukmlar” aslning teskarisi ya’ni shaxobcha, kichik ahamiyatli degan ma’noda bo’lib, shariatda ibodat va muamalotlarni o’z ichiga oladi.
Ulamolar istilohida “Usulul fiqh” quyidagicha ta’riflanadi:
Batafsil dalil-hujjatlardan shariatning amaliy ahkomlarini istinbot etish qoidalarini o’rgatuvchi ilm usulul fiqhdir.
Usulul fiqhning ma’nosi fiqhning dalillari yoki dalillaridan uning nuri yordamida fiqh istinbot qilinadigan kulliy qoidadir. Kulliy qoidalar Qur’oni Karim va Sunnatdagi barcha masalalarni qamrab oluvchi dalillarni o’rganib undan chiqariladigan qoidalardir. Usulul fiqh qoidalarga tegishli ilm bo’lib, mujtahid u bilan dalillardan hukmlarni istinbot qilishga erishadi.
Mazkur ilm xulofoi roshidinlar va ulardan keyingi sahobalar davridagi ijtihod harakati paytida yuzaga keldi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida u zotning o’zlari Qur’oni Karim oyatlari va o’z sunnatlari bilan barcha muammolarni hal qilar edilar. U zotning vafotlaridan so’ng esa ashobi kiromlar Qur’oni Karim va nabaviy sunnat hamda o’z ijtihodlariga e’timod qilib hukm chiqarishga kirishdilar. Chunki sahobalar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning suhbatlarining sharofati va qobilyatlarining o’tkirligi hamda Qur’oni Karim va hadisi sharifni yaxshi tushunganlari uchun ular usulul fiqh qoidalariga muhtoj emas edilar.
Sahobalar Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning har bir so’zlari, harakatlarini doimo kuzatib turar, o’zlariga singdirib olishga harakat qilar edilar. Ulardan u zot bilan nubuvvatning ilk kunlaridan birga bo’lib, umrlarining oxirigacha ajralmagan Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Abdulloh ibn Mas’ud (raziyallohu anhum) kabi kibor sahobalar Islom dinining daqiq nuqtalarigacha yaxshi tushunib anglab yetgan faqihlar bo’lib yetishdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keyin o’zlarining hadis, fiqh maktablariga asos solgan shayxlarga ustozlik qilishdi.
Qur’oni Karim arab tilida nozil bo’ldi. Uni Sunnat ham arab tilida sharhlab berdi. Sahobai kiromlar o’zlari arab bo’lganlari uchun arab tilini mukammal bilishar edi. Ular Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan doim birga bo’lganliklari uchun Qur’ondagi so’zlarning ma’nosini, nimaga dalolat qilishini, shar’iy hukm olish usullarini, hukmlardan shariat ko’zlagan maqsadni yaxshi bilishar edi. Bunga yana ulardagi o’tkir zehn, mustahkam xotira ham sabab edi. Ular biror yangi masala yuzaga chiqsa, uning hukmini avval Allohning Kitobidan qidirardilar. Agar Kitobdan topmasalar Sunnatga qarardilar. Agar Sunnatdan ham topmasalar ijtihod qilardilar – shu masalaga o’xshashiga shariat ko’zlagan maqsadga rioya qilgan holda solishtirib topishga harakat qilardilar. Buni Rasululloh sallallohu alyhi vasallamning Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborganlaridagi holatdan ham bilishimiz mumkin. Yana Umar ibn Xattobning Abu Muso Ash’ariyni (raziyallohu anhum) qozi qilib aytgan gaplari ham dalil bo’ladi. Umar ibn Xattob (raziyallohu anhu): “Qozilik buyurilgan farz yoki ergashiladigan sunnatdir”, dedilar. So’ng yana aytdilar: “Allohning Kitobida ham, Rasulullohning sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham yo’q bo’lgan, qalbing tutilib qolgan narsada fahmlashga qattiq kirishgin. O’sha narsaga o’xshashidan, mislidan solishtirib bilishga harakat qilgin. Shunday bo’lib qolganda qiyos qilgin. Allohga yaqiniga, haqqa o’xshashiga suyangin”.
Bu holat tobeinlar va tab’a tobeinlar davrida ham davom etdi. Ular sahobalarning tutgan yo’llarini tutishga harakat qilishdi. Fiqhiy masalalarni hal qilishda ba’zilari qiyosni mahkam ushlab voqealikdagi bor hukmga taqqoslasalar, ba’zilari shariatning maqsadlariga muvofiq manfaatlardan foydalanishardi. Lekin hammalari sahobalarning fikrlariga muvofiq hukm chiqarishar edi. Tobeinlar va tab’a tobeinlardan eng mashhurlari Said ibn Musayyab, Urva ibn Zubayr, Shurayh Qoziy, Ibrohim Naxaiy va boshqalar edi.
Islom dini bir qancha diyorlar va xalqlar orasida tarqalib arab xalqi boshqa millatlar bilan qo’shilib ketgach boshqa vaziyat yuzaga keldi. Paydo bo’lgan muammolarni hal qilish uchun umumiy qoidalar ishlab chiqish zarurati tug’ildi. Shu tariqa usulul fiqh ilmiga asos solindi. Bu ish mazhabboshi imomlar davrida, hijriy ikkinchi asrning oxirlarida yuzaga keldi. Usulul fiqh ilmi boshqa ilmlardan ajralib chiqdi. Ulamolar orasida “qiyos”, “istehson”, “masolihul mursala”, “sahobiyning so’zi”, “bizdan oldingilarning shariati”, “Madina ahlining amali” va shu kabi nomlar aytila boshladi.
Ana shu mujtahid ulamolar orasida asosan ikki yo’nalish ajralib va ko’zga ko’rinib qoldi. Ularning Hijoz mintaqasi olimlaridan iborat bo’lganlari “Madrasatu ahlil hadis”, Iroq olimlaridan iborat bo’lganlari “Madrasatu ahlir-ra’y” deyilardi. Ikkala madrasada ham sobit hadis va to’g’ri ra’yga amal qilingan.
Usulul fiqh ilmi VIII asrdan boshlab mustaqil fan sifatida shakllandi va faqihlar tomonidan katta e’tibor bilan o’zlashtirila boshlandi. Ushbu davrga qadar u fiqh ilmining bir qismini tashkil qilardi. Eng gullab-yashnagan davri IX-XIV asrlarga to’g’ri kelib bu davrlarda Movaraunnahrdan yetishib chiqqan yirik faqihlar Abu Ibrohim Ishoq ibn Ibrohim Shoshiy (vaf. 325/937), Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (vaf. 332/944), Qaffol Shoshiy (vaf. 366/976), Shamsul aimma Saraxsiy (vaf.500/ 1107) kabi yirik faqihlar mazkur soha rivojiga katta xissa qo’shdilar va bu sohada ko’plab asarlar yozdilar. Alloh ulardan rozi bo’lsin.
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta’lim muassasasi
4-kurs talabasi Tojiboyeva Gulnora