02.09.2022
283

Terror – islomga yot g'oya

Terror – islomga yot g'oya

Insoniyat tarixi jarayonida terrorchilarning na diniy va na hayotiy haqiqatga mos bo'lmagan soxta “g'oyalari” va bu yo'ldagi qonli fojealarga sabab bo'layotgan faoliyat usullari yuz minglab begunoh insonlar umriga zomin bo'lmoqda.

Hozirda bu kuchlar o'zlarining jangariligi va yuqori darajada ijtimoiy xavfliligi bilan tavsiflanmoqda. E'tiborli jihati shuki, ular tomonidan maqsadga erishish borasidagi faoliyatlari turlicha bo'lsada, tutayotgan yo'l (yoki qilayotgan ish)lari bir xil: odamlar tinch turmush tarzini izdan chiqarish va ularni qo'rquvda yashashga majburlash kuzatilmoqda.

Ming afsuski, XXI asr ham insoniyat uchun og'ir sinovlar bilan boshlandi. Ayniqsa, ba'zi shaxs va guruhlar tomonidan o'zlarining geosiyosiy maqsadlarini islom shiorlariga burkangan holda tashkil qilishga urinishi qator ixtilof va ko'ngilsizliklarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, ular tomonidan ko'tarib chiqilayotgan soxta da'volar musulmonlar ommasi o'rtasida e'tibor topmayotgani hamda o'z harakatlarini ommaviy shaklda tashkil etolmayotgani jihatidan aholining ma'lum qatlamlari nomidan kurash taassurotini uyg'otish maqsadida terror yo'li tanlanmoqda.

“Islom” va “terror” so'zlarini birikma – ibora shaklida ifoda etish ularning mazmun-mohiyatiga ziddir. Sababi, nafaqat islom, balki biror-bir samoviy din o'z ta'limotida zo'ravonlik, zulm va qon to'kishni oqlamagan va oqlamaydi ham. Xususan, islom dini zulm va zo'ravonlikning har qanday ko'rinishini qat'iy qoralagan. Qur'oni karim “Nahl” surasi, 91-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi”.

SHubhasiz, bugungi ommaviy axborot vositalarida tez-tez uchrab turgan “islom terrorizmi” haqidagi da'volar, “yahudiy terrorizmi” yoki “xristian terrorizmi” tushunchalari kabi noto'g'ri va asossizdir. Terrorchi guruhlarning allambor nomlari, ularga a'zo bo'lgan kimsalarning ismlari hech qanday haqiqat yoki asliyatni ifoda etmaydi. Zero, islomda ham boshqa samoviy dinlar kabi terror yoki odamlar ustidan boshqa shakldagi zo'ravonlikka o'rin yo'q. Hozirda “terror” deb atayotgan harakatlar allaqachon islomda “ulkan gunoh”, deb belgilab qo'yilgan.

Terror o'z oldiga shafqatsizlik, qotillik va tinch aholi ustiga ko'plab kulfatlarni solishni maqsad qilib olgan. Ushbu maqsadlarni islom maqsadlariga teskari holda ekanini bilgan har qanday kishi terrorchilik harakatlari islom va iymon taqozosidan uzoq harakat ekanini ko'radi.

Islom tarixida kechirimlilik, rahm-shavqat, o'zaro ittifoq va xotirjamlikda yashash tamoyillari namunali tarzda o'z aksini topgan. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni o'zlariga mislsiz dushmanlik va zulmlar qilgan kishilarni ham afv etib, ularga omonlik berishlari nafaqat U zotni, balki islom dinining ruhida kechirimlik, oliyjanoblik hamda insonlarga nisbatan o'ta mehribon va shafqatli bo'lishning go'zal namunasini mujassamlashganini ifodalaydi.

U zot hayotiga suiqasd qilishga intilgan Hakim ibn Hizomning harakati o'z isbotini topgach ham bag'rikenglik bilan kechirib yuborganlari yoki suyukli amakilari bo'lgan Hamza ibn Abu Tolibni o'ldirgan Vahshiyni bir umr qalblarida qayg'uli xotira sifatida muhrlangan bo'lishiga qaramay, har ikkalasini ham avf qilishlari islomning negizida rahm-shafqat va mehr-muruvvat yotganini ko'rsatadi. Bular shubhasiz, Qur'oni karimdagi “A'rof” surasi 199 oyatida ta'kidlangan “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring! Johillardan yuz o'giring!” ko'rsatmasining amaldagi isbotidir.

Islom dini inson qonini nohaq to'kishni qat'iy harom qilgan. Bunda o'sha insonning qaysi din, irq yoki millatga taalluqli ekanining ahamiyati yo'q. Hatto urush chog'ida ham yosh bola, ayol, keksa hamda ibodatxonalarda ibodat bilan mashg'ul bo'lgan kishilarni, shuningdek uy-joy, imorat va inshoatlarni vayron qilishdan tortib hattoki ekinzor-u daraxtlarni yo'q qilinishi qat'iy ta'qiqlagan. Buning aksi o'laroq, islomiy liboslarga burkangan buzg'unchi terrorchilar esa o'z g'arazli maqsadlari yo'lida Alloh taolo in'om qilgan hayotga tajovuz qilish va barcha vayronkorlik ishlarni amalga oshirmoqdalar. Natijada turli din vakillari, ayollar, keksalar hatto yosh bolalar ham terror qurboniga aylanmoqda.

