KIM KABI KIYINAMIZ?
Islom dini Alloh taoloning mukammal, barcha zamon va makonlarga salohiyatli dini o‘laroq, inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. SHu bilan birga, kiyinish ham inson hayotining muhim sohasi ekanligi hammamizga ma’lum. Islom boshqa hamma sohalarda o‘z ko‘rsatmalarini bersa-yu, kiyinish borasini tark etsa, uning mukammalligiga futur etgan bo‘lar edi.
SHuning uchun ham Islomda bu masala ham boshqa masalalar qatori etarli darajada o‘rganilgan. Bu esa musulmonlar uchun baxtdir. CHunki ular hayotning boshqa sohalarida bo‘lgani kabi kiyinish masalasida ham tayyor ta’limotlarga amal qilib, ikki dunyo saodatiga erishish uchun yana bir ilohiy yordam ola biladilar.
Ba’zilar kiyinish masalasiga bunchalik e’tibor berishning boisi nima, axir bu arzimagan narsa-ku, deyishlari mumkin. Ularga, avvalo, kiyinish arzimagan narsa emas, qolaversa, Islomda inson hayotining arzimaydigan hech bir joyi yo‘q, balki, inson hayotining hamma sohalari har qancha e’tiborga sazovordir, deyiladi.
Insonning kiyinishi uning ichki-ma’naviy dunyosining sirtda aks etishidir, deyishimiz mumkin. Qaysi insonda uyat, ayb, or-nomus kabi tushunchalar bo‘lsa, o‘sha inson o‘zining obro‘sini saqlaydigan, boshqalarning nafratini qo‘zitmaydigan bo‘lib kiyinadi. O‘z yurtining urf-odatlariga munosib tarzda kiyinish ham maqsadga muvofiqdir. Insonlardan boshqacha kiyinish uning taqvodor ekaniga dalolat qilmaydi, aksincha bu kibr va ko‘r- ko‘rona boshqalarga taqlid hisoblanadi. Odamlarni o‘ziga jalb qilishni, doimo hammaning diqqat e’tiborida bo‘lishni istamagan odam o‘z yurtining insonlar kabi kiyinishi, ulardan o‘zgacha bo‘lmaslikka harakat qilishi lozim.
Islom dini har bir musulmonning kiyim kiyishda qanday qoidalarga amal qilishi lozimligini batafsil yoritib bergan. Kiyim kiyish haqida ko‘plab oyat hadislar vorid bo‘lgan. Quyida ulamolarning kiyim kiyish haqidagi xulosalaridan keltiramiz:
- Libos uchun ishlatilgan mato ipakka o‘xshab shariatda harom qilingan bo‘lmasa haloldir. Ipak kiyim kiyish erkaklarga harom qilingan, hatto juda kichik yoshdagi bolalarga ham kiydirish mumkin emas.
- SHar’iy yo‘l bilan so‘yilmagan, o‘zi o‘lib qolgan hayvonlarning terisini oshlab kiyim qilib kiysa, bo‘ladi.
- Go‘shti halol hayvonlarning juni, qili va puxidan qilingan kiyimlar pokdir. Uning tirik yoki o‘lik hayvondan olingani farq qilmaydi.
- Jumhuri fuqaho yirtqich hayvonlarning terisini oshlab kiyim qilsa joizdir, deganlar.
- Madomiki harom narsadan bo‘lmasa, chiroyli kiyimlarni kiymoq mubohdir.
- Juma, iyd va odamlar jamlanadigan yig‘inlar uchun manmanlik va kibrdan uzoq bo‘lgan holda yasanish mustahabdir.
- Kim imkoni bo‘lib turib, mazkur yasanishni qasddan tark qilsa, xato qilgan bo‘ladi.
- Oq rangli kiyim mustahabdir.
- Qip-qizil rangli kiyim erkaklarga makruhdir.
- YAshil rangli kiyim ahli jannatning kiyimi bo‘lgani uchun mustahabdir.
- Turli rangli chiziqlardan iborat matodan bo‘lgan kiyim joizdir.
- Hayvonlar surati solingan kiyim erkak va ayollar uchun haromdir.
- Xoch surati bor kiyim kiyish ham harom.
- Jonli bo‘lmagan narsalarning surati bor kiyimning hechqisi yo‘q.
- Terining rangini bildiradigan darajada shaffof kiyim kiyish joiz emas.
Imom Bayhaqiy Alqamadan qilgan rivoyatda aytilishicha, Hafsa binti Abdurrohman Oisha roziyallohu anhoning oldilariga shaffof ro‘mol o‘rab kirganida Oisha onamiz yirtib tashlab, qalin ro‘mol o‘ratib qo‘ygan ekanlar.
- Odamlarning odatiga xilof kiyim ham makruhdir. Odatda bu kabi kiyimlar shuhrat uchun kiyiladi. Bu kabi kiyim kiyganlarni boshqalar g‘iybat qiladi va gunohlariga u ham sherik bo‘ladi.
Imom Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki shuhratdan nahyi qildilar.
“Ey Allohning Rasuli! Ikki shuhrat nima?” deyildi.
“Kiyimning yupqaligi yoki qalinligi, yumshoqligi va qattiqligi, uzunligi va qisqaligi. Bas, o‘shaning o‘rtachasi va tejamligi bo‘lsin”, dedilar.
- Abulfaraj quyidagilarni aytadi:
“Salafi solihlar o‘rtacha kiyim kiyar edilar. Juda yuqorisini ham emas, juda pastini ham emas. Kiyimning yaxshisini juma, ikki iyd va birodarlar bilan uchrashuvga ixtiyor qilar edilar. Ularning odati bo‘yicha yaxshi kiyim tanlash qabih emas edi”.
- Imkoni bo‘lib turib qasddan zohidlikni va taqvoni ko‘rsatish uchun xarob kiyimlarni kiyish mumkin emas.
- Hanafiy va SHofe’iy ulamolar olim kishilarning kiyimi juda yaxshi bo‘lishi mandubdir, deganlar. SHu bilan birga, ular keng va ko‘zga tashlanadigan kiyimlarni kiymoqlari lozim. Bu ila ilmning maqomi zohir bo‘ladi. Odamlar ularni darhol tanib, savollarini beradilar.
- Musulmon kishi qay bir kiyimni kiysa ham o‘ng tomonidan boshlamog‘i sunnatdir. Echishda chap tomonidan echadi.
- Kiyimni kiyishda “bismillahi” aytiladi va duolari o‘qiladi.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisi S.Ibragimova