Suvimiz tugashini kutyapmizmi?
Butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham pandemiya sababli, tozalash vositalarini ishlatish foizi oshishi bilan bir qatorda, suvdan foydalanish foizi ham sezilarli darajada ko’paydi. Ma’lumki, sayyoramizda suv qanchalik ko’p bo’lmasin, katta- katta okean, dengizlar, ko’llar qanchalik ko’p ko’rinmasin, dunyodagi suvning oz qismidan foydalana olamiz xolos. Butun dunyoni tahlikaga solayotgan global muammolardan biri ham suv tanqisligi muammosi ekani barchamizga ma’lum. Shunday ekan, suvdan unumli foydalanish uchun harakat qilishimiz, kelajak avlodni ham biz foydalanayotgan ne’matlardan mahrum qilmaslik dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, sekundiga 1 tomchi suv oqib turadigan suv kranidan 1 yilda 6 tonna suv isrof bo’lar ekan. Tishlarni va qo’llarni yuvilayotganda esa, ikki daqiqa ochiq qoldirilgan suv kranidan 20 litr suv oqadi. 5 kishilik oilada bu raqam kuniga 100 litrga yetadi. Avtomobilni idishga suv tayyorlab olib yuvilganda 40- 50 litr suv ishlatilsa, suv shlangidan foydalanganda bu ko’rsatgich taxminan 300 litrni ko’rsatadi. Tabiatdan foydalanayotgan, isrof qilayotgan suvlarimizni joyiga qaytara olmasak-da, undan unumli foydalanish har birimizning zimmamizda, o’z qo’limizdadir. Xo’sh, ehtiyojdan tashqari suv isrofining oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerak, degan savolga quyidagi takliflar bilan javob beramiz:
- Tahorat olayotganingizda suv kranini eng oz darajada oching, oyoqlaringizni yuvishdan oldin kranni o’chirib turishga e’tibor qarating. Iloji bo’lsa, suv idish (obdasta) dan foydalaning;
- Suv kranidan suv tomchilab qolmayotganini vaqti- vaqtida nazorat qilib turing;
- Suv isishini kutib oqizib qo’yayotgan suvingizni, kattaroq idishga to’plab qo’ying. U suvdan hammomingizni tozalash yoki hojatxona uchun foydalanishingiz mumkin;
- Idishlaringizni suvni oqizib qo’yib yuvmang, balki avval tozalash vositasidan foydalanib, faqat idishlarni chayish uchun kam miqdorda oqizib yuving;
- Qo’llaringizni sovunlayotganingizda, tish yuvayotganingizda suvni o’chirib turing;
- Choy qaynatgichning tagida qolgan suvlardan uyingizdagi gullarni sug’orishda foydalaning;
- Hammomdan foydalanish vaqtingizni qisqartiring. Dushdan foydalanilganda 1 daqiqada kamida 5-6 litr suvni oqizayotganingizni o’ylang. Iloji bo’lsa, suvni idishga tayyorlab olib, keyin yuvining yoki bo’lmasa suvdan foydalanmayotgan vaqtingizda uni o’chirib turing;
- Meva-sabzavotlarni yuvishda ham idishlardan foydalaning;
- Kir yuvish mashinasi to’lmasdan, bir-ikki dona kiyim uchun ishlatmang;
- Gilamlaringizni yuvishda ham suv kranini o’chirib, qayta yoqishga erinmang.
- Suvni tejash haqida suv kranlaringiz tepasidagi devorlarga ta’sirli gaplar yozib qo’ying, har o’qiganingizda, suvni ishlatganingizda qancha odam suvsizlikdan qiynalayotganini sizga eslatib, shukr qilishingizga sabab bo’lsin.
Yuqoridagilarga hammamiz amal qilsak, suv isrofining oldini olishga oz bo’lsa-da o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz. E’tibor berganmisiz, ko’p qavatli uylarda bir necha soatga suv quvurlari faoliyati to’xtatilganda, uni juda ham tejab ishlatamiz, idishlarimizga suvlar to’ldirib qo’yamiz. Vaholanki, sayyoramizdagi qanchadan- qancha aholi yomg’ir, qor suvlaridan shunday ko’rinishda foydalanadi. Ayniqsa, katta yoshli bobo, buvilarimiz haligacha obdastalardan foydalanib tahorat qilishadi. Xo’sh, ilm olib, unga amal qilmayotgan biz taqvoliroqmizmi yoki ularmi?! Musulmon kishi hech bir ishni kichik sanamasligi, barcha amallarida e’tiborli bo’lmog’i, isrofga yo’l qo’yishdan saqlanmog’i lozim. Tejamkorlik bilan nafaqat bu dunyoda yaxshi yashashga, balki, oxiratda ham hisobning yengil o’tishiga erishish mumkin. Xalqimiz bejizga “ Tejab yegan darmonda, tejamagan armonda” demagan.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus
islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi Xo’jayor Amina