27.06.2022
454

Hadis o’rganuvchilarning odoblari

 

Sunnat Islom uchun, musulmonlar uchun o’ta muhim manba. Chunki u Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom, ya’ni Alloh taoloning oxirgi va mukammal dinini o’z hayotlarida to’liq tatbiq qilib ko’rsatgan muborak zotning gaplari, ishlari, ma’qullashlari, xalqiy, xulqiy sifatlari va tarjimai hollari majmuasidan iboratdir.

Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning sunnatlari nafaqat shariatimizning ikkinchi manbasi, balki bizni suyukligimiz Muhammad Mustafo sollallohi alayhi vasallamga eltuvchi yo’l hamdir. Biz ushbu sunnatlarga, hadislarga amal qilish orqali Nabiyyimizga bo’lgan cheksiz muhabbatimizni izhor etamiz va oxiratda u zoti sharifga yaqinroq bo’lish, u zotni ko’rish baxtiga muyassar bo’lishga umid qilamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak umrlarining boshidan oxirigacha har bir lahzasi biz uchun o’rnak, beqiyos namunadir. Shu boisdan ham biz u zotning ummatlari o’laroq hayotlarining har bir lahzasini o’rganishga, bu bitmas xazinadan bahramand bo’lishga harakat qilamiz. Quyida esa hadis talab qiluvchiga zarur bo’lgan odoblarni keltiramiz: 

  1. Tolibi ilm, avvalo, ixlosli, sof niyatli bo’lishi kerak. Ilm talab qilishda dunyoviy g’arazlarni, riyosat, mansab, obro’ va sharafni ko’zlamasligi lozim.
  2. O’z yurtidagi iqtidorli ahli ilmlardan ustoz topishi kerak.
  3. O’z ustozini hurmat qilishi zarur, chunki bu hadisni hurmat qilish doirasiga kiradi.
  4. Hadislarning har bir kalimasini qunt bilan o’rganish lozim. Chunki bunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari o’rganiladi.
  5. Hadisga tegishli kitob va ma’lumotlarni to’plab, o’qib-o’rganib yurishga ahamiyat berishi kerak.
  6. Ilm darajalaridan shoshilmasdan, asta-sekin ko’tarilish lozim.
  7. Hadis o’rganish, o’rgatish va muzokara qilish uchun g’usl qilib, pok kiyim kiyib hamda xushbo’y narsalarni sepib olish mustahabdir.[1]

 

1.Tolibi ilm avvalo, ixlosli, sof niyatli bo’lishi kerak. Ilm talab qilishda dunyoviy g’arazlarni, riyosat, mansab, obro’ va sharafni ko’zlamasligi lozim.                                                                                       Alloh taolo har bir ishda niyatni farz qilganidek ilm talab qilishda ham niyat qilish juda muhim. Agar talaba Alloh uchun xolis bo‘lsa ajr-savobga ega bo‘ladi va sa’yu xarakatiga baraka beriladi. Oqibatda Alloh olimlar va ularning yo’lidan yurganlar uchun bergan sharafga loyiq bo’ladi. Aksincha, u ixlosni yo’qotsa, amaliga riyo aralashsa, ilm olishdan maqsadi maqtanish yoki soxta obro’ topish yohud martaba va rahbarlikni qo’lga kiritish bo’lsa, bunday ilm qiyomat kuni o’z sohibiga qarshi hujjat bo’ladi va Allohning huzurida na ajr va na nasibaga erishadi. Alloh taolo aytadi: “Kim oxirat hosilini istasa, unga hosilini ziyoda qilib berurmiz. Kim dunyo hosilini istasa, unga o’shandan berurmiz va unga oxiratda biror nasiba bo’lmas”.[2]Bunda avvalo niyatni to‘g‘irlab olish kerak bo‘ladi. “Niyat” lug’atda bir narsani qasd qilishni anglatadi. Shariatda esa, niyat deb bir narsani amalga bog’lab qasd qilishga aytiladi. Islomda har bir narsaga niyat shart. Shuning uchun ham ko’pchilik fuqaholar har bir amalda niyat farz, deganlar. Niyatning makoni qalbdir. Shuning uchun ham har bir ishning shar’iy bo’lishi uchun qalbdan niyat qilish kerak. Agar qalbdan niyat qilish bilan shu niyatini tilda ham zikr etsa, yanada yaxshi. “Ixlos” esa, lug’atda tozalash, xolis qilish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa, Allohga ibodatni xuddi U zotni ko’rib turgandek qilishdir. Alloh jalla jaloluhu: “Bas, Allohga Uning diniga ixlos etgan holda ibodat qilgin. Ogoh bo’ling! Xolis din Allohgadir” degan. Ya’ni, amalingda Allohdan boshqani zinhor mulohaza qilmagin, degani. Allohning diniga ixlos qilish faqat Allohning O’zini ko’zlab, uning roziligini o’ylab ibodat qilish bilan bo’ladi. Ixlos ibodatning mag’zidir. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Men shirkdan behojatlarning behojatiman. Bas, kim bir amal qilsa-yu, unda Mendan boshqani shirk keltirsa, Men uni ham, shirkini ham tark qilurman”, degan. Hidoyat yo’liga tushgan odam Allohga faqat ixlos bilan ibodat qilishi kerak. Allohni ko’rib turgandek his bilan, sezgi bilan yashab, o’sha holatda turib amallarni ado etishi kerak. Yaratgan zotning talabi shu!

 Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog’liqdir. Albatta, har bir kishining niyat qilgan narsasi bo’ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo’lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo’ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo’lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo’lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilingan bo’lsa, o’shanga bo’ladi», dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan. Payg’ambarimiz alayhissalom bu hadislarida nihoyatda qisqa iboralar bilan bir olam ma’noni bayon etganlar. Shuning uchun ham ulamolarimiz bu hadisi sharifni alohida e’tibor bilan, o’rganib chiqqanlar. Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu: «Ilmning uchdan biri shu hadisda», degan ekanlar. Chunki, bandaning savob kasb qilishi uch narsa – dil, til va badan orqali bo’ladi. Bu hadisda dil orqali bo’ladigan narsa to’la bayon qilingan. Qolaversa, din ichki va tashqi amallardan iborat. Niyat ichki amal hisoblanib, qalb bilan bo’ladi. Imom Shofe’iy rahmatullohu alayhi esa: «Ilmning yarmi shu hadisda», degan ekanlar. Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhi esa: «Bu hadis Islomning madori bo’lgan hadislardandir. Insonning dini uchun to’rtta hadis kifoya: 1. «Albatta, amallar niyatga bog’liqdir». 2. «Birortangiz toki o’zi yaxshi ko’rgan narsani birodariga ham yaxshi ko’rmaguncha mo’min bo’la olmaydi». 3. «Kishi Islomining go’zal bo’lishi o’zi uchun behuda narsalarni tark qilishidadir». 4. «Albatta, halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir», hadislaridir», degan ekanlar. Ushbu hadisi sharif niyatni to’g’rilash, yaxshi niyat qilish orqali ko’p narsalarga erishish yo’lini ochib bermoqda. Niyatsiz hech bir ibodat to’g’ri bo’lmasligini bayon qilmoqda. Niyat bilan odatdagi oddiy bir ish ibodatga aylanishi mumkin. Aksincha, niyatsiz ibodat ham odatdagi oddiy ishdan farq qilmay qolishi mumkin. Misol uchun, bir kishi masjidda o’tiribdi. Agar o’sha odam dam olishni niyat qilgan bo’lsa, amali odat bo’yicha dam oladi, savob olmaydi. Ammo, o’tirishdan e’tikofni niyat qilsa, hadisda aytilgani uchun qilayapman, degan niyat bilan o’tirsa, bu o’tirish ibodatga aylanadi. Uning uchun savob oladi. Bir odam hammomda yuvinmoqda. Agar u g’uslni niyat etib: «Shariatimizda buyurilgani uchun qilmoqdaman», degan qasd bilan qilsa, ibodat o’rniga o’tadi. Ammo tozalik uchun qilayapman, degan niyatda bo’lsa, tozalikka erishadi, ibodat niyatini qilmagani uchun savobga erishmaydi. Shariatimiz oila qurishga amr qilgan: Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Nikoh mening sunnatimdir, kim mening sunnatimga rag’bat qilmasa, mendan emas”, deganlar. Shuning uchun oila qurishni niyat qildim, degan odamning oilaviy hayoti ibodat bo’ladi. Uylanib, shahvatimni bir qondiray, degan niyatni qilgan kishi, o’sha niyatiga erishadi, ajru savobning yaqiniga ham yo’lamaydi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir musulmonga farz», deganlar. Xalqimning, el-yurtimning men o’rganadigan ilmga ehtiyoji bor, farzi kifoyani ado etishim kerak, degan niyat bilan ilm o’rganuvchi kishi ibodatda bo’ladi. Farishtalar uning oyoqlari ostiga qanotlarini yoyib turadi. Shu odam ulug’ ajr va buyuk martabalarga sazovor bo’ladi. Ilm olsam, molu dunyo topaman, mansabga erishaman, deya niyat qilgan odam molu dunyo va mansabga erishishi mumkin, ammo ajru savobga ega bo’lolmasligi aniq. Islom shariati nazdida “dinimiz menga ahli ayolimning nafaqasini vojib qilgan, halol yo’l bilan, halol luqma topib, ahli ayolimga tutay” degan niyat bilan dalada ishlayotgan dehqon, dastgoh oldida turgan ishchi, o’z kasbidan qolmayotgan xunarmand, o’z vazifasini ado etayotgan idora xodimi yoki ziyoli ibodat qilayotgan bo’ladi. Bundan boshqa niyatni qilgan odam esa, mo’ljaldagi narsasiga erishishi mumkin, ammo ajru savobga etisha olmaydi. Dinimizda hayvonlarga mehribon bo’lishga, ularni och va suvsiz qoldirmaslikka amr qilingan, shu amrga binoan ish tutishim kerak, degan niyatdagi odamning hayvonlarni boqib qarashi ham ibodat hisoblanadi. O’shanga yarasha ajru savobini oladi. Ammo mol-qo’yimni yaxshilab boqsam go’shti ko’p bo’ladi, sotib pul qilaman, degan niyatdagi odam go’shtga, molu pulga etishishi mumkin, ammo ajru savobga erishmasligi aniq. Bu qoidani inson hayotiga batamom qo’llash mumkin. Shunda kishi hayotining har bir daqiqasi, hatto uyqusi ham ibodatga aylanadi. “Islom dini – osonlik dini”, deyilishining ma’nosi ham shu. Islomda boshqa din va tuzumlarda odat va zarurat hisoblangan narsalar osonlik bilan, birgina niyatni tuzatish bilan ibodatga aylanadi. Islomda kishi niyatni yaxshi qilishi bilan, shariat ko’rsatmasiga binoan halol-pok yo’l tutishi bilan hatto o’z shahvatini qondirishi, kiyinishi, eb-ichishi va boshqa ehtiyojlarini qondirishini ham osongina ibodatga aylantira oladi. Ha, Islom yaxshi niyatlar, yaxshi amallar dinidir, musulmon kishi yaxshi niyatli, yaxshi amalli insondir. U o’z hayotining har bir lahzasini, har bir amalini Allohga ibodatga aylantirishi mumkin. Chunki inson hayotining har bir sohasida Islomning ko’rsatmasi bor. Musulmon shunchalar baxtli insonki, o’sha ko’rsatmalarni o’rganib, niyatini ularga moslab yashasa, uning oddiy hayoti ibodatga aylanadi. Musulmon kishining ibodatga aylanmaydigan amali yo’q, uning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, adabiy va boshqa amallari barchasi ibodat bo’lishi mumkin. Buning uchun esa undan ko’p narsa talab qilinmaydi. O’z dinining ko’rsatmalarini o’rganib, niyatini unga moslasa kifoya. Shu yo’sinda butun hayoti ibodatga aylanadi. Lekin biz o’zimizga berilgan ushbu ulkan imkoniyatdan foydalanayapmizmi? Albatta, yo’q! Ko’pchiligimiz musulmonlikni da’vo qilganimiz bilan Islom dini nimaligini bilmaymiz. Ozgina bilganlarimiz ham o’sha bilganimizga amal qilmaymiz. Hatto qilgan misqolcha amallarimizni ham Alloh va Uning Rasuli uchun, deb qilmaymiz. Ba’zilarimiz namoz, ro’za, nikoh o’qitish va janozaga o‘xshash narsalarni dindan deb, qolgan hamma narsani dunyoviy deb sanaymiz. Musulmon odamga namozni farz qilgan Alloh halol kasb qilishni ham farz qilganini unutamiz. Namoz farzini ado etishni ibodat hisoblaymizu, halol kasb qilishni farz ibodat hisoblamaymiz Agar har bir narsada yaxshi niyat qila olsak, ana shundagina har bir ishimizni ibodatga aylantirish imkoniga ega bo’lamiz. Ana shundagina butun hayotimizni Allohga ibodat qilgan holda o’tkaza olamiz.

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar ta’lim muassassasi o’qituvchisi

 Joziba Jamol qizi

                                         


 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 1-juz. T.: “Hilol-Nashr” 2011. –B. 132.

[2] “Shuaro” surasi, 20-oyat. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol 5-juz. T.: “Sharq” 2012. –B. 341.

Другие новости

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870)
20.07.2023 282
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870)Hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblangan IX asrda hadisshunoslikda katta muvaffaqiyatlar qo'lga kiritilgan. Chunonchi, butun islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar...
Подробнее
Qiyomat soati  oyat va hadislar  talqinida
23.05.2023 386
Alloh taolo qiyomat haqida kop bora Quroni karimda aytgan ,bazi oyatlardan uning korinishi ,daxshatli holati ,bazi oyatlarda Rosulullohdan sorab kelishganda javob olaroq zikr qilgan .Biz quyida bazi oyat va hadislarni...
Подробнее
Yosh bolalarga xadisi sharifni o‘rgatish usullari
07.03.2022 465
Har bir musulmon ota yoki ona o‘z farzandini amalli, e’tiqodli musulmon bo‘lib etishini xohlaydi. Albatta ilmlarni boshi bo‘lgan Qur’oni karimni yod oldirishdan boshlaydi. Biz bilamizki, Qur’on musulmonlarning muqaddas kitobi shu...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry