03.06.2022
349

Millatimizga xos, zamonaga mos bo’lsin!

Millatimizga xos, zamonaga mos bo’lsin!

Alloh taolo insoniyatni go‘zal suratda yaratdi va ushbu go‘zallikni bandasida namoyon bo‘lib turishini yaxshi ko‘radi. Ushbu go‘zalligimizni namoyon qilishimizda kiyadigan liboslarimizning o‘rni beqiyosdir.

Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri ham libosdir. Odamning aybi bo’lgan avratlarini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libosni ne’mat qilib berdi. Libosning vazifasi insonning avratini boshqalardan berkitib turishdir. Lekin insonning avratlaridan boshqa a’zolarini ham tabiatning noqulay sharoitlaridan himoya qilishga ehtiyoji borligi uchun Alloh taolo libosni himoya va ziynat qildi. Bunda Qur’oni Karimdan bir qancha misollar keltirishimiz mumkin.

Alloh taolo A’rof surasi 26-oyatida esa libosni avratlarimizni berkituvchi ekani haqida quyidagicha marhamat qiladi:.

Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo‘jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko‘rsalar! 

Huddi shu suraning 31-oyatida esa libosning ziynat ekani haqida shunday deydi:

Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz! Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay. 

Issiq va sovuqdan to‘suvchi omil ekani haqida esa Nahl surasi 81-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

Alloh sizlar uchun o‘zi yaratgan narsalardan soya joylar (bunyod) etdi va sizlar uchun tog‘lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq (va sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (turli) xavfdan saqlaydigan sovutlar yaratdi. (Imon keltirib) musulmon bo‘lursiz, deb U sizlarga o‘z ne’matini shu tarzda mukammal yetkazib turadi. 

Kiyiladigan liboslarning eng afzali oq libosdir. Bunga Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadis dalil bo‘ladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Liboslaringizdan oqini kiyinglar, chunki u liboslaringizning yaxshisidir va unda o‘liklaringizni kafanlanglar”. Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati.

Boshqa rivoyatda:

“Oq libos kiyinglar, chunki u pokroq va tozadir. Va unda o‘liklaringizni kafanlanglar”. Termiziy rivoyati.

Ma’lum bo‘lganidek, oq libos rangli liboslardan ko‘ra tezroq kir bo‘ladi. Natijada ko‘p yuvilganidan hamisha toza va pokiza holda turadi. Oq rang- poklik ramzidir.

Ammo eng asosiy libos, asl libos taqvo libosidir. Shuning uchun ham Alloh taolo oyatda:Taqvo libosi — ana o‘sha yaxshidir”, deydi. Agar oddiy libos badanning avrat joylarini to‘sib, jismni ziynatlasa, taqvo libosi ma’naviy avratlarni to‘sib, inson qalbini ziynatlaydi. Agar insonning kiyim-boshi jismidagi avratlarini pinhon tutib, unga ziynat bag‘ishlasa-yu, taqvo libosi yirtilib, ma’naviy avratlari ochilib tursa, bundan yomoni yo‘q. Agar kimning taqvo libosi o‘rnida bo‘lsa, albatta, jismoniy libosi ham durust bo‘ladi.

Islom shariatida libos bilan mutakabbirlik qilishdan qaytarilgan va bu chiroyli kiyinishni man etmaydi. Chunki libos insonga ziynat bo‘lib, Alloh go‘zal - go‘zallikni yaxshi ko‘radi va bergan ne’mati asarini bandasida ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Dinimiz bizlarni poklik, go‘zal ko‘rinish va yangi liboslarni juma, hayit kunlari, insonlar bilan ko‘rishganda va ziyorat paytlarda kiyishga targ‘ib qilgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kimni qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa jannatga kirmaydi”. Bir kishi: “Odam libosi va oyoq kiyimi go‘zal bo‘lishini yaxshi ko‘radi”. U zot dedilar: “Alloh go‘zal - go‘zallikni yaxshi ko‘radi, kibr – haqqa norozi bo‘lib, insonlarni mensimaslikdir”. Muslim rivoyati.

Alloh taolo bandasi libos kiyganda chiroyli bo‘lishini yaxshi ko‘rib, kambag‘alligini zohir qiluvchi, xunuk va yirtiq liboslar kiyishini yomon ko‘radi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nochor kiyingan kishini ko‘rib: “Moling bormi”- dedilar. Kishi: “Alloh bergan tuya va qo‘ylarim bor”- dedi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) : “Uni asari senda ko‘rinsin” -dedilar. Termiziy rivoyati.

Demak, islom bizlarni go‘zal, chiroyli bo‘lishga va pok, yangi liboslarni kiyishga targ‘ib qilib, bu borada isrof qilishdan qaytaradi. Shunday bo‘lgach din va dunyo ishlarida o‘zimizni isloh etib, kiyinish madaniyatida ham kishilarga namuna bo‘lishga hamisha intilmog‘imiz lozim.

Har sohada taraqqiyot bo‘lganidek, liboslanish madaniyati ham “rivojlanib” ketdi. “Ommaviy madaniyat” deya atalib, targ‘ib etilayotgan “kiyim erkinligi” tushunchasi va bizning yoshlarimiz ham ushbu illatga chalinayotgani xavotirli holatdir. Ko‘pincha bunday toifadagi ayrim yoshlar o‘zimizning milliy va diniy qadriyatlarimizni ifoda etadigan liboslarimizdan yuz o‘girmoqdalar.
To‘g‘ri, har doim ham dunyoda bo‘layotgan taraqqiyot, rivojlanishdan orqada qolib ketmaslik talab etiladi. Lekin mazkur da’vo bilan har qanday yangilanishni, o‘zgarishlarni tag-tubini surishtirmasdan, ulardan ko‘zlangan g‘oya va maqsadlarni bilmasdan turib, ko‘r-ko‘rona taqlid qilib ergashib ketaverish doimo yomonlikka boshlaydi. Zotan “ommaviy madaniyat” tashviqotchilarining bu qilayotgan ishlaridan qanchalik moddiy va g‘oyaviy foydalar ko‘rayotganliklarini ko‘pchilik tushunib yetmaydi. 

Kiyinishdagi chegaralar nafaqat dinimizda, balki milliy qadriyatlarimizda ham belgilab qo‘yilgan. Barcha sohalardagi kabi kiyinish borasida ham bandaning o‘ziga mutlaqo erkinlik berib qo‘yilsa, u nafsining aytganini yoki shaytonning vasvasasini yoki boshqalarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni ixtiyor etadi. Buning yaqqol isboti o‘laroq hozirgi kundagi nafaqat yosh qizlarning, balki yigitlarning ham kiyinishlarini misol qilib keltirish mumkin.

Barcha sohalardagi kabi kiyinish borasida ham o‘rtachalik va mo‘tadillik maqbuldir. Bu borada haddan oshib ketmaslik, taqvo va parhezkorlikni da’vo qilib o‘ta xaroba holatda kiyinish yoki boshqa xalqlarning kiyinish madaniyatlariga taqlid qilib, ergashib ketish ham to‘g‘ri emas. Har sohadagi kabi kiyinish madaniyatida ham amallarimiz millatimizga xos va zamonaga mos bo’lsin.

 

Joziba Jamol qizi

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 170
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 285
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 276
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry