22.07.2022
365

Ayolning eri oldidagi moliyaviy va muomalaviy haqlari

 

Ayolning erda bir necha moliyaviy hamda muomalaviy haqlari bor bo'lib, moliyaviy haqlariga mahr va nafaqa kiradi. "Mahr" aqdi nikoh yoki er-xotin bo'lish bilan er zimmasiga yuklanadigan va ayolga berishlik shart bo'lgan moldir. Bu  haqida Alloh taolo shunday deb buyuradi:

وَآتُوا النِّسَاءَ صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً فَإِنْ طِبْنَ لَكُمْ عَنْ شَيْءٍ مِنْهُ نَفْسًا فَكُلُوهُ هَنِيئًا مَرِيئًا  *           *

         “Ayollarga mahrlarini  chin dildan chiqarib beringlar. Agar ular undan biror narsani o’z roziliklari ila bersalar. Bas, yenglar, osh bo’lsin ofiyat bo’lsin”.[1]

          Mahr aqdi nikoh yoki eru xotin bo’lish bilan er zimmasiga yuklanadigan xotinga berilishi lozim bo’lgan moldir. Mahrning muayyan bir miqdori belgilanmagan. Ko'pining chegarasi yo'q. Hanafiy mazhabida eng kami o'n dirham deyilgan. Chunki shariatda bir narsaga arzigulik eng oz molning miqdori shudir. Shuningdek, kuyovning kelinga bergan narsalari masalan, kiyim-kechak, uy anjomlari, turar joy kabilar ham mahr hisobiga o'tishi mumkin. Bunda mabodo ular ajralishadigan bo'lsalar, kuyov o'sha bergan narsalarini qaytarib olmaydi.

          Mahr erning ayolga ega bo'lganligining evaziga beriladi. U ayolning shaxsiy mulkiga aylanib, uni xohlaganicha tasarruf qila oladi. Xohlasa oyatda aytilganidek kechib yuboradi, xohlasa o'ziga ishlatadi.[2]

         Ayollarning nafaqasi nikoh aqdi sababi bilan erning zimmasiga vojib bo'ladigan ayolning haqiqiy, asl haqlaridandir.

         Nafaqaning erga vojib bo’lishi Qur’on, sunnat, ijmo va aql bilan isbot bo’lgan. Alloh taolo  shunday marhamat qiladi:

“لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آتَاهُ اللَّهُ...”

          “Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor qilingan bo’lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin…”. [3]

          Alloh taolo marhamat qiladi:

*  *  وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

          “U (ona)larni ma’ruf ila yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir” .[4]

Alloh taolo marhamat qiladi:

أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ  *

“U (ayol)larga imkoningiz boricha, o’zingiz yashab turgan joydan joy bering”[5] 

Alloh taolo marhamat qiladi:

*   وَلَهُنَّ مِثْلُ الَّذِي عَلَيْهِنَّ بِالْمَعْرُوفِ *

          “Va yaxshilik ila ularning burchlari muqobilida haqlari ham bordir...”[6]

Haqlardan murod  nafaqa bilan ta’minlashdir.

           Sunnatdan dalillar:

          Imom Muslim, Abu Dovud va Molik vidolashuv haji hadisida Jobir (r.a.)dan rivoyat qiladilar : “Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar:

          “Bas, ayollar haqida Allohdan qo'rqinglar! Chunki, siz ularni Allohning omonati ila olgansizlar. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko'rgan biror kishiga to'shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o'shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo’l bilan rizqlari va kiyimlari majburiyati bor”.

Muoviya al-Qurayshiy (r.a.)dan rivoyat qilinadi:

“Yo Rasululloh! Bizning birimizda xotinining nima haqqi bor?” – dedim.

“Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan. Qattiq so’kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan”, - dedilar u zot”.  (Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan).

          Bundan tashqari nafaqaning vojibligiga dalolat qiluvchi hadislar juda ko'p bo'lib, ulamolarning barchasi ayollarning nafaqasi erlarga vojib ekanligiga ittifoq qilganlar. Aqlga solib ko’rilganda ham, ayol kishi erning xizmatlarini qilgandan keyin, uning izmida bo’lgandan keyin, albatta, uning nafaqasi erga vojib bo’ladi.[7]

Aqliy dalil: Ayol kishi nikohlangandan keyin erining qo'l ostida ushlanib turadi. Uning manfaatlari erga cheklangan. Erning xizmatiga ajralib chiqqanligi uchun o'zicha bir harakat qilishlikdan to'silgan bo'ladi. Shuning uchun erning zimmasiga ularni yetarli nafaqa bilan ta'minlash vojib bo'ladi. [8]          Nafaqa ayolni erining uyida ushlab turilganligining jazosidir. Kim bir shaxsning haqqi uchun ushlanib turgan bo'lsa, ushlanib  turgan odam o'zining hojati uchun bo'shay olmaganligi sababli uning nafaqasi  ushlab turgan odamga lozim bo'ladi.[9]

 

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar oʻrta maxsus

islom taʼlim muassasasi axborot-resurs markazi rahbari

M. Saidjalolova

 

 


 

[1] Qur’oni Karim. Niso surasi 4-oyat.

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya 2-juz. “Sharq” nashriyoti. Toshkent 2008.  361-362-betlar.

[3]  Qur’oni Karim. Taloq surasi 7-oyat.

[4]  Qur’oni Karim, Baqara surasi 233-oyat.

[5]  Qur’oni Karim,Taloq surasi 6-oyat.

[6]  Baqara surasi 228-oyat

[7]  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya 2-juz. “Sharq” nashriyoti. Toshkent 2008. 517-518-betlar.

[8] Az-Zuhayliy Vahba. Al-fiqhul islamiy va adillatuhu. 10-juz. Damashq. Darul-fikr. 2006. 7373-bet.

[9] Ayniy Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad  ibn al Husayn  Badriddin. Al-Binoya sharhul Hidoya, 5-juz.. Bayrut-Livan. Dorul kutubil ilmiyya-2000. 666-bet.

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 169
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 285
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 275
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry