Izn so`rash odobi
Bizlarga Islom odobini go`zal qilib bergan Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolar bo`lsin!
Odob masalasini insoniyat tarixida ilk bor Islomgina to`laqonli ravishda boshlagan, unga katta ahamiyat bergan desak, mubolag`a qilmagan bo`lamiz. Islomda birovning huzuriga kirishga izn so’rashning ham o’ziga yarasha odoblari bordir. Musulmon kishilar ushbu islomiy odoblarga amal qilmoqlari lozimdir. Avvalo, izn so’rayotgan odam hovliga, uy ichiga ko’z tashlamasdan, boshqa tomonga qarab turib, izn so’rashi kerak.
Imom Abu Dovud Huzayl ibn Shurayhbildan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar zikr qilinadi: “Bir odam Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning eshiklariga qarab turib, izn so’ray boshladi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen undoq yoki bundoq tur, izn so’rash nazardan saqlanish uchun joriy qilingandir”, dedilar” .
Yani izn so’rash birovning uyiga nazar tushmasligi uchun joriy qilingan, demak ichkariga qarab turib, izn so`ralmaydi.
Izn so’ramoqchi bo’lgan kishilar eshikka yuzma-yuz holatda emas, balki o’ng yoki chap taraflari bilan turmoqlari lozim.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kishi o`z farzandining oldiga kirishda ham, onasining oldiga kirishda ham, onasi qarib, kampir bo`lib qolgan bo`lsa ham, izn so`raydi. Xuddi shuningdek, aka-ukasining, opa-singlisining va otasining oldiga kirishda ham izn so`raydi”.
Bu rivoyadan eng yaqin mahramlarning oldiga kirish uchun ham izn so`rash shartligini tushunib olamiz. Bunda insonning o`z uyida har qanday holatda bo`lishi va izn so`ramay kirganda ikki tomon ham noqulay holatda qolmasligi e`tiborga olingan. Hattoki farzandining oldiga ham izn so`rab kiradimi, degan savol tug`ilishi mumkin. Albatta, bu ham farzand tarbiyasida muhim o`rin tutadi. Yoshligidan ularga izn so`rab kirish kerakligi o`rgatilsa, farzanlar hayoli bo`lib voyaga yetadi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hujralari tirqishidan qaradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mishqosni o`qtaldilar. Shunda haligi odam boshini chiqardi”.
Mishqos-uchni o`ta qizdirib, yaraga bosiladigan uzun temir asbob.
Ushbu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek mutavoze`, sabrli salobatli inson bu yaramas amalga qanday keskin va shiddat bilan qaraganlarini bilib olamiz. Biz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlari ham avvalo o`zimiz bundan g`oyatda ehtiyot bo`lishimiz, boshqalarni ham qaytarishimiz, bu gunohning hukmini bayon qilib, tushuntirib, o`rgatishimiz kerak ekan.
Birovning uyiga kelgan kishi eshikni ro`parasida turmasligi kerak. Yo o`ng tomonda yo chap tomonda turib uch marta izn so`rashi kerak. Izn berilsa kirishi, berilmasa qaytib ketishi lozim. Izn bo`lmasa, qayta-qayta chaqirib, eshikning qo`ng`irog`ini bosib turavermaslik kerak. Chunki birov kelib, eshikni ochsa, beixtiyor ko`z ichkariga tushadi. Shuning uchun eshikning to`g`risidan sal chetlab, biron tomonga qarab turish kerak. Ko`zning bexosdan ichkariga tushmasligiga harakat qilish zarur. Islom odobi shuni taqozo etadi.
Izn so`rab kirishning eng katta foydalari fahsh ishlarning oldi olinshi, bexosdan avratlarga ko`z tushishidan, nomahramlar xilvatda birga qolishidan, turli shubhalar, noshar`iy holatlar yuzaga kelishidan saqlanishda ko`rinadi.
Shuningdek, birovning maktubini o`g`irlab olish yoki zo`rlik qilib o`qishga intilish uyoqda tursin, iznsiz ko`z tashlash ham mumkin emas. Kim birovning maktubiga iznsiz qarasa, do`zax otashiga qaragandek bo`ladi. Hozirgi kunda birovning uyali aloqada yozgan xatlarini o`qish ham shu hukmga kiradi.
Ulamolarimiz nazar solishga oid hukmni eshitishga, quloq solishga ham qiyos qilganlar.Yani birovning hovlisiga, maktubiga iznsiz qarash qanchalik harom bo’lsa, o’sha hovli va uydagi ovozlarga, gap so’zlarga yashirincha quloq solish ham shunchalik haromdir.
Xulosa qilib aytadign bo`lsak, musulmon kishi doimo ehtiyot bo`lishi lozim.
Shunda har xil no`qulay holatlar, yomon gumonga borishlar yuzaga kelmaydi.
Alloh barchamizni Islomning go`zal odoblari bilan xulqlanishimizga O`zi muvaffaq qilsin!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta maxsus islom muassasasi 3-kurs talabasi Nusratullayeva Muxlisa