HAYO IYMONDANDIR
Hayo kishilarni yomon yo‘ldan qaytaruvchi va yaxshi yo‘l sari undovchidir.
Muhammad Javhar Zamindor
Hayo insonni haqiqatdan ham yaxshi amalga chorlaydi xulqi, fel-atvorni go‘zallashtiradi odamlar orasida martabasini oshiradi.
Rasululloh sollolohu alayhi vasallam birodariga hayo haqida tanbeh berayotgan kishi oldidan o‘tayotib:
"Uni tek qo‘y! Hayo imondandir! – deganlar.
Hayo, nomus iymondandir. Hayosiz doimo xoru zalildir.
Alisher Navoiy
Islomda 77 ta sho‘ba bo‘lib uning bittasi hayodir. Albatta iymonli kishi hayoli bo‘lishi zarurdir. Komil mo‘min bo‘lishi uchun ham hayo kerak.
Hayosiz kishiga doim balo, ofat etib turadi odamlarning orasida ham martabasi tushib ketadi o‘zini o‘zi hurmatini yo‘qotadi. Har xil qiliqlar bilan kishilarni nafsoniyatiga tegadi. Kishi olgan tarbiyasi bilan behayoligini ko‘rsatadi badxulqli kishi behayo bo‘ladi. Go‘zal xulq sohibi hayoli bo‘ladi.
Oilada ota o‘g‘il bolalarni tarbiyalasa, ona qizlarga odob berib, yurish-turish, kiyinish madaniyatini har doim o‘rgatishi kerak. Hozirgi kunga kelib farzandlarimiz ommaviy g‘arb madaniyatiga taqlid qilib bormoqda. Bu millatning madaniyati, milliyligi yo‘qolib borishiga sababchi bo‘ladi.
Ming afsuslar bo‘lsinki bugungi kunda aksar yoshlarimiz besharm, behayo bo‘lib bormoqda ularning og‘zidan chiqqan so‘zga o‘zlari uyalmasalarda atrofdagilarni noqulay ahvolga solib qo‘ymoqda. YOshlarni bu ahvolga solayotgan nima bo‘lishi mumkin deymiz, bunga sabab oiladagi muhit xalqimizda bir gap bor "Qush uyasida ko‘rganini qiladi". Haqiqatdan ham farzandlar eng ko‘p ma’lumotni ota-onasidan yig‘adi ota-ona behayo so‘zlarni aytadi, urush-janjal qiladi bola esa ularni amalini qaytaradi. Oiladagi muhit nosog‘lom bo‘lsa farzandga katta ta’sir ko‘rsatadi. YArim kechasi bola ko‘chadan kirib keladi bunga ota-ona befarq qaraydi ayniqsa qiz bolalarda ham shunday holatlar kuzatilmoqda unga uyning eshigini otani o‘zi ochib yaxshi keldingmi deb kutib olishlarini kuzatmoqdamiz mana bu holat behayo, besharmlikdandir nahotki ota qaerdan kelding? kim bilan eding? nega kech kelding? so‘roqlarni qilmasa. Bunisi etmaganidek yigit-qizlar behayo kiyimlarni kiyib olmoqda. Ustidagi kiyimlariga behayo so‘zlar chet tillarida yozilmoqda. Ota-ona meni bolam falon joyda o‘qiydi meni qizim ... deb kerilishidan avval farzandlarini hech kuzatib ko‘rganmi? Kiyadigan kiyimiga befarq bo‘lib farzandlarini behayo qilib tarbiya qilayotgan ota-onalar ham kuzatilmoqda. Farzand behayo bo‘lishi ota-onaga bog‘liq. Muqaddas dinimizda hayo ham katta ne’matdir. Ota-ona oldida farzanlarning hayosi, farzandlarning oldida ota-ona hayosi, aka-singil, opa-uka, tog‘a-jiyan qondoshlik hayosi bo‘lishi zarur. Bu meni otam-onam, bu meni akam, bu singlim xohlaganimni qilsam bo‘laveradi deb behayo holatlarni ham guvohi bo‘lganmiz. Yo‘q unaqa emas hayo bir pardaki u hammadan to‘sib turuvchi pardadir. Hattoki shunaqangi holatlarni ham kuzatganman behayo qiliqlar bilan bir oilani urushtirishgacha ham borgan kishilar ham yo‘q emas. Ularni bir quroli bor bezbetni ishi beshmish bularning barchasi safsata. Behayolikning oqibatida shuncha noxush holatlar yuzaga kelib chiqmoqda.
Badbaxtning nishonasi besh narsadir:
-Besharm va behayo bo‘lmoq
-Ko‘ngli qattiq bo‘lmoq
-Dunyoga moil bo‘lmoq
-Ko‘zi yoshsiz bo‘lmoq
-Umidsiz bo‘lmoq
Fuzayl ibn Iyoz
Chindan ham kishidan hayo ketsa ko‘ngli qattiqlashadi kishilarning orasiga og‘rinmasdan nizo solishga harakat qiladi, dunyoga muhabbati borgan sari oshadi hoy-havasga beriladi ammo hayo haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Agar odamda zarracha hayo bo‘lsa o‘zini ham boshqalarni ham noqulay holatga solib qo‘ymasdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobalarga hayo nima ekanligini tushuntirib "Allohdan haqiqiy hayo qilmoqlik bilan hayo qilinglar" dedilar. Haqiqiy hayo bosh va boshga tegishli bo‘lgan barcha a’zolarni Alloh ma’n etgan narsalardan saqlash. Qorin va qorin bo‘shlig‘iga tegishli bo‘lgan barcha a’zolarni Alloh ma’n etgan ishlardan saqlash, o‘limni eslash, o‘limdan keyingi azob uqubatni unutmaslikdir. Kimki mana shu ishlarni amalga oshirsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi dedilar.
Hayoli kishilar o‘zlarni chiroyli tutadilar bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirib kishilarni o‘ziga qaratishga harakat qilmaydi.
Iyas ibn Qurra rohmatullohi alayhi:
"Umar ibn Abdulazizning huzurida edim. Uning oldida hayo zikr qilindi va odamlar:
– Hayo dindandir, dedilar.
SHunda Umar:
– Yo‘q! Hayo dinning hammasidir! dedi.
Hadisi sharifda ko‘rinib turibtiki hayo hattoki dinni barchasidir. Kishi hayosi bilan dinining go‘zalligini ham ko‘rsatib turadi. Hamda dinini, olgan tarbiyasini yanada go‘zallashtirib turadi.
Shunday qilib insoning tarbiyali, hayoli bo‘lishida ota-onaning roli katta. Farzand birinchi bo‘lib ota-onadan o‘rnak oladi ularga qarab ish tutadi.
Xulosa qilib aytganda, hayoli kishi barchaning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Hayo faqat yaxshilik va xayrli ishlarga etaklaydi. Hayosizlik esa, yomonlik nafratga olib boradi. Hayo insonlarning ziynati bo‘lib har doim ularga yo‘ldosh bo‘lsagina yaxshilikka sababchi bo‘ladi. Yoshlarimizni hayoli va kattalarni hurmat qiladigan qilib tarbiyalash har bir ota-onaning burchidir. Ayni paytda qizlarimiz va kelinlarimiz momolarimizdan ibrat olsalar va shu ibratlari natijasida kelajak avlodni sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalasalar elimiz, yurtimiz ravnaqi uchun ulkan hissa qo‘shgan bo‘lardilar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’im muassasasi
ARM rahbari M.Saidjalolova