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam davrida bo'lgan urushlardan birida dushman tomondagi bir ayolning o'ldirilgani U zotning juda ham g'azablantirgan edi. Nabiy alayhissalom: “Men sizlarni ayollarni o'ldirishdan qaytarmaganmidim? Axir bu urushmagandi-ku!”, – deb bu ish sodir bo'lganligidan afsuslangan va uni amalga oshirilishini qoralagan ekanlar. Demak, U zot harbiy holatda ham barcha insoniy va madaniy tamoyillarni mana shunday himoya qilgan.

SHubhasiz, islomda begunoh inson qonini to'kish buzg'unchilikning eng ulkan ko'rinishi hisoblanadi. Terror kabi vahshiyliklarni amalga oshirganlar o'zlarini dinga qattiq e'tiqod qo'ygani haqida so'zda qanchalik lof urmasinlar, qilayotgan ishlari orqali bu da'volari naqadar yolg'on ekani fosh bo'lmoqda. Qur'oni karimada “(Ey, Muhammad!) Siz zinhor zolim kimsalarning qilayotgan ishlaridan Allohni g'ofil, deb hisoblamang!”, deb marhamat qilingan. (Ibrohim, 42).

Bugungi kunda turli doiralar manfaati yo'lida ma'lum bir guruh yoki tuzilmalar g'oyalariga mutaassibona yondoshish oqibatida minglab insonlar qonini to'kayotgan, ta'lim dargohlari ustoz va o'quvchilari bilan birga yondirib, portlatib yuborayotgan, masjidda ibodat uchun to'plangan musulmonlar o'rtasida qo'poruvchilik sodir etayotgan shaxslar eng katta zulm qilayotgan kimsalar bo'lib, nafaqat musulmonchilik, balki insoniy qiyofasini yo'qotganligi bilan tavsiflash o'rinlidir. Ular o'zlarini Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga ergashishini bildirsalarda, qanday qilib shariat qoralagan amallarni bajarmoqda? Vaholanki, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hatto urush holati bo'lgan paytda ham dushman tomonni ogohlantirmay, to'satdan urush yoki bosqinchilik qilmagan, faqatgina urush maydoniga qo'liga qurol olib kirgan kimsalar bilangina jang qilgan edilar-ku?!

Terrorchilik harakatlariga fatvo topib berayotganlarning fikricha, musulmonman deganlarning hammasi kofir bo'lsa, musulmon deb kimni aytish mumkin?! Ularning yo'lidan yurganlarnimi? Usoma ibn Zayd ibn Horisa raziyallohu anhu bir jangda imon kalimasini aytgan odamni o'limdan qo'rqqanidan qutulib qolish uchun aytyapti, degan o'y bilan o'ldirganida Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam juda ham qattiq xafa bo'lib, uning harakatiga qat'iy e'tiroz bildirgan edilar. Sababi, uning gumon bilan qilgan da'vosi mutlaqo asossiz bo'lgan. CHunki, qalbning egasi faqat va faqat Alloh taolo bo'lib, islomda kishilarning aytgan so'zlariga e'tibor qilinishi belgilangan.

Abu Zarr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi-qudsiyda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam nohaq qon to'kib zulm qilgan shaxslar to'g'risida shunday deydilar: “Alloh taolo: “Bandalarim, men o'zim uchun zulmni harom qildim, sizlar o'rtangizda ham uni harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmangiz!”.

Muqaddas dinimizning sof va go'zal ta'limotlarini chuqur va atroflicha o'rganar ekanmiz, u doimo ezgulik, vatanparvarlik, tinchliksevarlik kabi yuksak fazilatlarga chaqiruvchi, ayni paytda adovat, zulm, zo'ravonlik, buzg'unchilik, vatanga xiyonat kabi qabih ishlardan doimo uzoqda bo'lishga buyuruvchi ta'limot sifatida ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi.

Другие новости

KONSTITUTSIYA – MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN DEMOKRATIK YANGILANISHLAR POYDEVORI.
08.12.2023 168
Mustaqil O'zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi ayni milliy qadriyatlarimizni, adolatli fuqarolik jamiyati, demokratik huquqiy davlat qurish, bozor munosabatlariga o'tish yo'llarini belgilab berdi.O'zbekiston Konstitutsiyasi huquqiy tizimimizning tayanch poydevoridir. Uning barcha qonunlarimiz uchun...
Подробнее
Jaholatga qarshi ma’rifat
19.11.2023 283
Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.Diniy bag‘rikenglik va millatlararo...
Подробнее
Bag'rikenglik millat tayanchi
08.11.2023 274
O'zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo'shdi.Hozirgi kunga kelib, respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry