Sababi nuzulning foydalari
Qur'on ilmlari ichida "Sababi nuzul" ilmi alohida o'rin tutadi. Allohning kitobi Qur'oni Karimni o'rganish va undan shar'iy hukmlar chiqarishda ushbu ilmning foydasi ahamiyatlidir. Sababi nuzulning ma'nosi- Qur'oni Karimda vahiy nozil bo'lishiga sabab bo'lgan narsa demakdir. Boshqacha qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida biror hodisa ro'y beradi yoki u zotga savol beriladi. Shu munosabat ila bir yoki bir necha oyatlar nozil bo'lib, Alloh taolo ularda mazkur hodisaga bog'liq narsani bayon qiladi yoki savolga javob beradi. Shu hodisa va savol "sababi nuzul" hisoblanadi. Sababi nuzulni bilish oyati karimalarning manolarini bilish, tushunishga katta ta'sir etadi. Shuning uchun ulamolardan ko'pi bu ilmni o’rganishga kirishgan va u haqida kitoblar yozib, yoritib berishgan.
Sababi nuzullarni o'zining fikriga qarab bilish imkonsiz, balki u haqida sahih rivoyat yoki kimdandir eshitilgan xabar bo'lishi kerak. Sababi nuzulni bilishning sahih naqldan boshqa yo'li yo'qdir.
Vohidiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi :
"Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "O'zingiz bilmagan gapni gapirishdan saqlaning. Kim menga nisbatan yolg'on gapirsa, do'zaxdagi o'rnini tayyorlayversin. Kim qur'onga nisbatan
yolg'on gapirsa, do'zaxdagi o'rnini tayyorlayversin", dedilar".
Shuning uchun ham biror oyatning sababi nuzuli haqida ushbu oyatlarning nozil bo'lishiga guvoh bo'lgan, nozil bo'lish sabablarini bilgan, uning ilmini bahs qilgan zotlardagina to'g'ri yo'l bilan naql qilish mumkin.
Shunga binoan, "Sababi nuzul" sahobadan naql qilingan bo'lsa, boshqa rivoyatda tasdiqlangan bo'lmasada, qabul qilinaveradi. Chunki, sahobadan rivoyat qilingan xabar Nabiy
sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan narsaning hukmidadir. Zotan bu kabi nozik masalalarda sahobalar o'zlaricha bir gap aytmaydilar. Ular bu borada faqat eshitgan, ko'rgan, hozir bo'lgan va tasdiqlangan narsalarnigina gapiradilar.
Agar sababi nuzul haqida mursal (ya'ni sanadida sahoba tushib qolgan) xabar naql qilinsa, uni boshqa bir mursal quvvatlasagina va uni Mujohid, Ikrima va Said ibn Jubayrga o'xshash katta olim, mufassir tobeinlar rivoyat qilsagina, qabul qilinadi.
Ba'zi insonlar sababi nuzulda foyda yo'q deb o'ylashadi va tarix va qissalarning joriy bo'lishida uning ahamiyati katta emas. Albatta Alloh taoloning kitobini tafsir qilishni iroda qilgan odam uchun sababi nuzulning zarurati yo'q deb o'ylashadi. Ushbu fikr xato va rad
etilgan so'zdir. Bu kalomni biluvchi kishining so'zi emaski, mufassirlar so'zidan xabardor odam bunday demaydi.
Alloma Vohidiy: “Oyatning qissasiga va uning nozil bo'lishiga to'xtalmay turib, oyatni tafsir qilish imkonsiz”, deb aytgan.
Ibn Daqiyq Aliyd: “Sababi nuzulni bayon qilish Qur’on oyatlarini bilishdagi eng kuchli yo'ldir”, degan.
Ibn Taymiyya: “Sababi nuzulni bilishlik oyatni tushunishga yordam beradi. Chunki sababni bilish musabbabni bilishni keltirib chiqaradi”.
Sababi nuzulning foydalari:
a) Hukmni shariatga kiritilishiga sabab bo'luvchi hikmatlarni o'rganish.
b) Hukmni sababga xoslash.
c) Oyatni zohirida hasr ya'ni hukmni cheklab qo'yish bor bo'lgan o'rinlarda o'sha oyatdan cheklash gumonini ketkazish.
d) Oyati karima kim haqida tushganini bilish bu bilan mubham narsalar ma'lum bo'ldi.
Sababi nuzulni bilishning ahamiyatini anglash uchun oyatdan misol keltiramiz. Ba’zi oyatlar borki, ularni faqatgina sababi nuzulni bilish orqali to’g’ri anglash mumkin.
وَلِلَّهِ ٱلۡمَشۡرِقُ وَٱلۡمَغۡرِبُۚ فَأَیۡنَمَا تُوَلُّوا۟ فَثَمَّ وَجۡهُ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ وَٰسِعٌ عَلِیم
Mashriqu mag‘rib Allohnikidir, qayoqqa qarasangiz, Allohning yuzi bor. Albatta, Alloh keng
qamrovli, biluvchi zotdir. (Baqara surasi: 115-oyat)
Sababi nuzulni bilmagan odam ushbu oyatdan qiblaga emas, xohlagan tomonga yuzlanib namoz o’qish mumkinligini tushunadi, bu esa xatodir.
Chunki, qiblaga yuzlanish namozning shartlaridandir. Bu oyatning tafsiri sababi nuzul orqali bilinadi. Ushbu oyat safardagi odam uchun nozil bo'lgan. Safardagi odam agar qiblani yo'qotsa, ijtihod qilib taharriy qiladi va bunday holatdagi odamning namozi to'g'ri bo'ladi, mabodo noto'g'riligi ayon bo'lsa ham namozini qayta o'qimaydi. Bu oyat qiblani bilmaydigan musofir odam uchun xosdir.
4 bosqich talabasi Rahimjonova Rayhona