Libos insonning ichki dunyosidan bir belgi
Libos insonning ichki dunyosini namoyon qiladigan bir belgi bo'lib, bu orqali uning dunyoqarashi, axloqi va hayosini bilib olish mumkin bo'ladi. Insonni itoati qanchalik kuchli bo'lsa, libosi ham shunga yarasha bo'ladi. Alloh taolo bizlarga avratlarimizni yopib turishi uchun ne'mat o'laroq libosni berdi.
Alloh taolo O'z kalomida shunday marhamat qiladi: " Ey, odam bolalari! Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan (libosini) ham tushurdik. (Hammasidan) yaxshiroq libos bu taqvo libosidir..." ( A'rof surasi, 26-oyat.)
Yuqoridagi oyatdan bilamizki, Alloh taolo bandalaridagi liboslarning eng afzali, yaxshi maqtalgani deb taqvo libosini zikr qildi. Bandaning suratiga emas, balki siyratidagi holati Allohning huzurida e'tiborli ekanini bayon qildi.
Hozirgi kunda jamiyatimizda fitnaga sabab bo'luvchi " taqvo libos "lari ham uchrab turgani sir emas. Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa millat odamlariga taqlid qilgan holatda yoki o'zini ko'z-ko'z qilish, ziynatlarini namoyon qilish niyatida turli holatdagi liboslarda namoyon bo'layotgan "taqvo sohib va sohiba"larini uchratamiz. Vaholanki, Alloh taolo libosni avratlarni yashirish, ayol kishi avrat bilan birga nomahramlardan ziynatlarini yashirish uchun libos deb atalmish ne'matni berdi. Islomni hozirda ko'pchilik suratdagina tushunadi. Tashqi ko'rinishga qarab baho beradi. Vaholanki, eng avval islomni mohiyatini anglash zarur. Qalbga singdirilgan islom, so'ng zohirda o'z aksini topadi.
Rasululloh s.a.v. shunday deydilar: " Alloh taolo sizlarning suratingizga, molingizga qaramaydi, balki, qalbingizga, amallaringizga qaraydi."
Demak, ushbu hadisdan ham ma'lum bo'ladiki, mo'min kishi avvalo zohiridan ko'ra, botinini isloh qilsin, Alloh buyurgan amallar bilan ziynatlansin! Mana shu taqvo libosidir. Robbimiz belgilab qo'ygan liboslar bilan avratlarini yopish hamma mo'min va mo'mina uchun farzdir. Bu farzni bajarayotganda jamiyatda fitnaga sababchi bo'lib qolishdan ehtiyot bo'lmoq zarur. Alloh bandalariga buyurgan har bir narsa borki, mo'minni zulmatdan nurga olib chiqadi, lekin ba'zi bir fitnachilar borki, belgilab qo'yilgan chegaradan o'tib, odamlar orasida turli xiloflar, tushunmovchiliklar keltirib chiqadilar. Biz mana shu fitnalardan ogoh bo'lishimiz zarurdir.
Odatda, bizning yurtlarda odamlar orasida yorqin rangdagi libos kiyish urf bo'lgan.
Rasululloh s.a.v. shunday deydilar:-" Oq liboslaringizni kiyinglar. Chunki u liboslarning yaxshisidir.." (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati)
Ushbu hadisdan ham ko'rinib turubdiki, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam biz ummatlarni oq rangdagi liboslar kiyishga targ'ib qilyaptilar. Ushbu hadisdan yuqoridagi oyatlardan xulosa qilib aytamizki, mo'mina opa singillarimiz liboslarni kiyayotganlarida, ranglarini tanlayotganrida e'tibor bilan fitnaga sababchi bo'lib qolishdan ehtiyot bo'lib tanlasalar maqsadga muvofiq bo'lar edi va boshqa amallari, go'zal haqiqiy taqvo sohibalariga ham bo'xton toshlari otilishini oldini olgan bo'lar edilar.