OMMАVIY MАDАNIYATNING MILLIY MENTАLITETIMIZGА TАHDIDI
#EQKMMA
#maqola
XXI asrning katta muammolaridan biri «mafkuraviy tazyiq»dir. Uning yoshlarga yetkazayotgan taʼsirlari koʼpgina davlatlar qatori mamlakatimizni ham chetlab oʼtmadi.
Fan va texnika taraqqiy etgan ushbu asrda, ayniqsa, axborot texnologiyalari aql bovar qilmaydigan darajada rivojlanib bormoqda. Shuning bilan birga “ommaviy madaniyat” zararlari ham kirib kela boshladi.Yoshlar ongidagi gʼoyaviy boʼshliqdan foydalanib, chetdan kirib kelayotgan, biz uchun yot boʼlgan, maʼnaviy va axloqiy tuban illatlarni oʼz ichiga olgan bu “madaniyatlar” koʼplab falokatlarning ibtidosidir.
“Ommaviy madaniyat” degan ibora ostida biz tasavvurimizga ham sigʼdirolmaydigan koʼplab axloqiy buzuqlik gʼoyalari mavjud. Xususan, zoʼravonlik, individualizm, egotsentrizm gʼoyalarini tarqatish, ana shu axloqsizlik orqasidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning qadim anʼana va qadriyatlari, turmush tarzining maʼnaviy negizlariga bepisandlik, ularni qoʼporishga qaratilgan xatarli tahdidlar ana shular jumlasidandir. Аyniqsa, ayni paytda keng tarqalgan axloqsizlikni “madaniyat” deb atalishi, yoyinki, ming yillik maʼnaviy qadriyat va anʼanalarni bepisandlik bilan “eskilik sarqiti” deyilishi yoshlarning tarbiyasiga jiddiy xavf solmoqda. Ming yillik odob-axloq qonimizga singgan ezgu qadriyatlarni boshqa anʼanalar bilan almashtirish ongli insonga xos boʼlmagan odatdir.
Binobarin, ommaviy madaniyat niqobi ostida turli gʼarazga yoʼgʼrilgan noxolis axborotlar xuruji taʼsiridan saqlanish (bunday axborotlar nihoyatda koʼp yoʼllar bilan tarqatiladi; koʼngilochar telekanallar, radio efirlar, gazeta-jurnallar, kino, serial, multfilm va hokazolar), “sanʼat asar”lari zamirida targʼib etilayotgan zoʼrovonlikni, axloqsizlikni, egotsentrizm gʼoyalarni oʼz vaqtida anglab ularga qarshi mafkuraviy immunitetni hosil qilish bugun faqat bizning mamlakatda yoki mintaqada emas, butun jahonda eng dolzarb masala boʼlib turibdi. Bizning oldimizdagi vazifa xalqimizni, yoshlarimizni ana shu taqlidchilikdan, koʼr-koʼrona ergashuvchanlikdan saqlashga erishmogʼimizdir. Buning uchun esa, avvvalo, ziyolilarning oʼzi chin va soxta qadriyatlar orasidagi nozik farqni teran anglab ola bilmogʼi lozim.
Tayyorladi: 1-kurs talabasi Yusufiy Muhsina
Mas'ul ustoz: Gulrux Mansur