Taqvodor bandalarning sifatlari
Islomning dastlabki davrlaridayoq musulmon ummati o’zining taqvodorligi va omonatdorligi bilan ajralib turgan. Musulmonlar bu borada ham musobaqa qilganlar.
Ayniqsa sahobai kiromlar, tobeinlar bu borada keyingi ummatga o’rnak bo’ldilar. Hozirgi davrda nsonlar ko’pincha qanday taqvodor bo’lish, taqvodor kishining qanday sifatlari bor bo’lishi haqida ikkilanib, o’ylanib qoladilar. Taqvodor bandalarning sifatlari haqida Qur’oni Karimda, sunnati nabaviyyada batafsil keltirilgan. Jumladan, Alloh taolo "Baqara" surasida shunday deb marhamat qiladi:
Bu kitobda shak-shubha yo’q, u taqvodorlarga hidoyatdir.
Ular g’aybga iymon keltirurlar, namozni to’kis o’qirlar va Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar.Yana, ular Sizga va Sizdan ilgari (o`tgan payg’ambarlarga) nozil qilingan narsalarga (ilohiy kitob va sahifalarga) iymon keltiradigan hamda oxiratga (qiyomat kuniga) qat`iy ishonadiganlardir.
Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzra (barqaror)dirlar va ana o`shalar (oxiratda) najot topuvchilardir. (Baqara surasi 2 - 5-oyatlar).
Ya`ni, Qur`oni Karim shunday kitobki, uning haqligiga hech shak-shubha yo’q. Unda hamma narsa ochiq-oydin, aniq-ravshandir.
Qur`oni Karimning bir sifati − "taqvodorlarga hidoyatdir".
Hidoyat maqsadga erishtirguvchi yo’lni lutf bilan ko’rsatishdir. Taqvodorlar esa, uqubatga eltuvchi narsalardan saqlanadigan shaxslardir.
Demak, Qur`oni Karim hidoyatidan bahramand bo’lish uchun taqvodor bo’lish kerak ekan. Taqvosiz qalbga Qur`oni Karim hidoyat solmaydi. Kimki Qur`oni Karimdan hidoyat olibdimi, demak, unda taqvo bor ekan.
Keyingi oyatda mazkur taqvodorlarning sifatlari keladi:
"Ular g’aybga iymon keltirurlar, namozni to’kis o’qirlar va Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar".
Ushbu oyatda Qur`on hidoyatidan bahramand bo’la oladigan taqvodorlarning sifatlaridàn uchtasi sanalgan:
Birinchisi - "g’aybga iymon keltirurlar".
Abu Oliya g’aybga iymon keltirishning tafsirida:
"Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, nabiylariga, qiyomat kuniga, jannatiga, do’zaxiga, muloqotiga, o’limdan keyingi hayotga va qayta tirilishga ishonishdir", degan ekanlar.
Amr ibn Shuaybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizningcha kimning iymoni ajoyib?"- dedilar.
"Farishtalarniki", - deyishdi.
"Ular Robbilarining oldida turib iymon keltirmasalar, qanday bo’ladi?"- dedilar.
"Nabiylarniki", - deyishdi.
"Ularga vahiy tushib turib iymonga kemasalar, qanday bo’ladi?" - dedilar.
"Bizniki", - dedilar.
"Men oralaringizda turib iymon keltirmasalaringiz, qanday bo’ladi?" - deb turib, so’ngra o’zlari javob qildilar:
"Men uchun xaloyiqning ichida iymoni ajoyibi sizlardan keyin, sahifalardagi kitobga iymon keltirgan qavmlardir", - dedilar".
Hokim rivoyat qilgan.
G’aybga iymon keltirish bilan inson hayvondan ajrab turadi. Chunki, his qilish a`zolari yordamida moddiy ta`sir etuvchi narsalarni idrok qilish, ishonish hayvonlarda ham bor. G’aybga iymon keltirish tufayli inson o’zini o’rab turgan hissiy dunyodan cheksiz ufqli, keng olamga chiqadi.
Ikkinchisi - "namozni to’kis o’qirlar".
Ya`ni, Allohga ibodat qiladilar. Bandaga qul bo’lishdan ozod bo’lib, bandalarning Robbisiga qul bo’ladilar. Namoz orqali banda Alloh taologa bog’lanadi. Shuningdek, boshqa ulkan yaxshiliklarga erishadi.
Uchinchisi - "Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar".
Taqvodor mo’min-musulmon odamning e`tiqodi bo’yicha, uning qo’lidagi mol-dunyo Alloh taolo bergan rizq, o’zi yaratgan narsa emas. Shuning uchun ham, taqvodor inson Alloh taolo bergan rizqdan o’zining zaifhol, muhtoj birodarlariga sadaqa qiladi."Sadaqa" so’zining "tasdiq" ma`nosi bor, mol-dunyosini sarflab sadaqa qilishda e`tiqoddagi ma`noning, ya`ni, yaxshilik qilish ma`nosining tasdiqi bor.
"Nafaqa" umumiy so’z bo’lib, "zakot", "xayr-ehson", "sadaqa" kabi ma`nolarni anglatadi.
"Va ular senga va sendan oldin nozil qilingan narsaga iymon keltirarlar va oxiratga aniq ishonarlar."
Demak, taqvodorlarga oid navbatdagi to’rtinchi sifat ― Muhammad alayhissalomga nozil qilingan Qur`oni Karimga va u kishidan oldin tushirilgan samoviy kitoblarga iymon keltirish. Bu narsa taqvodorlarning, Islom ummatining buyuk sifatlaridan biri bo’lib, boshqa hech bir ummatda yo’qdir. Chunki, Islom ummatidan boshqa hech bir ummat Allohdan nozil bo’lgan barcha kitoblarga birdek iymon keltirmagan. Islom ummati Alloh tushirgan barcha kitoblarga birdek iymon keltiradi.
Bu hol esa, aslida bashariyatning kitoblari va Nabiylari bir ekanining alomatidir.
Beshinchi sifat ― "oxiratga aniq ishonurlar".
Ya`ni, hech shak-shubha qilmay ishonadilar. Oxiratga ishonish insonni tor dunyodan keng dunyoga chiqaradi. Uning hayoti imtihonlarga to’la bu besh kunlik dunyo bilan tugamasligini bildiradi. Kelajagining uzoq ekanini, nihoyasiz yashash olami bor ekanini bildiradi.
Ushbu besh sifat insoniyat uchun nihoyatda zarur sifatlar bo’lib, kim shularni o’zida mujassam qilsa, Qur`on hidoyatidan to’la bahramand bo’ladi.
Qur`oni Karim hidoyatidan bahramand bo’lgan kimsa esa, ikki dunyo saodatiga erishadi. Shuning uchun ham, kelasi oyatda mazkur besh sifatga sohib bo’lganlar erishadigan natijaning e`loni kelyapti:
"Ana o’shalar, Robbilaridan bo’lgan hidoyatdadirlar va ana o’shalar, o’shalargina najot topguvchilardir".
Kim najot topishni istasa, o’zida taqvodorlik sifatlarini mujassam qilishga urinsin.
3-kurs talabasi Murotova Nodira