“ALBATTA AMALLAR NIYATGA BOGʻLIQDIR”
Diniy ekstremizm deganda, dinni niqob qilib, zoʻravonlik asosida konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qiladigan, uni oʻzgartirishga urinadigan jinoiy xatti-harakatlar tushuniladi.
Diniy ekstremizm doimo terrorchilik va aqidaparastlik bilan yonma-yon yuradi. Dunyoning ayrim mintaqalarida bir necha yillar davomida xukmronlik qilgan diniy aqidaparastlik, xalqaro terrorchilik va diniy ekstremizmning ildiz otishiga shart-sharoit yaratib bergani bunga yaqqol misol boʻla oladi. Buning oqibatida qancha begunox odamlar qurbon boʻlgani, ularning insoniy xuquqlarini toptalgani, sanoqsiz oilalar boshpanasiz qolgani jahon jamoatchiligining bu illatlarga qarshi birgalikda kurash olib borish zaruriyatini yanada kuchaytirmoqda.
Ekstremistik gʻoyalar birinchi navbatda islomda buyurilgan jihodni sabab qilib koʻrsatishadi. Aslida jihod soʻzi diniy maʼnoda «Alloh xohishini bajarishda bor kuchini sarflash, harakat qilish» maʼnosini bildiradi. Bundan kelib chiqib «mujohid» degani –Allohning hukmlarini amalga oshirishda bor imkoniyatdan foydalanib kuchini sarflaydigan kishiga aytiladi. Qoʻl jihodi-qonunbuzarlikni toʻxtatishga qaratilgan harakat, qalb jihodi-oʻz nafsi bilan kurashish, til jihodi-amri maʼruf nahyi munkar, yaxshilikka chaqirish yomonlikdan qaytarish, Soʻz yoki qalam jihodi diniy targʻibot va maʼrifat tarqatish harakati, dinni turli hujumlardan saqlash va h.k. bu maʼnoda jihod - musulmonning barchaga mumkin boʻlgan va ahdlarga vafo qilgan, oʻzi yashab turgan mamlakatni qonunlariga rioya qilgan holda bajarishi lozim boʻlgan shaxsiy ishi va diniy majburiyati (farz)dir. Bosqinchilik va birovga hujum qilish islomda man qilingan. Tashqaridan hujum, bosqinchilik, qaroqchilik yuz berganda, oʻzini himoya qilish va mudofaa urushi – jihod, qilich jihodi deb aytiladi. Yaʼni oʻzini himoya qilish, «muqaddas urush» butun jamiyatning, xalqning oʻzlarining diniy huquqlarini himoya qilish, oʻz Vatanini himoya qilish, qarindoshlarini, oilasini, mulkini himoya qilish huquqi- shaxsiy huquqdir. Muqaddas kitobimiz Qurʼonda shunday marhamat qilinadi.
«Bas Kim sizlarga tajovuz qilsa sizlar ham ularga tajovuzlari muqobilida tajovuz qiling.» (Baqara surasi 194 oyat).
Musulmonga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri, oshkora agressiya paytida oʻzini, oilasini himoyasi uchun zolimga qarshilik koʻrsatish farz hisoblanadi. Buning uchun maxsus jihod eʼlon qilish va butun dunyoga islom nomidan kurash eʼlon qilish shart emas – oʻzining shaxsiy hayotini saqlash uchun zolimga qarshi kurashning oʻzi Allohning irodasini bajarishdir. Agar himoya qiluvchining niyati xolis boʻlsa u - mujohid, agar halok boʻlsa shahiddir.
Madinaga koʻchib kelganlaridan keyin, Muhammad sav tarixda birinchi musulmon davlatiga asos soldilar. Va faqat ushbu davlatning rasmiy doimiy armiyasi sifatida musulmonlar oʻzlariga qarshi zulm qiluvchi dushmanlar qoʻshiniga qarshi, jang boshladilar. Paygʻambar sav qoʻshinni jangga yuborishayotganda ularni faqat musulmonlarga qarshilik koʻrsatayotgan, qurol ushlagan dushman bilangina jang qilishga ogohlantirar edilar. Tinch aholini, diniy xizmatchilarni oʻldirish man qilingan edi, shuningdek hayvonlarga, ekinlarga va daraxtlarga ziyon yetkazmaslik buyurilar edi.
Shariatga, zabardast Islom ulamolarining fatvolariga muvofiq tarix davomida butun xalq uchun, mamlakat uchun, davlat uchun kuchga ega Qilich jihodini eʼlon qilish huquqiga faqat musulmonlar rahbari yoki musulmonlar yashaydigan davlat rahbari ushbu mamlakatning yuqori darajadagi olimlari bilan maslahatlashgan xolda ega boʻladi.
2001 yil 20 aprel (Nyu-Yorkdagi sentabr voqealaridan oldin) Saudiya Arabistoning bosh muftiysi Abdul-Aziz Ash-Shayx Xudkush terroristlik aktlarini man qiluvchi fatvoni eʼlon qilgan edi. Unda: «Bunday ish Shariat tomonidan oqlanmaydi va Xudo yoʻlida jihod deb hisoblanmaydi» deyilgan. Yana bu fatvoda «Samolyotlarni egallab olish, undagi kishilarni garovga olish - Shariatga ziddir» deb belgilab qoʻyilgan. 2007 yil sentabr oyida mazkur muftiy islom faollarini jihodda qatnashish maqsadida xorijga chiqmaslikka chaqirdi. Uning soʻzlariga qaraganda: jihod boʻlayotgan joyni oʻzicha belgilash man qilinadi, u yerga jangovar harakatlarda qatnashish joʻnab ketish man qilinadi. Ayni mana shuning uchun shariatga zid ravishda jihod, yaʼni yolgʻon jihod eʼlon qilgan oʻzboshimcha firqalar harakati Paygʻambar sav misollarida, Sunniy Islom taʼlimoti bilan hech bir umumiylikka ega emas. Bu ularning gʻayri dinlarga qarshi bosqinlari va islomga qarshi isyonlaridir.
Shunday zkan, jihod qilich yalangʻochlab, qurol koʻtarish emas yoki boshqa odamlarni shu qabih yoʻlga yoʻllash emas, balki qalam egasi qalami bilan , ilm sohibi ilmi bilan, ayol tarbiyasi bilan, farzand itoati va odobi bilan Alloh taoloni buyurganlarini bajarib, qaytariqlaridan qaytishda jiddu jahd qilishdir. Bu borada nafsiga qarshi chiqish esa jihodlarining eng kattasidir.
I. Nurmuhammedova