Qurʼon va diniy ilmlar ta'limi uchun haq olish
Qurʼon va diyniy bilimlar ta'limi uchun ajr — haq olish haqidagi masala qadimda ham, hozirda ham koʻp tortishuvlarga sabab boʻlgan masalalardan biridir.
Bu haqida 2 xil qarash mavjud:
Mutaqoddim ulamolar: Haq olib boʻlmaydi, chunki Qurʼon ta'limi ibodatdir, ibodatning ajrini Alloh beradi, deydilar. Ularning hujjatlari:
1. Imom Ahmad va Bazzor qilgan rivoyatda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam:
“Qurʼonni qiroat qilinglar, unda gʻuluvga ketmanglar, unga jafo qilmanglar va u bilan yemanglar”, deganlar.
Qurʼonga bogʻliq ishlarga ajr olish u bilan yegan boʻladi.
2. Imom Abu Dovud va Ibn Mojalar Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisda u kishi aytadilarki:
«Ey Allohning Rasuli, Kitob va Qurʼon oʻrganadigan bir odam menga bir kamon hadya qildi, uni mol, deb ham boʻlmaydi. U bilan Allohning yoʻlida oʻq otarman, dedim. U zot: Agar olovdan boʻlgan boʻyinbogʻ bilan boʻgʻilishingni xohlasang, uni qabul qil”, dedilar.
Mutaaxxir ulamolar esa: haq olsa boʻladi, deydilar ular quyidagilarni dalil qiladilar:
1. Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom bir odamni uylash uchun:
“U(ayol)ni sendagi Qurʼon ila senga zavja qilib qoʻydim”, deganlar.
Yaʼni, bergani mahri boʻlmagan odamga, mahrga beradigan molning evaziga oʻzing Qurʼondan bilgan narsani bu ayolga oʻrgatib qoʻyishing yuzasidan uni senga zavja qildim, deganlari. Demak, Qurʼonni oʻrgatish mahrga beriladigan moldan evaz boʻlganidan keyin, uning uchun ajr olish ham joiz boʻladi.
2. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmadlar qilgan rivoyatda aytilishicha, Abu Saʼid al-Xudriy boshliq bir guruh sahobalar safarda boʻlganlar. Bir qavm oldidan oʻtib, ziyofat qilishni soʻrasalar, u qavm bosh tortgan. Ittifoqo, oʻsha kechasi, mazkur qavmning ulugʻini chayon chaqib oladi. Ulardan baʼzilari maskanlari yaqinida dam olishayotgan sahobalar huzuriga kelib, boʻlgan hodisani aytadi va ichinglarda dam soladigan odam bormi, deydi. Abu Saʼid al-Xudriy: “Bizga haqqini bermasangiz, dam solmaymiz”, deydilar. Bir necha adad qoʻyga kelishadilar. Abu Saʼid al-Xudriy Fotiha surasini oʻqib dam soladilar. Boshliq tuzaladi. U kishi qoʻylarni olib, shubhalanib qoladilar va ularga hech bir tasarruf qilmasdan, avvalo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻrash uchun Madinaga haydab ketadilar. Boʻlgan voqeani Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytib berganlarida u Zot:
“Taqsimlanglar! Menga ham ulush beringlar”, deydilar.
3. Imom Abu Dovud va Imom Ahmadlar Xorija ibn Soltdan, u kishi amakilaridan rivoyat qiladilar:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan chiqib, bir arab mahallasiga keldik. Ular: «Bizga xabar berilishicha, sizlar anavi odamning oldidan yaxshilik olib kelgan emishsizlar. Sizlarda biror davomi, dam solishmi bormi? Bizning kishanda turgan bir bemorimiz bor”, deyishdi. Biz: “Ha”, dedik. Bas, ular kishanlangan bir bemorni olib kelishdi. Men unga “Fotihatul Kitob”ni uch kun ertalab va kechqurun oʻqidim. Tufutkimni jamlab turib unga dam urar edim. Soʻngra u xuddi tushovidan boʻshalgandek tuzalib ketdi. Ular menga haq berishdi. Men, toki Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan soʻramagunimcha (bir narsa qilish) yoʻq, dedim. U zot:
“Umrim ila qasamki, albatta, botil dam solish ila yeyayotganlar bor. Batahqiq, sen haq dam solish ila yeding”, dedilar.
Xorija ibn Soltning amakilari, ushbu rivoyat qahramonining nomi Aloqa ibn Sohhor roziyallohu anhudir.
Ushbu hadislarni hujjat qilib, jumhur ulamolari Qurʼon taʼlimi, yozishi, dam solishi va qiroati uchun haq olsa boʻladi, deydilar.
Abdurahimova Muxlisa