29.07.2022
495

Libos – ichki dunyo koʻzgusi

 

Shariatimizda kiyinish odoblari va liboslarga tegishli boʻlgan alohida hukmlar joriy qilingan. Kiyim insonning ichki maʼnaviy dunyosini aks ettiruvchi vositadir. Inson iymonli or-nomusli boʻlsa, uning kiyadigan kiyimi ham shunga munosib boʻladi. Aksincha boʻlsa, kiyimi uning behayo va beandisha ekanligidan darak beradi. Azaldan kiyimga, kiyinishga boʻlgan eʼtibor barcha millat va din vakillarida oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Har bir millat va elatni hamda din vakillarining oʻzlariga xos va munosib kiyimlari borki, bu kiyimlar ularning milliy yoki diniy kiyimlariga aylanib ulgurgan. Har bir millatni va dinlarni oʻz kiyimlarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bizlarning ham oʻzimizga xos va shariatimiz ahkomlariga muvofiq keladigan milliy kiyimlarimiz albatta bor.

Insonni boshqa maxluqotlardan ajratib turadigan narsa ham libosdir. Odamning avrati-aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruriyligi kiyim avratni oʻzgalardan pinhon tutishidir. Shu bois libosni shariatga muvofiq kiygan inson ziynatli hisoblanadi. Erkakning ham, ayolning ham avrat-toʻsini aʼzolarini yopiqligi Allohga xush sanaladi. Ayoldir, erkakdir libosda yursa, nur ustiga nurdur.

Libos – nafaqat, insonga koʻrk bagʻishlaydi, balki uning odob-axloqi, dunyo qarashi, feʼl-atvori, maʼnaviyati darajasini, umuman, qanday inson ekanligini namoyon etuvchi vositalardan biri hisoblanadi.

 Libos – inson tanasini issiq va sovuqdan toʻsadigan boʻlishi, avrat sanaladigan aʼzolarni berkitadigan boʻlishi, shahvatni qoʻzgʻatishga sabab boʻlmasligi shart.

يَا بَنِي آَدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآَتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آَيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning moʻʼjizalaridandir. Shoyad (buni) eslab koʻrsalar! (“Aʼrof” surasi, 26-oyat).

Inson libos bilan avratini berkitib, atrofdagi kishilar koʻz oʻngida goʻzal koʻrinishda namoyon boʻladi. Shu bilan birga, musulmon kishi libos va ziynatlarga oid odoblarga rioya qilishi kerak.

Kiyim odoblaridan biri  – libosni Allohning neʼmati deb bilish.

Alloh taolo neʼmatini his qilish – avratni berkitish bilan boʻladi. Chunki odamlar orasida kiyishga kiyim topa olmayotganlar ham bor.

Yuqoridagi oyati karimada inson libos kiyib, tashqi koʻrinishini goʻzal qilgani kabi, Alloh taologa taqvo va toat-ibodat bilan qalbini ham goʻzal qilmogʻi lozimligi “Taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir” degan goʻzal jumla bilan taʼkidlangan.

Kiyim odoblarining yana biri kamtarlikdir – qimmatbaho liboslarga oʻch boʻlish moʻmin-musulmonlarga xos odat emas. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam kiyinishda odamlarning eng kamtari edilar. Ammo libos, poyabzal va badanning pokiza va chiroyli boʻlishiga eʼtibor qilishning zarari yoʻq.

 

عن ابن مسعود رضي اللّه عنه،عن النبيّ صلى اللّه عليه وسلم قال : " لا يَدْخُل الجَنَّةَ مَنْ كان في قَلْبِهِ مِثْقالُ ذَرَّةٍ مِنْ كِبْرٍ، فقال رجلٌ : إن الرجلَ يُحبّ أن يكون ثوبُه حسناً ونعلُه حسنةً؟ قال : إنَّ اللَّهَ جَمِيلٌ يُحِبُّ الجَمالَ، الكِبْرُ بَطَرُ الحَقِّ وَغَمْطُ النَّاسِ"

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sallollohu alayhi vasalllam: “Qalbida zarracha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: “Axir inson kiyimi ham, poyabzali ham goʻzal boʻlishini yaxshi koʻradi-ku!?” dedi. U zot: “Alloh taolo goʻzaldir, goʻzallikni yaxshi koʻradi. Kibr – haqni inkor qilish va odamlarni mensimaslikdir”, dedilar”. (Imom Muslim rivoyati)

 

Boshqa bir hadisi sharifda esa kamtar boʻlish haqida:

عن معاذ بن أنس: قال رَسُول اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَنْ تَرَكَ اللِّبَاسَ وَهُوَ يَقْدِرُ عَلَيْهِ تَوَاضُعًا له دَعَاهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَلَى رُءُوسِ الْخَلاَئِقِ حَتَّى يُخَيِّرَهُ مِنْ حُلَلِ الْإِيمَانِ يَلْبَسُ أَيَّهَا شَاءَ.

Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim qimmatbaho liboslarga qodir boʻlsa-da, kamtarlik qilib, Alloh uchun tark qilsa, Qiyomat kuni Alloh taolo uni xaloyiq orasidan chaqirib, iymon (iymon egalari kiyadigan jannat) liboslaridan xohlaganini tanlab kiyishiga imkon beradi”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati)

Kamtarlikni lozim tutgan inson kibr, isrof va oʻzga insonlarning hasadidan uzoqda boʻladi. Koʻpincha qimmatbaho kiyimlar kishining axloqiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, odamlardan ajralib turish va boshqalarni oʻziga qaratish maqsadida qimmatbaho boʻladimi, yirtiq-yamoq boʻladi muayyan kiyim kiyish sharitimizga xilofdir. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

عَنِ ابْنِ عُمَرَ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم : مَنْ لَبِسَ ثَوْبَ شُهْرَةٍ فِي الدُّنْيَا أَلْبَسَهُ اللَّهُ ثَوْبَ مَذَلَّةٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bu dunyoda (odamlarni oʻziga qaratadigan) shuhrat libosini kiysa, Alloh taolo qiyomat kuni unga xorlik kiyimini kiydiradi”, dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati)

Libos Alloh taoloning neʼmati, uni mutakabbirlik vositasi qilib olmaslik lozim. Shu bilan birga Allohning neʼmatini yoʻqqa chiqarish ham kerak emas. Alloh taolo neʼmatlari bandalarida namoyon boʻlishini xohlaydi.

عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ ، عَنْ أَبِيهِ ، عَنْ جَدِّهِ ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم ، قَالَ : كُلُوا وَاشْرَبُوا وَتَصَدَّقُوا وَالْبَسُوا فِي غَيْرِ مَخِيلَةٍ وَلا سَرَفٍ ، فَإِنَّ اللَّهَ سُبْحَانَهُ يُحِبُّ أَنْ يَرَى أَثَرَ نِعْمَتِهُ عَلَى عَبْدِهِ

Amr ibn Shuʼayb otasidan, u esa bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandasida neʼmatlarining asari koʻrinib turishini yaxshi koʻradi”, dedilar”. (Imom Termiziy, Bayhaqiy rivotlari)

Bir kuni Abu Hanifa rahmatullohi alayh hamsuhbatlaridan birini juda eskirib ketgan kiyimda koʻrdilar. Odamlar ketib, faqat oʻsha kishi qolganda: “Mana bu joynamozni koʻtarib, uning ostidagi narsani oling”, dedilar. U kishi joynamozni koʻtarib qarasa, ming dirham bor ekan. Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Buni olib, ahvolingizni oʻnglab oling”, dedilar. U kishi: “Men boyman, Alloh taolo menga neʼmat aʼto qilgan, bu pullarga mening ehtiyojim yoʻq”, dedi. Shunda Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Alloh taolo sizga neʼmat bergan boʻlsa, uning belgisi qani? Sizga Rasullloh sallalohu alayhi vasallamning “Alloh taolo bandasida neʼmatlarining asari koʻrinib turishini yaxshi koʻradi”, degan soʻzlari yetib kelmaganmi?! Siz ahvolingizni oʻnglab olishingiz lozim. Doʻstlaringizni tashvishga solmang, dedilar.

Kiyinish odablarining yana biri – ayol oʻzini erkakka va erkak oʻzini ayolga oʻxshatmasligi.

