31.05.2022
313

Zinoning kasofati iymondan ayiradi

Zinoning kasofati iymondan ayiradi

Parvardigori olam bandalariga mehribonligi tufayli bu dunyoda qaysi narsa yoki amal unga zarar bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shalarning barchasini harom qildi. Hozirgi ilm-fan Alloh taolo bandasi uchun harom qilgan har bir narsani yoki amalni insoniyatga zarar ekanligini isbotlab kelmoqda va buni o‘zimiz ham bu dunyoda yashab hayot tajribamizda guvohi bo‘lmoqdamiz. Bashariyatning naslini buzadigan, Alloh taoloning g‘azabini qo‘zg‘aydigan, necha-necha chiroyli orzular bilan qurilgan oilalarni buzadigan harom amal, er xotiniga, xotin esa eriga qiladigan xiyonat — zinodir.

Alloh taolo bu haqida Qur’oni azimush sha’nda marhamat qilib deydi:

“Sizlar zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u faxsh ish va yomon yo‘ldir”(Isro, 32).

Zino deb, bir-biriga halol bo‘lmagan erkak va ayolning jinsiy yaqinlik qilishiga aytiladi. Bu harom amalni qilgan inson o‘zining Parvardigoriga qattiq gunohkor bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

“Alloh taolo nazdida shirkdan keyingi o‘rinda turadigan gunoh bu o‘ziga halol bo‘lmagan rahmga kishi nutfasini to‘kishidir”.

U zino fahsh ishdir, ya’ni behayolikdir, buzuqlikdir, sharmandalikdir va halokatga olib boruvchi amaldir. Ham oxiratini va ham dunyosini kuydiradigan amaldir.

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Ey musulmonlar, zinodan saqlaninglar, chunki uning oltita yomonligi bor 3 tasi dunyoda va 3 tasi oxiratda: 3 ta dunyodagisi – chiroyligi ketadi, kambag‘alligi bardavom bo‘ladi va umri qisqa bo‘ladi. 3 ta oxiratdagisi – Allohning g‘azabi, yomon hisob va do‘zaxdir”.

Zino shunchalik kasofati yomon amalki, insonga eng katta zarari bu ham bo‘lsa uni iymondan ayiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

“Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar zinodan bosh tortsa, iymon unga qaytadi”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘rilik qiladi. Ammo tavba qilsa qaytariladi”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh taolo gapirmaydi, ularni gunohlaridan ham poklamaydi, ularga qaramaydi va ularga alamli azob bo‘ladi: zinokor qariya, yolg‘onchi rahbar va kibrli faqir”.

Xoh erkak, xoh ayol bo’lsin, shayton vasvasasiga uchib, «zino» deb atalmish katta bir gunohni sodir etgan bo’lsa, chin qalbdan tavba qilishi va bunda tavbaning shartlarini to’kis ado etishi lozim bo’ladi. Eng avval qilgan gunohi uchun astoydil pushaymon bo’lishi, afsus-nadomat chekishi lozim. Qilgan gunohini eslaganda qalbida qandaydir huzur yo xotirjamlik emas, balki, iztirob, qo’rqinch bo’lishi kerak. Ikkinchidan, o’sha gunohni qayta qilmaslikka chin ko’ngildan qasd etishi, azmu qaror qilishi lozim. Gunohda bardavom bo’lgan, yana gunoh qilish niyatida turgan kishining tavbasi hech qachon qabul bo’lmaydi. Qalbning bir chekkasida ham gunohni takrorlashga o’rin qoldirmaslik kerak. Zotan, tavba o’zi aslida «qaytish» degani bo’lib, Alloh taologa gunohlardan tamoman qaytishni anglatadi. Tavba – bu, Alloh taologa gunohga qaytmaslik va’dasini berish hamdir. Uchinchidan, qilgan gunohi uchun Alloh taolodan afvu mag’firat so’rashi, gunohini o’tishini talab qilib yalinib-yolborishi kerak. O’zining gunohkorligini to’la his qilgan holda, gunohini bo’yniga olib tavba-tazarru’lar qilishi darkor. Sahar vaqtlarida turib istig’for aytishni ko’paytirishi kerak. To’rtinchidan, gunohini yuvish uchun uni bosadigan darajada yaxshi, solih amallarni qilishi, keyingi hayotida Alloh taologa ko’proq ibodat qilib o’tmog’i lozim. Alloh taolo «Hud» surasida: «Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazur» (114-oyat), deb marhamat etgan. Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qayerda bo’lsang ham, Allohga taqvo qil va yomonlik ketidan uni o’chiradigan yaxshilikni ergashtir», deganlar. Mana shu amallar bilan kishining gunohi yuvilishi umid qilinadi. Ammo, shunda ham hech kim, gunohi aniq kechiriladi, deya olmaydi, bu yog’i Alloh taoloning O’ziga havola bo’ladi. Kechiradigan Alloh taoloning O’zi. Zino yoki boshqa bir gunohni qilgan kishi uni birovga aytmasligi kerak. Alloh yashirganiga shukr qilib, yanada astoydil tavba qilishi lozim. Faqatgina, savoldagi kabi–hukmini bilish uchun birovga aytsa bo’ladi. Bunda ham o’zining kimligini maxfiy tutish imkoniyati bo’lsa, oshkor qilmagani yaxshi. Uning o’rniga mazkur chora-tadbirlarni qilishga o’tish kerak. 

Alloh taoloning roziligiga erishish uchun barcha gunohlardan uzoq yurishimiz lozim. Gunohlar insonlarni tubsiz jarlikka yetaklaydi. Alloh taolo oxiratda gunohkorlarga xitob qilib gunohlardan qaytishni tavba qilishni buyuradi. Shunday ekan kichik gunohlardan ham tiyilmog’imiz, kata gunohlarning yaqiniga ham yo’lamasligimiz lozim. Shundagina haqiqiy baxtga – Alloh taoloning roziligiga erishamiz In Sha Alloh. Barchamizga to’g’ri yo’ldan adashmasdan yurish Alloh rizoligiga erishish nasib etsin. Assalamu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

3-kurs talabasi Orifjonova Gulhayo

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 170
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 285
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 276
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry