Hanafiy fiqhida yozilgan “E'lous-Sunan” asari haqida
Har bir fiqhiy mazhab o‘z ta'limotini asoslash maqsadida dastlab Qur'oni karim va Muhammad alayhissalom hadislariga suyangan holda ish tutgan. Sunniylik yo‘nalishidagi to‘rt mazhabdan biri hanafiylik mazhabi ham, aslida Qur'on va sunnatga asoslangan o‘z fiqhiy ta'limotiga ega.
Hindistonlik mashhur olim Zafar Ahmad Usmon Tahonaviy hanafiylik mazhabiga oid hukmlar asli oyat va hadislarga asoslanganini isbotlashga urinib, yigirma jilddan iborat “E'lous-sunan” kitobini yozdi. Bu kitob 1997-2001 yillarda ikki marta Bayrut shahrida chop etildi. Muallif asarida oltita sahih to‘plam sohiblari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Mojja asarlaridan unumli foydalangan.
“E'lous-sunan” asari ham boshqa fiqhiy kitoblarning tartibidek tahorat va namoz kabi boblar bilan boshlangan va har bir fiqhiy masala oyat va hadislar hamda asarlar (sahobalarning so‘zlari) bilan dalillangan.
Hanafiylik mazhabiga bildirilgan e'tirozlar, raddiya va ixtiloflarni chuqurroq o‘rganib chiqish, bugungi kun ilm ahillarining ayni dolzarb vazifalari va ixtiloflarga barham berish yo‘lidagi maqsadlariga muvofiqdir. Ulamolar ixtiloflar haqida fikr bildirib, ular asosan ikki tur, e'tiqodiy va fiqhiy (asliy va far'iy) ixtiloflardan iborat ekanini ta'kidlashgan. E'tiqodiy masalalar dinimiz asosiga tegishli bo‘lib, bu sohada ixtilofga yo‘l qo‘yish aslo mumkin emas. Sunniylik yo‘nalishida bu masalada ixtiloflar yo‘q. Fiqhga oid masalalardagi ixtiloflarning o‘zi ham ikkiga bo‘linadi. Birinchisi masalaning turiga qarshi ixtilof bo‘lib, bu turdagi ixtilof harom hukmidadir. Chunki ixtilof qilinayotgan masalaning har ikkisi ham kitob va sunnat dalillariga asoslangandir. Bu turdagi ixtiloflarning o‘ziga yarasha sabablari va hikmatlari bor.
Mazhablar o‘rtasidagi “ixtilof”lar degan ibora o‘rniga masalalarning “turli xilligi” iborasini qo‘llagan o‘rinliroqdir. Imomlari nazdida bir masalaning turli xil bo‘lishi dalillarini turli xil darajada, ya'ni “sahih”, “hasan” va “zaif” bo‘lishi yoki hadislarni yetib borgan-bormaganligi sabab bo‘lgan. Mazkur imomlar xususida faqat yaxshi gumonda bo‘lish vojibdir. Ularning har birlari mujtahid ulamolar bo‘lib, qilgan ijtihodlarida to‘g‘ri yo‘l topgan bo‘lsalar ikkita ajr, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar bir ajrga sazovor bo‘laveradilar. Masalan, fiqhiy kitoblarda keltirilgan tahorat, namoz boblaridagi turli dalillarga asoslangan, turi xil ko‘rinishga ega bo‘lgan masalalarni olsak, bu masalalar turliligi Rasululloh alayhissalom sunnatlarida kuzatilgan va ularning o‘ziga xos hikmat hamda sabablari bor.
Ummatning hakimi mavlona Shayx Ashrof Ali Tahanaviy rahimahulloh uzoq vaqtlardan biri ba'zi insonlar Imom Abu Hanifa roziyallohu anhu haqida tillarini cho‘zib yuradiganlarni ko‘rib yurardilar. Ular Abu Hanifaning mazhabi hadis bilan qo‘llab quvvatlanmagan. Chunki u fikr va qiyosni sahih hadisdan ustun qo‘yadi, deb xujjati ham dalili ham yo‘q boshqa da'volarni keltirib, Imom Tahanaviyning g‘ashiga tegardi. Abu Hanifa rahimahullohning dalillari qadimiy kitoblarning ko‘pida keng yoritilgan bo‘lsa ham, lekin turli xil kitoblarda va har xil risolalarda sochilib yotgan edi. Imom Tahanaviy o‘sha dalillarni bitta kitobga jamlashni xohladi. Shu sababdan “Ihyaus-sunan” nomli kitobni yozishlikka kirishdi. O‘sha kitobga Abu Hanifa rahimahullohning fiqhiy boblarning jamisida sahih hadislardan bo‘lgan dalillarini jamladi. Lekin bu kitob qoralama xolatida chop bo‘lishidan oldin muallifdan yo‘qoldi. Bu kitobning yozilish qissasi va ismlari turli hil edi. Oxirgsi “E'lous – sunan” bo’lib qoldi.
Ma'lumki, islom dini butun insoniyatga yuborilgan din bo‘lib, yer yuzining turli mintaqalarida, turli millatlarning urf-odatlarida, turmush tarzlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, Afrika mintaqasi kabi suv tanqis hududlarda tahorat, tayammum, g‘usl kabi suv bilan bog‘liq masalalarni chuqurroq o‘rganishga hamda turli shakllarini tadbiq qilishga ehtiyoj kattadir. Shuningdek, sovuq va o‘ta sovuq mintaqalarning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Ulamolar bu kabi masalalarni atroflichi o‘rganib chiqib, bir masala bir mintaqa uchun o‘ta muhim bo‘lsa, manbalarga asoslanib imkon qadar yengillik yaratib, turli hil shakllarini ijtihod qilishgan. Masalan, tahorat bobidagi boshga mas’h tortish masalasida qo‘llarning orqa tomoni bilan gardanga mash tortishni hanafiy ulamolari mustahab amal deyishgan.“E'lous-sunan” asarida “Gardanga mas’h tortish bobi” da mazkur amalning mustahab ekaniga quyidagicha dalil keltiriladi: “Kim tahorat qilganda ikki qo‘li bilan gardaniga mas’h tortsa, Qiyomat kuni uning bo‘yni kishandan ozod bo‘ladi”
Aynan shu amalni bid'at deb hisoblaydigan toifalar ham bor, ular bu kabi masalalardagi turli xillikning sabab va hikmatlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar va o‘z ixtiloflari bilan musulmonlar ommasi, ayniqsa, Islom ta'limoti bilan endigina tanishib kelayotgan yoshlar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Natijada ko‘p o‘rinlarda yoshlar bilan ota-bobolari o‘rtasida kelishmovchilik va noroziliklar vujudga keldi. Bunday ixtiloflarning shar'iy hukmi harom hisoblanadi, chunki bu ixtiloflar bir dindagi odamlar o‘rtasida xusumat va adovatni yuzaga keltiradi.
Musulmonlar orasida ko’p ixtiloflarga sabab bo’luvchi tahorat amallari borasida ham ushbu asarda ko’pgina ixtiloflar zikr qilingan. Chunki tahoratning hamma amallari bir hadisni o‘zida mukammal aks etmagan. Yuqoridagi hadisda ham tahoratdagi ko‘p amallar zikr qilinmagan, ammo bu boradagi boshqa hadislarni ham e'tiborga olish kerak. Tahoratdaga to‘rtta farz ado etilishi bilan tahorat ibodat qilishga kifoya qiladi, ammo undagi dalillar orqali vorid bo‘lgan sunnat va mustahab amallar farz amallarni mukammal bo‘lishi uchun garovdir. Ulamolar tahoratdagi amallarni, tahorat masalasiga tegishli barcha hadislarni to‘plab, ularni atroflicha o‘rganib chiqib so‘ngra yakuniy xulosa berishgan
“E'lous-sunan” asarida bu kabi masalalar yetarlicha dalillar bilan yoritilgan. Bu kabi manbalarni yanada puxtaroq o‘rganish, ilmiy tahlil qilish ixtiloflarga barham berishning asosiy omillaridandir. Ixtiloflar har qanday jamiyatning ashaddiy dushmani, uni tanazzulga olib boruvchi yomon illat ekani ma'lum. Chunonchi, Qur'oni karimda ham bu illatdan qattiq qaytarilganmiz: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang va Allohni sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz undan sizni qutqardi. Shunday qilib Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz” Shuningdek, Anfol surasining 46-oyati hamda Rum 31-32-oyatlarida ham ixtiloflarga berilmaslik qat'iyan amr etilgan.
Rasululloh alayhissalomning hadislarida ham odamlar o‘rtalaridagi g‘arazli tortishuvlar, ixtilof va firqabozliklar qattiq qoralanadi. Abu Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh alayhissalom: “Ixtilof qilmanglar. Qalblaringiz ixtilofli, bir-biriga zid bo‘lib ketadi”, deganlar.
Ushbu asar hanafiy fiqhida yozilgan zamonaviy masalalar, ixtiloflar yoritib berilgan asardir.
Xadichai Kubro ayol-qizlar
Islom ta’lim muassasasi
4-kurs talabasi Yaxshiboyeva M.