Ayrim hollarda erkak kishining ayollar kabi yoki ayollarning erkaklar kabi  kiyinganiga guvoh boʻlamiz. Ayollarning oʻzlarini erkaklarga oʻxshatishi yoki erkaklarning oʻzini ayollarga oʻxshatishi shariatimizda harom qilingan. Bunga quyidagi hadis  dalolat qiladi:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ ، قَالَ : لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم الْمُتَشَبِّهِينَ مِنَ الرِّجَالِ بِالنِّسَاءِ ، وَالْمُتَشَبِّهَاتِ مِنَ النِّسَاءِ بِالرِّجَالِ

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasalllam oʻzlarini ayollarga oʻxshatgan erkaklarni va oʻzlarini erkaklarga oʻxshatgan ayollarni laʼnatladilar”. (Imom Buxoriy rivoyati)

Bu narsa katta buzgʻunchiliklarga sabab boʻladi. Bu oʻxshatish avvaliga zohirida boʻlsa, asta-sekin insonni ruhiyatiga ham taʼsir qiladi. Garchi “men oʻzimni ularga oʻxshatish maqsadida emas, shunchaki, oʻzimga maʼqul boʻlgani uchun kiyaman”, desalar ham. Chunki insonnig qalbi bilan kiyimi oʻrtasida bogʻliqlik bor. Kiyimlarning inson axloqiga taʼsir qilishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Shuning uchun har bir musulmon kiyadigan kiyimiga ahamiyat berishi lozimdir. Kishining kiyimi unga xuddi doim birga yuradigan doʻsti kabi taʼsir qiladi. Masalan, yosh bolaga harbiylar kiyimini kiydirsangiz, u bola xuddi harbiylar singari shaxdam qadamlar bilan yuradi, sportchilar (hozirgi kunda “oʻrgimchak odam”) kiyimini kiydirsangiz, kiyimiga monand harakat qiladi. Ayol-qizlar kalta-kulta, tor kiyimlarni kiyib, qomatlarini koʻrsatib yurishsa, darhol ularga “gap otadigan”, tegajogʻlik qiladigan yigitlar topiladi. Sababi kiyim ichidagi inson shunga moyil ekanligini suylaydi. Aksincha, buvijonlarimiz kiygan milliy kiyimlarimiz singari har tomonlama avratlari berkilgan, keng va uzun kiyim kiygan qizlarimizni eng “ogʻzi sassiq” va pastkashlar ham hurmatini saqlashga, ularni oldida ogʻizlariga “egalik” qilishga harakat qilishadi.

Dinimiz va millatimizga mos kiyimlar gunoh-maʼsiyatdan saqlanishimizda, iymonimizga yordamchi boʻladi, shuningdek, yuqorida aytganimizdek, oʻzgalarning ham bizga nisbatan hurmat-ehtirom bilan muomala qlishiga sabab boʻladi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Shuning uchun har bir musulmon gunohga yoʻl ochib beradigan va millat shaʼniga or hisoblangan kiyimlardan saqlanishi lozim.

Hazrat Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida: “Erkaklarning oʻzini koʻz-koʻz qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun koʻproq sharmandalikdir”, deya taʼkidlagan. Bu oʻlmas soʻzlar esa har qanday zamonaviy moda talablari yigitlik gʻururi va shaʼnidan ustun boʻla olmasligini isbotlaydi.

Libosning qalbga va axloqqa taʼsiri boʻlgani kabi, xuddi shuningdek, qalbning ham libosga taʼsiri boʻladi. Chunki koʻpincha kishining qalbidagi kechinmalari uning kiygan libosida namoyon boʻladi. Qalbning libosga taʼsiri haqida, Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu shunday deganlar:

“Qalblar qalbga oʻxshamaguncha, libos ham libosga oʻxshamaydi”.

Inson bir kiyim kiyishi uning shu kiyimni kiyishga moyilligi borligidandir. Insonning qalbi – barcha aʼzolarining shohidir. Barcha aʼzolar qalbga ergashadi, qalbning istagani gunohga borsa yoki oyogʻi biror gunohga qadam tashlasa, bularning hammasidan avval uning qalbi shu ishlarga tashabbus koʻrsatgan boʻladi. Shuning uchun “Agar qalb qoʻrqsa, aʼzolar ham qoʻrqadi”, deyilgan. Aʼzolar bajargan amallar qalb kechinmalarining samarasi hisoblanadi. Rasululloh asallallohu alayhi vasallam bu haqida shunday marhamat qilganlar:

عن النعمان بن بشير رضي الله عنه قال قال رسول الله {صلى الله عليه وسلم} ألا إن في الجسد مضغة إذا صلحت صلح الجسد كله وإذا فسدت فسد الجسد كله ألا وهي القلب

Noʻmon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasalam: “Ogoh boʻling! Albatta, jasadda bir parcha goʻsht bor, agar u solih boʻlsa barcha aʼzolar solih boʻladi, u buzilsa barcha aʼzolar buziladi. Ogoh boʻling! Albatta u qalbdir”. (Imom Termiziy rivoyati)

Shunga koʻra,  insonning kiyadigan kiyimida nuqson boʻlsa, qalbida ham nuqson boʻladi. Qalb xohlagani uchun til zikr qiladi, qalb xohlasa, qoʻl sadaqa beradi, qalb xohlasa, koʻz yosh toʻkadi. Ayollarning erkaklar kabi kiyinishi yoki erkaklarning ayollar kiyimini kiyishi yoki avratlarini toʻliq yopmasligi kabi kiyinishi Alloh taolo insonni yaratgan sogʻlom fitratga mutloqo zid boʻlganlar tavba qilib, Allohga qaytishi lozim boʻladi.

Kiyinishda eʼtibor beradigan yana bir muhim jihatlardan biri, dinimiz va milliyligimizga zid boʻlgan, gʻarb kiyimlarini koʻr-koʻrona ularga taqlid qilgan holda avratlarining ochiqligiga ahamiyat qilmasdan kiyaverishdir.

Bu haqida Rasululloh salallallohu alayhi vasallam quyidagini marhamat qilganlar, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh salallohu alayhi vasallam: “Kim biror qavmga taqlid qilsa, u oʻsha qavmdandir”, dedilar”. (Imom Abu Dovud rivoyati)

Ushbu hadisga binoan har bir  moʻmin-musulmon oʻzga din va millat vakillariga, taqlid qilmasligi, agar taqlid qilsa, u oʻsha qavmdan boʻlib qolishini ogohlantirish kerak.

Avratni ochib yurish insonning sof tabiatiga, ziddir. Avratni ochib yurish dinimizda ham milliyligimizda ham yomon koʻrilgan ishdir. Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qiladi: “Ey Paygʻambar, xotinlaringizga, qizlaringizga va moʻminlarning ayollariga ayting, ustilariga yopinchiqlarini tashlab olsinlar! Ana oʻsha ularning (kim ekanliklari tanilib) ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vosita)dir. Alloh oʻta magʻfiratli va rahmli zotdir”. (Ahzob  surasi, 59-oyat)

Libos jinsiy maylni qoʻzgʻatmaydigan, badanning shaklini, rangini bildirib turmaydigan, tanadagi aʼzolarni boʻrttirib koʻrsatmaydigan boʻlishi lozim. Ayniqsa, ayollar erkaklarni jalb qiladigan va fitnaga sabab boʻladigan turli zeb-ziynatlarini kiymasliklari, bu borada nihoyatda ehtiyot boʻlishlari lozim. Shuningdek, jonli narsalarning va xochning surati bor kiyimlarni, hozirgi kunda turli eʼtiqodga zid yoki fohish gaplar  yozilgan kiyimlar  kiymasliklarida eʼtiborli boʻlishlari lozim.

Ajdodlarimizning kiyinish madaniyatiga nazar solsak, liboslari, zebu ziynatlari oʻziga xos, rang-barang boʻlganligini koʻramiz. Umuman, har bir davr libosi — oʻsha zamon madaniyatining maʼlum maʼnodagi koʻzgusi hisoblangan. Yaʼni, libosga qarab har bir davr kishilarining kiyinish odobi, madaniyati xususida fikr yuritish mumkin.

Ahli ilmlar va imom domlalar ilm egalari ekanliklari bilinib turishi uchun koʻrkam, salobatli, keng va uzun kiyim kiyishlari, chiroyli salla oʻrashlari yoki ulamolarga xos bosh kiyim kiyishlari mustahabdir. Ularning bunday kiyinishlari odamlar ularni koʻrganda tanib, ulardan din ahkomlarini soʻrab olishlari qulay boʻlishi uchundir.

Bugun madaniyat va qadriyatlar globallashuvi liboslarimizga  ham oʻz taʼsirini  koʻrsatayotgani sir emas. Vaholanki, libos —  insonning dunyoqarashi, ichki madaniyati va individual psixologiyasining koʻzgusi.

Soʻzimizni muxtasar qilib, yana hazrat Navoiyning yozganlariga eʼtibor qaratamiz:

Shohu toji xilʼatekim, men tomosha qilgali,

Oʻzbakim, boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas...

Ulugʻ shoirimiz taʼrif berganidek, zamonaviy koʻrinish bilan sayqallangan milliy liboslarimiz egnimizdan tushmasin. Ular hamisha millatimiz koʻzgusi, xalqimizning oʻlmas qadriyatlaridan biri boʻlib qolsin.

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar oʻrta

maxsus islom taʼlim muassasasi

oʻqituvchisi D.Maxmudova

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 169
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 285
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 275
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry