11.06.2022
505

Islomda ayol kishiga erkak kishiga beriladigan merosning yarmi berilishi hikmatlari

 

O’zining mukammal dini bo’lmish Islom dinini bizlarga hidoyat va nur qilib bergan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo’lsin. Ikki olam sarvari bo’lmish Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga bitmas tuganmas salotu durudlar bo’lsin. 

Meros ilmiga Alloh taoloning O’zi asos solgandir. Bu ilmning fazli juda ham ulug’dir. U “Ilmning yarmi”, ham deyiladi. Aynan meros oyatlari Qur’oni Karimning “Niso”, ya’ni “Ayollar” surasida nozil bo’lgandir.

Alloh taolo Niso surasi 11- oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

يُوصِيكُمُ اللّهُ فِي أَوْلاَدِكُمْ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الأُنثَيَيْنِ

“Alloh taolo farzandlaringizga (tеgishli mеros) haqida bir o'g'il uchun ikki qiz ulushi barobarida mеros bеrishni amr qilur.

Ushbu oyatda johiliyat hukmiga qarshi ravishda merosda ayol kishining ham haqqi borligi birinchi bor ochiq-oydin aytilmoqda. Shu bilan birga, bolalarga otasidan qolgan merosni taqsimlashda ikki qizga tekkan ulush bir o‘g‘ilga tegishi aytilmoqda. Islom dushmanlari bu ma’noni qo‘polroq qilib, “Islomda xotin kishiga erkak kishiga beriladigan merosning yarmi beriladi”, deydilar.

Qadimda ham, hozirda ham Islom va uning hukmlariga nisbatan qalbida adovati bor kishilar Islomdagi hukmlarga turli ta’na va dashnomlar ila nuqson yetkazishga uringan. Ularning Islomga va uning hukmlariga ta’na toshlarini otishlari meros hukmlariga ham taalluqlidir. Ular, “Islom qiz bola bilan o‘g‘il bola o‘rtasida meros taqsimlashda adolatsiz hukm chiqargan”, deyishadi. Lekin aslida biz Islomni o‘g‘il va qiz orasida meros taqsimotiga insof nazari bilan qarasak, bu ayni adolat ekaniga ishonamiz. 

Shariati islomiya erkak va ayol merosini bir-biridan farq qilib taqsimlashda bir necha ulug‘ hikmatlarni nazarda tutgan. Erkak ayoldan bir barobar ortiq meros olishining hikmatini ulamolar quyidagicha keltiradilar:

1. Ayol kishi hojat va yashash sharoitlari bilan to‘la kafolatlangan. Ya’ni, uning nafaqasi otasi, eri, o‘g‘li, akasi va boshqa erkak qarindoshlarining zimmasidadir. Shuning uchun u merosni erkak bilan teng olishga ehtiyoji yo‘q.

2. Ayol birovga nafaqa qilishga buyurilmagan, ya’ni, ayol erkaklar kabi oilasini, farzandlarini va boshqa nafaqasi vojib bo‘lgan qarindoshlariga nafaqa qilishga buyurilmagan.

3. Erkakning sarfu xarajatlari juda ko‘pdir. Demak, molga bo‘lgan ehtiyoji ham ayolnikiga qaraganda ko‘proq bo‘ladi.

4. Ma’lumki, er ayoliga mahr berishga majburdir. Shuningdek, u ahli ayoli, farzandlarini yashash, kiyim-kechak va  taom bilan ta’minlashga buyurilgan.

5. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi uchun ketadigan sarf-xarajatlar, ularning va ayolning muolajasi uchun bo‘ladigan xarajatlar ham erning zimmasida bo‘ladi.

 Shu bilan birga Islom ayollarni o‘z rahmati bilan o‘rab qo‘ydi. Ular erlari panohida xotirjam va serobchilikda yashasalarda, birovga nafaqa qilmasalarda, ularga merosda ulush berdi. Islom shariati ayollarga o‘z molidan nafaqa qilishga, oila xarajatlari uchun yoki farzandlar ta’lim-tarbiyasi uchun sarflashga buyurmaydi. Bu xarajatlar erkakga yuklangan.

Alloh taolo Baqara surasi 233- oyatida quyidagicha marhamat qiladi:

“Ularning (ayollarni) yeyish-ichish va kiyintirilishi otaning zimmasidadir” 

 Islom ayol zotini tug‘ilganidan to vafot etguniga qadar erkak qarindoshlari to‘la ta’minlaydigan qilib qo‘ygan. Buning ustiga, ularni merosdan haq oladigan qilib belgilagan. Ayol zoti qiz o‘rnida bo‘lsa, Islom shariati bo‘yicha, uning barcha nafaqasi otasining zimmasiga o‘tadi. Otasi vafot etsa, aka-ukalari zimmasida bo‘ladi. Bu haq vojib haq bo‘lib, agar nafaqa berishi lozim bo‘lgan kishi bundan bosh tortadigan bo‘lsa, Islom hukumati kuch ishlatib bo‘lsa ham, uni olib beradi. Shuningdek, ayol kishi turmushga chiqqanida uning barcha nafaqasi erining bo‘ynidagi vojibga aylanadi.

Islomda ayol kishiga biror kishini nafaqa bilan ta’minlash majburiyati yuklatilmaydi. Ayolning o‘ziga, farzandlariga, oilasiga eri sarf qiladi.

Shuningdek, oila qurish vaqtida ham kuyov mahr beradi, kelin mahr oladi. Ayol kishining, farzandlarning yashash joyi, taomi, kiyimi, ta’lim-tarbiyasi va davolanishlari uchun ketadigan sarf-harajatlar ham erning zimmasiga tushadi. Ayolga shuncha sharoitlarni yaratib berib turib, yana unga merosdan ulush bersa, Islom adolatsizlik qilgan bo‘ladimi?! 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom tuzumida ayol kishi moddiy jihatdan bir lahza ham qarovsiz qolmaydi. Bunday holatda u o‘ziga tekkan merosni xayr-ehsonga yoki boshqa o’zi xohlagan narsalarga sarf qilishi qoladi, xolos. Bu islom shariatining ayollarni himoya qilishining bir ko’rinishidir.

4-kurs talabasi Jo’rayeva Komila 

Другие новости

Sajdai sahvga bog‘liq bo‘lgan masalalar
11.01.2024 172
#Sahv sajdasi🔸Imomning adashishi bilan imomga ham, muqtadiyga ham sahv sajdasi vojib bo‘ladi. Agar imomga ergashgan muqtadiy adashsa, sajda vojib emas.🔸Muqtadiy namozga kechikib kelgan bo‘lsa, imom salom bergandan keyin qolgan rakatni...
Подробнее
Sahv sajdasini vojib qiladigan sabablar
09.01.2024 199
🔹Agar farz namozining avvalgi ikki rakatida yoki ikki rakatning birida adashib "Fotiha" surasini o‘qimasa🔹Shuningdek, nafl va vitr namozlarining biror bir rakatida adashib "Fotiha" surasini o‘qimasa🔹Farz namozining avvalgi ikki rakatida qiroat...
Подробнее
IMOM ABU HANIFANING FAQIH SIFATIDA SHAKLLANISHIDA KUFA FIQHIY MAKTABINING O’RNI
01.06.2023 374
Annotatsiya: Ushbu maqolada Hanafiylik mazhabi asoschisi Abu Hanifa rohimatullohi alayhining hayotlari, ilk ilmiy faoiliyatlari va mazkur faoliyatlarida sahobalar asos solgan Kufa fiqh maktabining o’rni va ahamiyati, sahobalar orasidan Abu Hanifa...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry