Islom dinida poklikning ahamiyati
Poklik – «Tahorat» so‘zi lug‘atda «tozalik va ozodalik» ma’nosini anglatadi. Shariatda esa, u tahorat, g‘usl, tayammum kabi namoz o‘qish uchun kerakli poklanishlarga aytiladi.
Islomda poklik iymondan hisoblanadi. Islom poklik va poklanish ishlariga o‘ta jiddiy qaraydi. Dunyoda Islomdan boshqa hech bir din, tuzum yoki falsafa poklikni va ozodalikni iymonga tegishli darajaga ko‘tarmagan.
Bir vaqtlar Yevropada masihiy dini hukmronlik qilgan paytda poklik gunoh hisoblangan. Kishilar o‘ziga, kiyim-boshiga uzoq vaqt suv tekkizmaganlari bilan faxrlanganlar. Hozirda ham ko‘pchilik nazarida poklik tibbiy yoxud shaxsiy ozodalik ishi hisoblanadi.
Islomda esa bu iymon ishi bo‘lishi bilan birga, poklik bo‘lmasa, bandaning ibodati ham qabul bo‘lmaydi. Islomda barcha ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun avvalo, bandaning qalbi, niyati pok bo‘lishi kerak.
Qolaversa, ibodatlarning qabul bo‘lishi uchun insonning butun tanasi, kiyim-boshi va hatto ibodat joyi ham pok bo‘lishi shart. Pok bo‘lganda ham kattayu kichik, ko‘zga ko‘rinadiganu ko‘rinmaydigan barcha nopokliklardan xoli bo‘lishi kerak. Ana shundoq poklikka ega bo‘lmagan banda Allohga ibodat qila olmaydi. Ya’ni, namoz ham o‘qiy olmaydi, Qur’on ham ushlay olmaydi.
Islomda ibodatlarning qabul bo‘lishi poklik asosida ado etilishiga bog‘liq. Bizda poklik yo‘lida qilingan har bir ish yuqori baholanadi va uni qilgan kishiga ulkan ajr-savoblar, oliy martabalar bor. Bu bobda ana shular haqida so‘z yuritiladi.
Alloh jalla sha’nuhu: «Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan kishilar bor. Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi», degan.
Sharh: Alloh subhanahu va taolo ushbu oyati karimada poklikni va pok kishilarni madh etmoqda. Pok kishilarni yaxshi ko‘rishini e’lon qilmoqda. Bu esa, Alloh taolo tomonidan poklikka qanchalik e’tibor berilishini ko‘rsatib turibdi. Bu oyati karimaning o‘zi barcha insonlar poklik uchun intilib, butun dunyo poklanish sari yuz tutishi uchun yetarli!
Musulmonlar Qur’onga amal qilib yashaganlarida ana shunday bo‘lgan!
3-A kurs talabasi To‘xtasheva Xadicha